mavzu:Internet tarmog‘idagi axborot urushi. Xavfsizlik, bu har kuni biz to`qnashadigan va rioya qiladigan ehtiyot choralari bo`lib, u hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan jihatidir. eshikni qulflaymiz, qimmatbaho narsalarni begona ko`zlardan berkitamiz va hamyonni duch kelgan joyda qoldirmaymiz, sirlarimizni har kimga ham aytavermaymiz, muhim xabarlar yozilgan maktublarni konvertga solib, uni elimlab uzatamiz. Muassasa va tashkilotlarda, hatto kichik muassasalarda ham binosining kirish yo`lida sizni qorovul, yoki kirishni chegaralovchi va nazoratlovchi tizimi qarshi oladi. Ammo, muassasaga tegishli muhim axborotni himoyalash esa hali ko`ngildagidek emas. Axborotni qanday yo`qotish mumkinligini va bu qanday oqibatlarga olib kelishini barcha ham tushunavermaydi. Ayniqsa, hozirgi kunda axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan va barcha axborotlar kompyuterda yaratilayotganligi hamda kompyuter tarmog’i orqali uzatilayotganligi va qabul qilinayotganligi hamda davlatlar ‘Elektron hukumat’ ni tadbiq etayotganligi sababli axborot xavfsizligini ta`minlash yanada murakkablashib bormoqda. Chunki axborotlar xavfsizligini ta`minlashning yangi usullari va vositalari ishlab chiqilsa, o`z navbatida uni buzishning yangi usullari va vositalari ham parallel ravishda ishlab chiqilmoqda. Axborotga nisbatan tahdidlar kun sayin oshib bormoqda.
Odatda insonlardan yoki vositalardan chiqadigan va zarar etkazadigan tahdidlar quyidagi sinflarga bo`linadi: ichki yoki tashqi va tuzilmalangan (ma`lum ob`ektga qarshi) yoki tuzilmalanmagan (‘kimga Xudo beradi’ qabilida adreslanuvchi). Masalan, kompyuter viruslari ‘tashqi tuzilmalanmagan tahdidlar’ sifatida turkumlanadi va tamomila oddiy hisoblanadi. Ko`pchilik foydalanuvchilar o`zlarining kompyuterini muayyan nishon deb hisoblamaydilar va o`zlarini yaxshigina himoyalangandek sezadilar. Ammo, ularga ham hujumlar uyushtirilishini va kerakli axborotlari o`g’irlanishini sezmaydilar. Agar ularda arzigulik axborotlar mavjud bo`lmasa hamda kompyuter tarmog’iga ulanmagan bo`lishsada, ko`pchilik hollarda axborotlari o`chiriladi va dasturiy ta`minotlari ishdan chiqariladi. Sizga uyushtirilayotgan hujum darajasi aksariyat hollarda ishingizning holatiga bog’liq. Agar tashkilotingiz yoki kompaniyangiz qandaydir tazyiq nishoni bo`lsa, agar siz muhim davlat infratuzilmasi tarkibida bo`lsangiz, oddiy terroristlar bombalarini va pistoletlarini chetga qo`yib, turli - tuman dasturiy vositalar yordamida tashkilotingiz kompyuterlariga, shaxsiy kompyuterlaringizga elektron hujumni amalga oshirish masalasini ko`radilar. Shu sababli bu hujumlarni oldini olish hamda muhim axborotlarning xavfsizligini ta`minlash masalalariga jiddiy yondoshishingizga to`g’ri keladi. Savdo - sotiq va marketing bo`yicha xizmat ko`rsatuvchi oddiy tashkilot xususida so`z borsa, faqat mijozlar ro`yxatini o`g’irlovchi xizmatchilaringiz to`g’risida, qalbaki kredit kartochkalari bo`yicha tovar oluvchi firibgarlar, tarmog’ingizga preyskurantlardan foydalanish maqsadida kiruvchi raqiblar, Web-saytingizni ta`magirlik maqsadida buzuvchilar va shunga o`xshashlar to`g’risida qayg’urishingizga to`g’ri keladi. Ammo, vahimaga o`rin yo`q. Birinchi navbatda kundalik ehtiyot choralari ko`rilishi lozim. Axborotga ega bo`lishning eng ommabop usuli oddiy o`g’rilik. Ish stolimizda mo`maygina pulni qoldirib ketmaymiz-ku. Nima uchun muhim axborotlar saqlanayotgan-shaxsiy kompyuter xavfsizligini ta`minlashga ozgina vaqt sarf qilmaymiz? Bu nafaqat apparat vositalariga, balki ma`lumotlarga ham taalluqli. Ma`lumotlarni o`g’irlatish yoki yo`qotish katta, ba`zida, tuzatib bo`lmaydigan zarar keltiradi. Ma`lumki, tizim ma`murlari barcha maxfiy materiallardan foydalanish imkoniga ega va odatda, kompaniya foydasidan o`z ulushlariga ega emaslar. Shu sababli ular tashkilot xavfsizligiga tahdid sola oluvchilar sarasiga kiradilar. Shu sababli xavfsizlik xizmatini ta`minlovchilarga, ayniqsa maslahat berish, rejalashtirish va ma`murlashni tavsiya etuvchilarni jiddiy qarash lozim.
Tamaddun rivojining zamonaviy bosqichida axborot nafaqat jamoat va davlat institutlari faoliyatida, balki har bir inson hayotida hal qiluvchi rolni o`ynaydi. Ko`z oldimizda jamiyatning axborotlashishi shiddat bilan va ko`pincha oldindan bilib bo`lmaydigan tarzda rivojlanmoqda. Biz esa uning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va boshqa oqibatlarini tushunib etishga harakat qilamiz, xolos. Jamiyatimizning axborotlashishi yagona dunyo axborot makonining yaratilishiga olib keladiki, bu makon doirasida axborotni yig’ish, ishlash, saqlash va sub`ektlar - insonlar, tashkilotlar, davlatlar o`rtasida almashish amalga oshiriladi. Ravshanki, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa axborotlarni tezlikda almashish imkoniyati jamiyat hayotining barcha sohalarida va ayniqsa ishlab chiqarishda va boshqarishda yangi texnologiyalarning qo`llanilishi bilan bog’liqdir.