Mavzu №1Sharq mutafakkirlarining pedagogik qarashlari-fayllar.org
Mavzu: № 10 Shaxsda madaniy xulqni tarbiyalash vositalari. Reja:
1. Xulq-odob madaniyatning mazmun-mohiyati.
2. Yoshlarda xulq-odob madaniyatini shakllantirish omillari.
4. Ma'naviy jasorat – yoshlar tarbiyasining maqsadi sifatida. Xulq-odob madaniyati avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy omillarga, axloqiy tamoyillar, ideallar va qadriyatlarning shakllanishi sharoitga bog‘liq bo‘ladi. Shu bilan birga, xulq-odob madaniyati — inson faoliyatida axloqiylik talablar qay darajada chuqur va mukammal jamlanganligining, uning o‘z faoliyati va ongida ijtimoiy talablarini qay darajada singdira olganligining, inson faoliyati madaniy me'yorlar qay darajada mujassam etganligi ko‘rsatkichidir.
Xulq-odob madaniyati ikki xil insoniy fazilat va omil – axloq bilan madaniyatning mujassami, ularning amalda namoyon bo‘lishining o‘ziga xos ko‘rsatkichidir.
Bu esa inson farzandini takomilga, komillikka yetkazish yo‘llaridan biri. Uning vositalari ko‘p. Ularning bir qismi an'anaviy tarbiya vositalari bo‘lsa, yana bir qismi zamonaviy vositalardir. Odatda, har ikki turdagi vositalardan foydalaniladi. Chunonchi, maktabgacha bo‘lgan axloqiy tarbiyada ertak va rivoyatlar vositasidagi an'anaviy tarbiya bilan o‘yinchoqlar va o‘yinlar vositasidagi zamonaviy tarbiya muvaffaqiyatli qo‘llaniladi. Bunda bola qizg‘anchiqlik, g‘irromlik qilmaslikka, halol bo‘lishga o‘yinlar yordamida da'vat etiladi.
Buyuk mutafakkilar Voiz Koshifiyning “Insonning qadr-qimmati uning mol-mulki yoki ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki ma'naviy qiyofasi, axloqiy sifatlari bilan o‘lchanadi”, degan ta'kidlari fikrimizga dalil bo‘la oladi. Axloq o‘zining me'yor va qoidalari yordamida inson odobini boshqarib boradi. Jamiyatda axloqning yuksaklik darajasiga axloqiy madaniyat, deb ham ta'rif berishadi. Yuksak axloqiy madaniyatga ega bo‘lgan shaxsdan kim manfaatdor? Ushbu madaniyat darajasiga yetish uchun nimalarga e'tibor berish kerak? degan savollar barcha davrlarda, shuningek, bugungi kunda ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotmagan. Demak, bunday madaniyatli shaxsdan oila, mahalla, jamiyat, davlat manfaatdor. Shu o‘rinda yangi bir savol tug‘iladi: “Xo‘sh, Vatan o‘zi qayerdan boshlanadi?” “Nima uchun vatan manfaatdor?”
Vatan – insonning tug‘ilib o‘sgan go‘sha, oilasi, mahallasi, insonning avlod-ajdodlari tug‘ilib o‘sgan joy. Butun bir xalq, ularning ajdodlari azaldan istiqomat qilib kelgan makon.
Inson o‘zining tug‘ilib o‘sgan go‘shasini sevishi, unga talpinib yashashi, Vatanining rivoji uchun o‘zining beminnat hissasini qo‘shishi lozim.
Oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqarordir. Shuning uchun ham oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilib, bolaning shaxs sifatida shakllanishi, kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishi hamda ma'naviy barkamol inson bo‘lib yetishishida asosiy poydevor hisoblanadi. Xalqimizning tarixiga nazar tashlasak, eng qimmatli an'analar: halollik, rostgo‘ylik, or-nomus, sharm-u hayo, mehr-u oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar eng avvalo oilada shakllangan. Odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, imon-e’tiqodli farzand nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning eng katta boyligidir. Demak bola oilada millatning qiyofasini ko‘radi, shu muhitda uning tabiati, dunyoqarashi va axloqiy qiyofasi shakllanadi. Inson mahallada ulg‘ayar ekan, atrofidagi voqeliklarga dahldorlik tuyg‘usi shakllanadi. Aynan mahalla ahli, jamoatchilikning ta’siri asosida yoshlarda huquq va burchni anglash, vatanparvarlik, axloqiy tarbiya ko‘nikmalari shakllanadi. Insonning axloqiy hayoti uning axloqiy tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Zero, axloqiy tarbiya insonning shaxs bo‘lib yetishuvini ta'minlaydigan uzluksiz jarayonlaridan biri. Unda individ axloqiy qadriyatlarni anglab yetadi, o‘zida axloqiy fazilatlarni barqaror etadi, axloqiy tamoyillar va me'yorlar asosida yashashga o‘rganadi.
Biz oila, mahalla haqida gaplashdik, oilaga va mahallaga “Vatan ichidagi vatandir”, deb ham ta'rif berdik. Inson o‘zligini anglagani, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuyg‘usi ildiz otib, ulg‘aya boradi. Bu ildiz qancha teran bo‘lsa, tug‘ilib o‘sgan yurtga muhabbat ham shu qadar yuksak bo‘ladi. Vatanparvarlik har qanday axloqiy tarbiyaning o‘zagidir.
Vatanparvarlik – insonning o‘z Vataniga muhabbatini, uni asrab-avaylashga bo‘lgan ishtiyoqini anglatuvchi ijtimoiy axloqiy tamoyil. Ushbu tamoyilni fidoyiliksiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Inson muayyan mamlakat va jamiyatdagi qoidalarni, huquqiy me'yorlarni buzmay yashashi mumkin.
Fidoyilik – jamiyat uchun umumiy bo‘lgan oliy maqsad va ideallarni deb o‘zidan kecha oladigan kishilar xatti-harakatlarini ifodalovchi ma'naviy tushunchadir.
Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, dastlabki paytlarda o‘tish davriga xos bo‘lgan fidoyilikka nisbatan xudbinlik tamoyilining kuchaygani ko‘zga tashlangan bo‘lsa, hozirgi vaqtda esa, aksincha, jamiyatimizda fidoyilik tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. “Elim deb, yurtim deb yonib yashash kerak!” degan shior ostida yashayotgan kishilar doirasi tobora kengayib bormoqda. Ana shu ma'naviy jarayon qanchalik tezlashsa, yangi qurilayotgan davlatning shakl-shamoyili shunchalik muayyanlik kasb etadi. Shu bilan birga, fidoyilik – ma'naviy qadriyatlardan biri bo‘lib, Vatan manfaatlari yo‘lida fidoyilik namunalarini ko‘rsatishga xozir bo‘lgan shaxslarga xos fazilat. Vatanga, xalqiga bo‘lgan hurmat, muhabbat, ishonch tuyg‘usi muayyan umumiy manfaatlar, maqsadlar asosida shakllanib, kishilar qalbida chuqur o‘rin egallaydi hamda faoliyatiga ta'sir qilib, ularni mas'uliyatli vazifalarini bajarishga safarbar etadi. Fidoyilik o‘z taqdirini Vatan, millat taqdiri bilan bog‘lagan barcha kishilarga xos fazilatdir. Fidoyilik so‘zda emas, balki amaliy ishlarda namoyon bo‘lgandagina taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylanishi mumkin. Xulq – oila, jamoa, mahalla-ko‘y miqyosida, jamiyat va insoniyat hayotida sezilarli darajada ko‘zga tashlanadi hamda yaxshilik va yomonlik kabi axloqiy tamoyilni o‘zida namoyon etadigan yoqimli insoniy xatti-harakatlarning majmuidir. Kishining fe`li, xarakteri bilan bog‘liq ma`naviy hodisa, fe`lning axloqiylik doirasida namoyon bo‘lishidir. Inson uchun u ko‘pgina muvaffaqiyatlarning garovidir.
Insonning odobini uning xulqi belgilab beradi. Xulq – shaxs hayot tarzining o‘ziga xosligini, uning faoliyatida axloqiy qadriyatlar tamoyillari nechog‘li o‘zlashtirilganligi, odob me'yorlari qay tarzda amaliy ahamiyat kasb etganini yoki, aksincha, odob-axloqqa zid bo‘lgan xislatlar mavjudligini ko‘rsatadi. Demak, xulq shaxs axloqiy faoliyatning o‘lchami, ko‘rsatkichidir. Shaxsning go‘zal axloqiy fazilatlar bilan yo‘g‘rilgan faoliyat tarzi yaxshi xulq namunasi bo‘lib xizmat qilsa, tabiati va faoliyatida axloqiy qadriyatlarga zid amallarning namoyon bo‘lishi yomon xulqqa misol bo‘la oladi. Inson xulqi uning ma'naviy-axloqiy dunyosining o‘ziga xos ko‘zgusidir.
Yaxshi xulqli inson o‘zgalarga muloyimlik, nazokat, shirinsuxanlik, mehribonlik singari ma'naviy qadriyatlarga tayanib munosabatga kirishadi. Xalqimiz ardoqlagan qadriyatlarda qayd etilganidek, “Hech bir ota o‘z farzandiga xulq-odobidan buyukroq meros bera olmaydi”.
Inson faoliyatida odob, xulq me’yorlarining shakllanib borishi natijasida xulq-odob madaniyatiga ega bo‘ladi, chunki u inson kundalik hayotidagi xulq-atvor shakllarining yig‘indisidir. Unda shu xulq-atvorga xos ma’naviy-axloqiy va estetik me'yorlarning ifodasi aks etadi. Ya'ni, xulq-odob madaniyati shaxsda shakllangan ijtimoiy muhim sifatlar, uning jamiyatdagi axloq va estetik madaniyat me'yorlariga asoslangan kundalik xatti-xarakatlarining yig‘indisidir.
Umuman, xulq-odob madaniyati ichki dunyo va tashki qiyofadagi barcha ma’naviy-axloqiy hamda estetik xususiyatlarning birligi sifatida talqin qilinadi. Ba'zan bu xususiyatlarga ega bo‘lish kishining jamiyatdagi o‘rni, mavqeini oshiradigan vosita sifatida qo‘llanishiga guvoh bo‘lamiz. Insonning ichki va tashqi dunyosi bir-biriga uyg‘un bo‘lsagina, uning xulq-atvoridagi madaniyat yaqqol namoyon bo‘ladi. Lekin tashki qiyofasi ichki dunyosiga to‘g‘ri kelmaydigan insonlarni ham uchratish mumkin. Uning zamirida kishilarga nisbatan beparvolik, loqaydlik, begonalik munosabatlari yashiringan bo‘ladi.