Toblash. Po‘latning qattiqligi, mustaxkamligi va elastikligini oshirish uchun termik ishlov turi toblash qo‘llaniladi. Bu termik ishlov turida po‘lat buyum faza o‘zgarishlari roy beradigan haroratdan yuqori haroratga qizdiriladi va bu haroratda unig strukturasida faza o‘zgarishlari to‘la sodir bulgunga qadar tutib turiladi va so‘ngra tez sovitiladi.
Austenit SE chizig‘idan yuqori haroratlarda ustivordir (12.11-rasm). Tez sovitilganda austenit parchalanadi. Agar sekin sovitilganda (yumshatishda) perlit hosil bo‘lsa, tez sovitilganda austenit mayda donli ferrit-tsementit aralashmasi ko‘rinishidagi yangi struktura hosil bo‘ladi. Sovitish tezligi qancha katta bo‘lsa, donlar (zarralar) shuncha mayda bo‘lib, uning strukturasi xossalari bo‘yicha perlitdan keskin farq kiladi. Strukturaning hosil bo‘lishi sovitilish tezligiga bog‘liq. Nisbatan sekinroq, masalan havoda sovitilganda austenit sorbit deb ataladigan strukturaga aylanadi. Moyda sovitilganda troostit hosil bo‘ladi. Sorbit 600 dan 500°C gacha bo‘lgan harorat oralig‘ida paydo bo‘ladi. Undagi ferrit-tsementit plastinkalari perlit plastinkalaridan maydaroq. Troostit sovitish jarayonining yanada pastrok haroratlarida (500-200°C) hosil bo‘ladi. Troostitning ferrit-tsementitli plastinkalari sorbitnikidan yanada maydaroq. Troostit sorbitdan qattiqroq. Masalan, qarbitning qattiqligi 250-300 HB bo‘lsa, troostitning 350-450 HB ga teng. Ikkala struktura ham mexanik aralashmadan (ferrit bilan tsementit aralashmasi) iborat. Suvda sovitilganda (eng katta sovitish tezligida) uglerodli po‘latda austenit 250-200°C haroratgacha saqlanadi, so‘ngra birdaniga martensit deb ataladigan yangi strukturaga hosil bo‘ladi. Lekin uglerod miqdori yuqori bo‘lgan po‘latlarda austenit to‘la martensitga aylanmaydi. Po‘lat buyumnig strukturasida qoldiq austenit bo‘ladi.
Bo’shatish. Bo‘shatish termik ishlov berishning yakunlovchi bosqichi bo‘lib, toblangan po‘latni kritik nuqtadan (As1) past haroratgacha qizdirish, shu haroratda ushlab turish xamda sekin yoki tez sovitishdan iborat. Bo‘shatishdan maqsad po‘latdagi kuchlanishni kamaytirish yoki yuqotish, xamda qovushqoqligini oshirib, qattiqligini kamaytirishdan iborat. Bo‘shatish uchun po‘lat 150-600°C haroratgacha qizdiriladi. Qizdirish haroratiga ko‘ra past, o‘rtacha va yuqori haroratda bo‘shatish turlari bo‘ladi.
Past haroratda bo‘shatishda toblangan po‘lat 150-250°C gacha qizdiriladi. Ma’lum vaqt (1-3 soat) ushbu haroratda tutib turilganda, buyum bo‘shatilgan martensit strukturasini oladi. Past haroratda bo‘shatilganda toblashda yuzaga kelgan kuchlanishlar yo‘qotiladi. Agar po‘latda qoldiq austenit anchagina bo‘lsa, past haroratda bo‘shatilgandan so‘ng, qattiqligi 2-3 birlikka ortishi mumkin. Past haroratda bo‘shatish asbobsozlik po‘latlari , yuza qismi toblangandan keyin qo‘llaniladi.
Toblangan po‘latni o‘rtacha haroratda bo‘shatish uchun 350-450°C haroratgacha qizdiriladi. Natijada troostit strukturasi hosil bo‘ladi. Bunday bo‘shatishdan so‘ng, buyumlarning elastikligi yaxshi, qovushqoqligi yetarli darajada bo‘lishi bilan birga qattiqligi (41-46 HRC) va mustahkamligi nisbatan katta bo‘ladi. Shuning uchun prujina va ressorlar o‘rtacha haroratlarda bo‘shatiladi.