O‘QITUVCHILIK KASBINI TANLASH Biror kasbning haqiqiy ustasi bo‘lish uchun kishida tabiiy qobiliyat, ma’lum jismoniy va ruhiy xislatlar jo bo‘lishi zarur.
Masalan artist bo‘lish uchun tabiiy ovoz, eshitish qobiliyati, bejirim suvrat, jismonan sog‘lom bo‘lish talab etiladi. Rahbarlik vazifasini bajarish uchun tashkilotchilik, odamlar bilan muomalamurosa qila bilish kabi qobiliyatlarga ega bo‘lish kerak. Aks holda kasbi va ishidan boshqalar ham, o‘zi ham qanoat hosil qilmaydi. Kishi kasbini noto‘g‘ri tanlagan bo‘lsa, unga qiziqmasa, o‘zi ham, boshqalar ham undan baraka topmaydi. Pedagogik, o‘qituvchilik faoliyatini, yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash ishini samarali bajarish, ota-onalar va bolalarning izzat-hurmatiga sazovor bo‘lish uchun kishida bu ishda kishiga layoqat, qobiliyat, qiziqish bo‘lmog‘i lozim. Boshqa kasblar kabi o‘qituvchilik kasbiga yoshlar orasidan pedagogik faoliyatga layoqatli, bolalar bilan til topib muomala qila oladigan, ilmli kishilarni tanlab olish kerak. Pedagoglik kasbini tanlagan kishi avvalo sog‘lom bo‘lishi, so‘zlarni to‘g‘ri va yaxshi talaffuz qila olishi, asablari joyida, vazmin bo‘lishi darkor. Shuningdek, bolalarni yoqtirishi, ular bilan ishlashga mayli borligi, boshqalar bilan muloqot qila olishi, xushmuomalaligi, kuzatuvchanligi, keng fikrlay olishi, o‘ziga va boshqalarga nisbatan talabchanligi ham kishining pedagogik ishga yaroqliligini ko‘rsatadi. Bu sifatlar kishida bor-yo‘qligini tibbiyot xodimlari, ruhshunos, pedagoglar og‘zaki va yozma savoljavoblar yordamida aniqlay oladi.
PEDAGOGIK FAOLIYAT Pedagogik faoliyat yosh avlodni hayotga, mehnatga tayyorlash uchun xalq oldida, davlat oldida javob beradigan, bolalarga ta’limtarbiya berishga maxsus tayyorlangan odamlarning mehnat faoliyatidir. Maktab o‘qituvchilarining faoliyati inson shaxsini shakllantirishga qaratilgan. Har bir bola o‘z xulq-atvoriga, xarakteriga ega. Bolalarni tarbiyalashda ularning ana shu o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olish, o‘rganish nihoyatda murakkab. Bunda odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni o‘zida aks ettiruvchi maxsus usullardan foydalaniladi. Pedagogik faoliyatga tayyorgarlik ko‘rayotgan yoshlar uning ana shunday xususiyatlarini bilishlari lozim. O‘qituvchilik ixtisosining bu xususiyatlari uning professiogrammasida ifodalanadi.
Professiogramma quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1) o‘qituvchi shaxsining xususiyatlari;
2) o‘qituvchining ruhiy-pedagogik tayyorgarligiga qo‘yiladigan talablar;
3) maxsus tayyorgarlikning hajmi va mazmuni;
4) ixtisosga oid uslubiy tayyorgarlikning mazmuni.
-O‘qituvchi shaxsining xususiyatlari:
G‘oyaviy sohada:
ilmiy dunyoqarash va e’tiqod;
ijtimoiy ehtiyoj va axloqiy zaruriyatlarni chuqur tushunish; ijtimoiy va grajdanlik burchini anglash;
ijtimoiy-siyosiy faollik.
Pedagoglik kasbi sohasida; bolalarni sevish va ular bilan ishlashga qiziqish, pedagogik ishni sevish; ruhiy pedagogik ziyraklik, pedagogik takt, pedagogik tasavvur; tashkilotchilik qobiliyati; haqqoniylik; dilkashlik; o‘zini tuta bilish; kasbiy layoqatlilik. Keng ilmiy saviya, ma’naviy ehtiyoj va qiziqish, intellektual qiziqish, yangilikni his qila bilish; pedagogik ma’lumotlarni oshirishga intilish esa bilish sohasiga kiradi.