Texnika ekinlari
Sanoatda xom ashyo sifatida ishlatiladigan qishloq xo`jalik ekinlari texnik ekinlar deb ataladi.
Texnik ekinlar sanoatni turli tarmoqlariga: to`qimachilik (tolali ekinlar), yog` sanoatiga (moyli ekinlar), kand sanoatiga (shakar moddasi bor ekinlari), oziq-ovqat sanoatining boshqa ba`zi bir tarmoqdariga (choy, ), tamaki va farmatsevtika sanoati uchun xom ashyo beradi.
Tolali ekinlar, asosan to`qimachilik sanoati uchun xom ashyo beradi va unga paxta, zigir hamda kanop kiradi.
Paxtachilik. Paxta to`qimachilik sanoati uchun asosiy xom ashyo hisoblanadi. Chigit birmuncha yuqori haroratda (15°) unib chiqadi, o`zoq rivojlanadi, shonalaydi, gullaydi va ko`sak tugadi. G`o`za 25—30° haroratda yaxshi rivojlanadi. 17—20° haroratda rivojlanishi susayadi. Shuning uchun u issiqsevar va yorug`sevar o`simlik hisoblanadi. Paxta mo`tadil mintaqaning janubiy qismlarida, tropik ia subtropik mintaqalarning sug`oriladigan yerlarida etishtiriladi. Jahonda yiliga 15—17 mln.t. paxta tolasi yetishtiriladi. Asosiy paxta yetishtiradigan davlatlar quyidagilar: Xitoy, AQSH, Xindiston, O`zbekiston.
Zig`irchilik. Zig`ir pastroq haroratda o`sa boshlaydi, shuning uchun ham erta ekiladi, o`sish (rivojlanish) davri qisqa. Shu hossalari bilan zig`ir qurg`oqchil xududlarda yaxshi moslashgan bo`lib, tuproq qatlamidagi baxorda to`plangan namdan foydalanib, quruqroq mavsum boshlanguncha o`z taraqqiyotini tugallay oladi. Ammo ushbu hossalari uni shimoliy rayonlarda ham keng tarqalishiga imkon beradi. Yoz salqin, yomg`irli va bulutli bo`ladigan rayonlardagina zig`ir yaxshi sifatli tola beradi va hosili yuqori bo`ladi. Bunday rayonlarda zig`irning poyasi uzun va shoxlamaydigan navlari ekiladi. Dasht zonasining yoz quruq va issiq keladigan joylarida esa zig`irning poyasi kalta va sershox navlari ekiladi, bu navlardan asosan moy olinadi.
O`rmon zonasida, ya`ni namgarchilik yuqori bo`lgan shimol va g`arbda zig`ir juda yuqori hosil beradi. Eng shimoldagi rayonlarda zig`irdan yuqori sifatli tola olinadi. Zig`ir asosan qumoq tuproqlarda yaxshi rivojlanadi.
Kanopchilik. Kanop tolasidan arqon, kanop, dag`al gazlama tayyorlanadi. Ushbu o`simlikning geografik tarqalishi juda keng. Zig`ir kabi kanop ham turli iqlim mintaqalarida yetishtiriladi. Kanopning shimoliy va janubiy navlari bor. Shimoliy navlari o`rmon dasht zonasida ko`proq ekiladi. Ushbu joylarda yog`in nisbatan ko`p va kanop o`simligi sevadigan qumoq tuproqlar ko`proq tarqalgan (Masalan, O`rta Rossiya va Volga bo`yi qirlari). Kanopning janubiy navi mo`tadil mintaqaning janubida va subtropik mintaqada keng tarqalgan (O`rta Osiyo va Kavkaz davlatlarida va h.k.)
Kauchuk (kau — daraxt, uchu — oqish; tupi tilida) tanasidan juda ko`p tabiiy kauchuk olinadigan sharbati (lateks) bor daraxtdir (geveya, gvayula va h.k.)- Tabiiy kauchukning asosiy qismi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarida (Malayziya, Indoneziya, Tailand) yetishtiriladi.
Moyli ekinlar. Moyli ekinlarga paxta, zig`ir, kungaboqar, serept gorchisasi, soya, rijik, kunjut, tung va zaytun daraxti, araxis kiradi. Bir qancha ekinlar faqat moy olish uchun ekiladi. Ekinlarning moyi turli maqsadlarda ishlatiladi. Moyli o`ruklarning chiqindisi (kunjarasi) chorva mollari uchun to`yimli oziqa bo`lib hisoblanadi.
Kungaboqar Rossiya va Ukrainada ko`proq ekiladi. Bir oz issiqsevar, qurg`oqchilikka chidamli, yog`ingarchilik kamroq bo`ladigan rayonlarda yetishtirsa bo`ladi. Jahonda kungaboqar yetishtirish bo`yicha Rossiya yetakchi o`rinda.
Soya yetishtirish bo`yicha jaxonda AQSH birinchi o`rinda turadi, asosan moy olish uchun ekiladi. Araxis yetishtirish bo`yicha Xindiston yetakchi bo`lib, asosan moy olish uchun ekiladi, shuning uchun bu davlat araxis moyi ishlab chiqarish bo`yicha ham jahonda yetakchi. Zaytun daraxtidan yog` olish bo`yicha Italiya birinchi o`rinda. Kunjut issiqtalab bo`lib, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlarida ko`proq ekiladi. Ovqatbop yuqori sifatli moy beradi.
Shakar olinadigan o`simliklar. Bunday o`simliklarga shakarqamish va qand lavlagi kiradi. Shakarqamish tropik mintaqada ko`proq yetishtiriladi (Markaziy Amerika, Janubiy Osiyo). Jahonda shakarqamish yetishtirish bo`yicha Braziliya (250 mln t), Xindiston (170 mln t), Kuba (70 mln t), Xitoy (50 mln t) va Meksika (40 mln t) yetakchi o`rinlarda turadi.
Qand lavlagi asosan shimoliy mo`tadil mintaqada yetishtiriladi (Shimoliy Amerika, Yevropa). Qand lavlagi yetishtirish bo`yicha quyidagi davlatlar yetakchi: Ukraina (45 mln t), Rossiya (30 mln t), Frantsiya (30 mln. t), Polsha (26 mln. t), AQSH (23 mln. t).
Tamakichilik mo`tadil mintaqaning janubiy qismi va tropik mintaqalarda rivojlangan (Lotin Amerikasi, Markaziy Osiyo, Janubiy va Janubi-G`arbiy Osiyo davlatlari). Choy subtropik va tropik mintaqalarda yetishtiriladi (Xindiston, Xitoy, Shri-Lanka, Indoneziya va h.k.).
Kartoshka yetishtirish. Kartoshka asosan mo`tadil mintaqada yetishtiriladi (Shimoliy Amerika va yevropa davlatlari). Kartoshka yetishtirish bo`yicha Rossiya, Polsha, Xitoy yetakchi o`rinlarda turadi.
Dostları ilə paylaş: |