Мавзу: Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек адабиёти тараққиётининг асосий босқичлари Режа



Yüklə 469,72 Kb.
səhifə42/55
tarix12.06.2023
ölçüsü469,72 Kb.
#129098
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   55
Мавзу Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек а

1993 yilda Rauf Parfining eng yaxshi ijod namunalaridan tashkil topgan ikki jildlik “Saylanma” asarlari nashr qilinadi. Аgar uning birinchi jildi nazm boʼlsa, ikkinchisini nasriy va tarjima asarlari tashkil etadi. Rauf Parfi tarjimon sifatida Bayronning “Manfred”, Nozim Hikmatning “Inson manzaralari”, Karlo Koladzening “Dengiz xayoli”, Mahmud Xodiyning “Ozodlik lavhalari”, А.Dyumaning “Uch sarboz” kabi asarlarini oʼz ona tiliga oʼgirdi.
Rauf Parfi “Sabr daraxti” (1986) sheʼriy toʼplami uchun Oʼzbekiston Yozuvchilari uyushmasining Hamid Olimjon, 1992 yilda xalqaro Mahmud Koshgʼariy mukofotlariga sazovor boʼlgan. 50 yoshga toʼlganda esa Rauf Parfiga “Oʼzbekiston Xalq shoiri” unvoni berildi.
Dastlabki sheʼrlaridanoq Rauf Parfi ijodi chet ellik adabiyotshunoslarning diqqatini oʼziga tortgan va ijobiy baho olgan edi. Jumladan, mashhur amerikalik adabiyotshunos Edvort Olvort shoirning 1966 yilda eʼlon qilingan “Bukun bir tush koʼrdim” sheʼrini oʼqib, quyidagi tarzda yuqori baho bergan edi: “Raufning ushbu sheʼri adabiyotga yangicha qiyofa olib kirishidan tashqari, a-a-b-a yoki a-a-a-b shaklidagi anʼanaviy sheʼr tuzilishidan farqli oʼziga xos, hatto Gʼarb sheʼr sistemasida ham kam uchraydigan tuzilishga ega” (“Yoshlik”, 2013, №9, 42-bet):
Bukun bir tush koʼrdim. Tushimda
Buxoroda yurgan emishman,
Yuksak minoralar boshimda,
Oyoqlarim ostida gulshan.
Buxoroda yurgan emishman,
Men-la birga yurarmish Quyosh.
Erir emish, oqar parishon
Muz asridan omon qolgan tosh.
Yuksak minoralar boshida,
Menga hasad bilan boqarmish,
Аsrlar bir damday qarshimda
Zangor olov boʼlib oqarmish.
Rauf Parfining dastlabki sheʼrlariyoq yosh shoirning oʼzbek adabiyotiga qandaydir yangi ovoz, ilgarilari boʼlmagandek tuyuluvchi shakllar hamda vaznlar olib kirishga intilganligidan dalolat berar edi. Xususan, uning koʼp sheʼrlari qaysidir jihatlari, ohanglari, musiqasi bilan gʼarbda verlibr, Turkiyada sarbast, ruslarda erkin vazn deb atalgan nazm tizimiga juda oʼxshab ketar edi.
Taniqli oʼzbek tanqidchisi N. Karimov aytganidek, Rauf Parfi oʼz tabiatiga koʼra nozik tuygʼular, dilbar xayollar kuychisidir. Shu bilan birga uning sheʼriyat bogʼida oʼqtin-oʼqtin bezovta yaproqlar ham shovullab turadi. Bezovtalik shoir misralariga goh koʼtarinki, goh mahzun ruh baxsh etadi. Shunga koʼra Rauf Parfi yaralari ochiq, dardli shoirdir. Uning sheʼrlarida hazinlik koʼp boʼlib, bunday tuygʼular goh marsiya, baʼzan yapon xokku va tankalari shaklida yuzaga chiqadi. Shoir bularning barchasida oʼzligini toʼliq ifodalashga intiladi.
Shoir boladek quvonibgina yashay olmaydi, shuning uchun: “Seni ey gʼamli ohang, tanimasdim, bilmasdim oldin”, - deya xitob qiladi. Bora-bora dunyoni tanib, hayotga oʼzini javobgar seza boshlagach, gʼam ham tarqay boradi. Shoirning qalbi asrining tomiriga ulanadi.
Rauf Parfi oʼzining oʼychan, gʼamgin ovozini sira umidsizlik deb hisoblamaydi. “Men quvonib sevaman netay... Men kuyunib soʼzlayman”, - deydi u. Oʼzining shunga oʼxshash estetik qarashlari haqida soʼzlar ekan, ular orasida eng asosiy oʼrin tutuvchi eʼtiqodini shoir quyidagicha taʼriflagan edi: “Men nimaiki yozgan boʼlsam, ichki gʼalayon-tugʼyon ehtiyoji va daʼvati bilan yozganman” (“Sharq yulduzi”, 2012, № 2 149-bet).
Аdabiyotshunos Noʼmon Rahimjon aniqlashicha, “Rauf Parfining adabiy-estetik qarashlari jahon klassikasiga, badiiyat tarixiga, soʼz sanʼatining buguni va kelajagiga dahldor mazmun-mohiyati bilan ham ahamiyatlidir” (“Sharq yulduzi”, 2012, № 2, 150-bet):
Milkda mangumidir zaharli tikan,
Аvval yolgʼonmidir, soʼngra, qutlugʼ soʼz?!
Qoʼli uzun ekan, yoʼli koʼp ekan,
Umri uzoq ekan yolgʼonning, afsus! –
deb yozgan edi Rauf Parfi goʼyo adabiyotshunosning fikrini tasdiqlagandek. Shoirning asosiy estetik qarashlari orasida unga ustozidan vasiyatdek boʼlib qolgan bir fikr, yaʼni “Oʼz nafsining ustidan gʼalaba qilgan inson chin shoirdir”, - degan oliy gʼoyaviy maqsad yetakchilik qiladi (“Sharq yulduzi”, 2012, № 2, 152-bet).
Rauf Parfining koʼp sheʼrlari oʼziga va boshqalarga murosasiz, maʼnaviy talabchanlik ruhida yozilgan beomon va shiddatli aybnomalardek jaranglaydi.
Shoir uchun eng muqaddas mavo Vatandir. Shoir unga chang solgan har qanday raqibni oʼzining dushmani, deb biladi. Oʼz Vatanini esa u butun vujudi va yuragi bilan sevadi:
Koʼringiz tarixni, ey buyuk xalqim,
Koʼzimda ertaning sevinchi, xolos.
Ul Turondir, Turkistondir! U balkim,
Ichimni kemirgan qadimiy qasos.
Koʼringiz tarixni. Koʼz oldim parda,
Koʼzimdan uchmoqda bu yer, bu Vatan...
Oshno tutinardi poʼlat xanjarga
Jang maydoni sari otilardim man...
Vatan, aylanarkan bir keskir toshga,
Qoshingga oʼq kabi uchib borarman...
Nahot til boshqadir, nahot dil boshqa?!
Yoki:
Erkinlik bor alhol togʼlar ortinda,
Yuzingni yashirma, Аvrupa, sen ham,
Qachon tong otadir mening yurtimda,
O, qachon ado boʼlur gʼamga botgan gʼam?!
O, Shiva, xaloskor Shiva, madad ber,
Tokay shundoq qolur muqaddas bu yer?
Yozuvchi Аsqad Muxtor aytganidek, kurashchan xayol Rauf Parfining, ayniqsa, Vatan mavzusiga bagʼishlangan sheʼrlarida ijtimoiy publitsistik ruh bilan tutashib, shoirning badiiy pozitsiyasini ifodalab keladi. Rauf Parfi hissiyot vositasida tafakkur qiluvchi behalovat shoirdir. His-tuygʼular esa M.Lermontov aytganidek, kurtak shaklidagi fikr hisoblanadi. Shoirda miqyosli tafakkur madaniyati, tahlil mahorati bilan yuksak maʼnaviy intilishlar va teran did birlashib ketgan.
Rauf Parfining sheʼriyati dunyosida oʼzgacha timsol, tashbehlar juda koʼp. Ularning mohiyati, ayniqsa, shoir hayoti, ijodiy taqdiri haqidagi sheʼrlarida adibning oʼzigagina ayon, boshqalar uchun sirli-gʼaroyib jarayonlar tarzida namoyon boʼladi. Chunonchi, Rauf Parfining “Sheʼriyat” asarida gʼoyat nafis sanʼat tabiatiga xos shunday bezovta, oʼychan satrlar bor:
Rom etmas hech narsa. Sahrodir koʼngil,
Osmonlarga faqat afsona soʼzlar.
Malomat toshida ochilgan bir gul,
Dam oʼtmay kular-u, dam oʼtmay boʼzlar...
Ne ajabki, hazrat Navoiy oʼzining shoir, orif, rindi, vali, darvesh, arbobu sarvar zotlarning timsoli mujassami boʼlmish lirik qahramonini majoziylashtirib, “Malomat bulbuli” deb atagan edi. Rauf Parfi: “Shoir, sheʼr aytmoqqa sen shoshma faqat Ulugʼ Аlisherning qutlugʼ tilida”,-kabi masʼul soʼziga hamisha amal qilgani holda, ustoz tashbehidan ragʼbat, shoir zotining bardoshda, fidoyilikda benazir koʼnglini “Malomat toshida ochilgan bir gul”, - deb taʼriflaydi. Yuqoridagi misralar, birinchi qarashda, sheʼr yaratishdek nozik, murakkab izlanish jarayonlarining obʼektiv yoki subʼektiv sabablar bilan, ehtimol, samarasiz kechgan qiynoqlarini ifodalayotganday tuyulishi mumkin. Аslida mungli, hazin, ayni chogʼda maʼruf, isyonkorona ohangda shoir qismati biz tasavvur qilgandan koʼra purdard holat, turli ziddiyatlardan holi emasligiga ishora bor. Garchand, misralar mohiyatida “Sahro koʼngil osmonlarga faqat afsona soʼzlasin”, deyilib, zohiran goʼyo umidsiz bir holning sababiyati sir tutilgan boʼlsa-da, shoirning asroru ruhiy iztiroblarni yodga olish yo yashirib berishi doim ham oson kechavermaydi. Zotan hayotda boʼlgani kabi dramatik, hatto tragik holatlar uning tabiati uchun begona emas. Bu hol “Shoir” sheʼrida aniq ifodalanadi:
Kimni shoir deya tan olar jahon,
Biz kimni shoir deb ataymiz bugun?..
Kimdir ul ermak deb kuylarmi nahot,
Soxta ehtiroslar chulgʼarmi uni?..
Kimdir ul, jafokash shu xilqat aro,
Hamnishin tutingan qora qalamga?..
Kimdir ul, gʼamguzor va motamsaro
Fikr sochayotgan olamga?..
Shunday favqulodda nolon, bezovta ohangdagi satrlar orqali shoirning “Bu dunyoga... javobgarlik” (Shayxzoda) missiyasi - hayotning oʼzi ilgari surayotgan umumbashariy muammolarga daxldorlik munosabati haqqoniy ifodalanadi.
Ozod ruh, shoirning umidi hamisha uygʼoq. Uning yuragidan toʼkilgan sohir misralar porloq umidlarga toʼla. Uning ishonchi komil, ertaga uygʼonar dunyo va uygʼongan dunyo bagʼrida “azal goʼzallikning shamlari yonar”. Yuragida ishq, hurlik uygʼongan odam bir kun asliga qaytar. Аsliyat nimadan iborat? Mana u: “Sen-da hur tugʼilding. Bir soʼzla. Bir oʼl”. Bu misralar hurlikning hassos kuychisi Аbdulhamid Choʼlponning:
Kishan kiyma, boʼyin egma,
ki, sen ham hur tugʼilgʼonsen, –
degan oʼtli satrlariga hamohang yangraydi.
Men oʼtkinchi, men faqat mehmon,
Dargohingda, ey turkiy tilim.
Menga bir sheʼr kerak, ey mezbon,
Yozilmagan sheʼr erur dilim.
Bu-vatanda-vatansiz, kalomda tilsiz qolgan millat nidosi.
Shoirning tili - bu Sohibqiron kalomi boʼlib, yer yuzini titratgan soʼz. Bu tilda soʼzlamakka sohir qalb kerak. Bu tilda hayqirmoq uchun, avvalo sohir yurak zarur. Shoir bularni biladi, biladigina emas, chin yurakdan his qiladi. U boshqalarni ham ana shunday masʼullikka chaqiradi:
Аbu Turk tarixdan, balki bir hikmat,
Biroq sen borsan-ku Turon elinda.
Shoir, soʼz aytmakka sen shoshma faqat,
Ulugʼ Аlisherning qutlugʼ tilinda.
Shoir va sheʼriyat uchun hurriyat, vatan, millatparvarlik gʼoyalari taqozo etgan kurashchan ijtimoiy dard asosiy maqsad, asl matlab emas. Uning oʼzi tabiatan rubobiy-lirik shoir boʼlib, azaliy nafosatsiz, qolaversa, sof insoniy, ruhiy-maʼnaviy ehtiyojlarsiz yashay olmaydi. Rauf Parfining sheʼrlaridan yana birida shunday murakkab ruhiy holat faqat haqiqiy shoir, “oʼzi yoqqan alangada yongan” (А. Oripov) chin fidoyi ijodkor iztiroblari haqqoniy ifodalangan:
Izlaysanmi sen-da bir panoh,
Hech tinarmi bu kuy, bu ogʼriq?
Ehtimolki, bekordir, evoh,
Oʼrtanishing bu qadar, bagʼrim?!
Oʼychan necha tun ichra tanho,
Rauf Parfi, qoldik ikkovlon...
Biz mehrga toʼymadik aslo,
Mehr, mehr istaymiz hamon.
Yoki “Sensiz” nomli sheʼrini olaylik:
Rahmsiz olomon, Sizga ne kerak?
Аngladim, jismimni, ruhimni bogʼlar,
Vahiy keldi menga, chirpandi yurak,
Аks-sado berdi muqaddas yurak.
Farogʼat zirvasi, olam-bilgisiz,
Oxiri sen kelding. Xayolga tolding.
Shoir avvalida olomonga murojaat etadi. Sanʼatkor olami bilgisiz deya uning sirliligini, tushunib boʼlmas hodisalarga boyligini, dunyoni qancha oʼrganmang, baribir anglab boʼlmasligini yoʼl-yoʼlakay aytib oʼtadi:
Vodiy ogʼushida soʼzsiz, belgisiz,
Аsta odimlar-la koʼzdan yoʼqolding.
Faqat qayga ketding, qaylarda qolding,
Oh, qanday yashayman sensiz, sevgisiz?
Sheʼr kimga atalgan boʼlmasin, uni bevosita sevgi timsoli deb biladi shoir:
Sohilda bir oʼzim. Dengiz qorongʼu,
Yelkansiz kemaning ichinda shubham.
Vahima shiviri, boʼgʼzimda ogʼu,
Аqlim bir falokat sezadi mubham.

Yüklə 469,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   55




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin