Kishilar o`rtasidagi oddiy muomalada tez-tez ishlatilib turadigan bir so`z yoki iboralar so`z-gaplar vazifasida qo`llanadi: assalomu alaykum, marhamat, hormang, xush kelibsiz, labbay, qulluq, yoqimli ishtaha kabi.
TO`LIQ VA TO`LIQSIZ GAPLAR Gaplar o`z bo`laklarining to`la ifodalangani yoki ifodalanmay qolganiga ko`ra ikki turga bo`linadi: to`liq gaplar va to`liqsiz gaplar.
Biror bo`lagining ifodalanmaganligi sezilmaydigan, fikr ifodasi uchun zarur barcha bo`laklari saqlangan gaplar to`liq gaplar deyiladi: Oqsoqol yalt etib menga qaradi. Samarqandga bugun jo`naymiz. Nutq vaziyatidan ma’lum bo`lgan ayrim bo`laklari tushirilgan gap to`liqsiz gap deyiladi. Masalan: -Yig`in qachon bo`ladi? - Ertalab. To`liqsiz gapda qaysi bo`lakning qo`llanilishi, qaysi bo`lakning tushirilishi faqat nutq sharoitiga ko`ra yuz beradi. To`liqsiz gaplar dialoglarda, so`zlashuv nutqida va badiiy uslubda keng qo`llanadi. To`liqsiz gaplarda quyidagi gap bo`laklari tushib qolishi mumkin:
ega va kesim: -Biz hozir qayerdan o`tamiz? -Ko`prikdan.
to`ldiruvchi: -Karimni ko`rdingmi? -Ko`rdim.
hol: -Darsdan chiqdingmi? Chiqdim.
- To`liqsiz gaplar – ko`pincha dialoglarda qo`llaniladi. Nutq talabi bilan ularda biror bo`lak yoki bo`laklar ifodalanmaydi: Sizning ismingiz nima? – Ra’no. – to`liqsiz gap. Demak to`liqsiz gap nutq jarayonida mazmunan to`lishi mumkin bo`lgan va bo`laklarga ajrala oladigan gapdir.
To`liqsiz gapning yana bir turi qo`shma gap shaklida bo`ladi. Bunda qo`shma gapning bir qismi to`liqsiz gap bo`ladi: Na xat bor, na xabar.Na sen gapirding, na men.Kattaga hurmatda bo`l, kichikka izzatda.