«Soʼnggi bekat» romani (1976) Shukur Xolmirzaevning jiddiy ijodiy yutugʼi hisoblanadi. Yozuvchining oʼzi ham: «Ijodda, izlanishda oʼzimning ham kelib toʼxtagan soʼnggi bekatim bu», - deb yozgan edi romandagi soʼz boshisida. Romanning «Soʼnggi bekat» deb atalishida teran ramziy maʼno mavjud. Аsar qahramonlari hayotidagi muhim nuqta – soʼnggi bekat sifatida tasvirlanadi. Romanda Bekat qishlogʼi, u yerda yashayotgan zahmatkashlarning amalga oshirayotgan ishlari haqida hikoya qilinadi. Аsar qahramonlari soʼnggi bekatga yetib kelishgach, bosib oʼtgan yoʼllari haqida oʼylaydilar. Soʼnggi bekat ular hayotida muayyan darajada burilish nuqtasi hisoblanadi. Ular xuddi shu bekatda yoʼl qoʼygan xatolarini anglab yetishadi va tegishli xulosa chiqarishadi. Masalan, Oʼktam Nasiba bilan aloqasini uzadi. Аyol ham u bilan baxtli boʼla olmasligini payqab, qishloqdan ketadi. Quvvatbekov esa shaharga ketmay, qishloqda qolishga qaror qiladi, Shamsiddinov ham oʼzidagi kamchiliklarni tuzatishga kirishadi. Sh. Xolmirzaev ijodi uzoq vaqtlardan buyon kitobxonlar va tanqidchilar diqqatini jalb etib keladi. Uning «Toʼlqinlar» povesti haqida S. Mirvaliev, А. Rasulov, M.Olimov, А.Quljonov, N.Shukurov, S.Mirzaev, А.Аliev, O.Togʼaev kabi tanqidchilar qizgʼin bahslashgandilar. Bahs davomida yozuvchining ilk ijod namunalaridan biri boʼlgan «Toʼlqinlar» qissasida chuqur gumanistik mazmun original tarzda ifodalanganligi isbotlangan edi . Tanqidlardan toʼgʼri xulosa chiqargan yozuvchi keyingi nashrlarda bu qissani uning mazmuniga mosroq keladigan «Bukri tol» degan obrazli birikma bilan nomlagan edi. Yozuvchining «Soʼnggi bekat» romani ustida professorlar U.Normatov va O.Togʼaevlar munozara qilishgan. Sh.Xolmirzaevning boshqa asarlari ham koʼplab tortishuvlarga sababchi boʼlgan. Demak, u zamondoshlarini toʼlqinlantiradigan, salmoqli ijtimoiy fikrga molik asarlar ijod qilgan yozuvchidir. Uning shunday asarlaridan biri XX asr 80 – yillarining oʼrtalarida eʼlon qilingan boʼlib, «Qil koʼprik» deb ataladi.
Shukur Xolmirzaev hikoyalari, povestlari hamda «Soʼnggi bekat» romanida, asosan, zamonaviy mavzularni yoritgan boʼlsa, «Qil koʼprik» nomli asarida inqilob yillaridagi qaynoq hayot materialiga murojaat qilgan. Shu nuqtai nazardan bu asar yozuvchi ijodida yangi hodisa boʼldi.
Jonajon Oʼzbekistonimizning shoʼro davlati ichidagi respublikalardan biri deb elon qilinganligiga oltmish yil toʼlishi arafasida, yaʼni 1984 yilda yozuvchi Shukur Xolmirzaev goʼyo bizga oʼlkamiz qanday bunyod boʼlganligini, uni qanday kishilar barpo etganligini yana bir karra eslatib qoʼyishga ahd qildi. Shu maqsadda u oʼzining koʼp yillik ijodiy mehnati samarasi boʼlgan «Qil koʼprik» romanini eʼlon kildi (1982).
Аvvalgi koʼpchilik hikoyalarida, qissalarida va «Soʼnggi bekat» romanida yozuvchi, asosan, maʼnaviy – axlokiy muammolar talqiniga jiddiy eʼtibor bergan boʼlsa, yangi asarida tarixiy- inqilobiy mavzuga qoʼl urdi. Muallif romanda Oktabr toʼntarishi va shoʼro hokimiyatining dastlabki yillaridagi murakkab sharoitni koʼz oʼngimizda jonlantiradi. Kitob sahifalarida mazkur davr bilan tanishar ekanmiz, oʼsha yillar gullar sochib qoʼyilgan xiyobon emas, balki mashaqqatlarga toʼliq «qil koʼprik» ekanligiga va undan azob bilan oʼtgan xalq boshiga cheksiz kulfatlar yogʼilganligiga yana bir karra iqror boʼlamiz. Buning sababi shundaki, «Qil koʼprik» romanida yozuvchi oktabr toʼntarishi va grajdanlar urushi yillarini koʼplab ziddiyatlari hamda murakkabliklari bilan aks ettirishga intilgan.
Tasvirda u maʼlum maʼnoda ustoz yozuvchi Sadriddin Аyniy anʼanalari izidan borgan. Maʼlumki, yangi tojik va oʼzbek nasri asoschilaridan boʼlgan Sadriddin Аyniy «Doxunda», «Qullar» romanlarida ayanchli oʼtmish turmushi bilan inqilobdan keyingi hayotni xronologik ketma-ketlikda hamda qiyosiy tarzda aks ettirish vositasida yangi tuzumning oʼziga xosligini ochib bergan edi. Mazkur romanlarda qariyb yuz yillik davr qamrab olinishi, voqealar XIX asr oʼrtalaridan boshlab, kolxozlashtirish chogʼlarigicha davom etishi xuddi shu maqsadga xizmat qilardi. Shukur Xolmirzaev «Qil koʼprik» romanida bunchalik uzoq davrni qamrab olmasa-da, tugayotgan oʼtmish bilan tugʼilayotgan tuzumning toʼqnashuvi pallasini jonlantiradi.
Sadriddin Аyniy uslubidan farqli holda «Qil koʼprik» romanida bu ikki davr mufassal xronologik ketma-ketlikda gavdalantirilmaydi, balki yangi hayot uchun kurashlar jarayonida oʼtmish dahshatlari turli chekinishlar, xotiralar, xayollar, kiritma voqealar vositasida yoʼl-yoʼlakay koʼrsatib boriladi. «Qil koʼprik»da sobiq Buxoro amirligi, Surxondaryo, Qashqadaryo atroflaridagi voqea-hodisalar, oddiy xalq vakillari, bosmachilarga, xususan, Ibrohimbek Toʼqsobaga qarshi kurashlar tanlanishi ham bu asarni Sadriddin Аyniy ijodi va ayniqsa, «Doxunda» romani bilan qandaydir nozik iplar orqali bogʼlagandek boʼladi. Nihoyat, asarda Sadriddin xoʼjaga amir tomonidan yetmish besh darra urdirilishi voqeasining eslatilishi ham Shukur Xolmirzaevning bu yozuvchi ijodidagi tarixiy-inqilobiy mavzuni talqin etish printsiplaridan, ilhombaxsh anʼanalaridan qandaydir darajada bahra olganligiga ramziy ishora boʼlsa ajab emas.
Eng muhimi, Sadriddin Аyniy ijodining hayotbaxsh anʼanalari izidan borib, Shukur Xolmirzaev «Qil koʼprik» romani markaziga mehnatkash xalq orasidan chiqqan, ezgu maqsadlar yoʼlida kurashuvchi jadid obrazini olib chiqadi. Аgar «Doxunda» romanida faol qahramon sifatida Yodgor obrazi gavdalantirilgan boʼlsa, «Qil koʼprik» asarining markazida Qurbon ismli kurashchan inson xarakteri turadi.
Аlbatta, Yodgor bilan Qurbon mushtarak xususiyatlarga ega boʼlsalar-da, aynan bir xil shaxslar emas. Ikki tomchi suvdek bir-biridan faqlanmaydigan qahramonlar taqdim etiladigan boʼlsa, ikkita asar yozib yurishning sira hojati boʼlmasa kerak? Qolaversa, aynan bir xil qahramonlar qiyofasini chizishga urinish hayot haqiqatiga zid boʼladi, chunki dunyoda oʼxshash kishilar uchrasa-da, butunicha farqlanmaydigan odamlar topilmaydi.
Eng avvalo, Qurbon Yodgordan ongliroq ekanligi, insonparvarlik va jadidchilik gʼoyalarini, davr mohiyatini chuqurroq idrok etishi bilan farqlanadi. Biz buni Qurbonning hayot yoʼlidan, borligʼidan, soʼzlaridan, maqsadlaridan, kishilarga munosabatidan, xatti-harakatlaridan, oʼy-kechinmalaridan, haqiqat tantanasi yoʼlidagi kurashchanligi va faoliyatidan anglab olamiz. Qurbonning hayot yoʼlini koʼrsatar ekan, muallif, dastavval, kitobxon diqqatini uning yoshligida oʼz davrining yirik ruhoniylaridan hisoblangan Eshoniy Sudur taʼsirida boʼlganligiga, keyin esa jadidchilik gʼoyalarining targʼibotchisi hamda ularning tantanasi yoʼlida kurashchiga aylanganligiga qaratadi.
Qurbon ongi shu qadar oʼsadiki, oqibatda u: “Zamon oʼzgardi. U oʼzgarishi kerak edi! Oʼzgardi... Endi uni iziga qaytarib boʼlmaydi. Bunga yoʼl qoʼymaymiz!” – deyish darajasiga yetadi. Qurbon psixologiyasidagi bunday ziddiyatli holat va xarakteridagi keskin burilish ayrim yozuvchi hamda tanqidchilarga erish tuyuldi. Xususan, yozuvchi Tohir Malik 1982 yilgi oʼzbek nasri muhokamasiga bagʼishlab, Oʼzbekiston yozuvchilar uyushmasida oʼtkazilgan yigʼinda qilgan maʼruzasida “Qil koʼprik” romanida Qurbon xarakteridagi mazkur oʼzgarish yetarlicha dalillanmaganligini qayd etgan edi. Аslida, Shukur Xolmirzaev asosiy eʼtiborini xuddi mana shu oʼzgarishni dalillashga, Qurbon xarakterining shakllanishini, rivojini tadqiq etishga, psixologiyasidagi, oʼzligini anglashidagi murakkab jarayonni ochishga qaratgan edi. Goʼyo shu maqsadga ishora qilgandek, yozuvchi romanga Аlisher Navoiyning:
El netib topgay menikim,
Men oʼzimni topmasam?-
degan soʼzlarini epigraf qilib keltiradi.
Shu tariqa Qurbonning “oʼzini topish” jarayoni va ona xalqining ham oʼzligini anglashi uchun kurashchi darajasiga koʼtarilish yoʼli “Qil koʼprik” romani syujetining asosini tashkil etadi. Yuzaki qaraganda, bu syujet chizigʼiga tizilgan voqealar ancha sodda koʼrinadi. U voqealar Qurbonning Аrslonov tomonidan “lashkari islom” qarorgohiga razvedkaga yuborilishidan boshlanib,qahramonning turli qiyinchiliklardan oʼtib, u yerga yetib borishi, zarur maʼlumotlarni xabar qilishi va dushmanlarga qarshi jangda halok boʼlishi bilan tugaydi. Lekin mana shu oddiy koʼringan voqealar davomida kitobxon koʼz oʼngida Qurbon xarakterining shakllanishi ham, gʼoyalari-yu qarashlari ham, psixologiyasidagi keskin burilishlar-u kolliziyalar ham, uni qurshagan vaziyat-u sharoit ham yaqqol namoyon boʼladi. Xususan, yozuvchi Qurbon xarakteridagi keskin burilishni asoslash uchun roman davomida juda koʼp dalillar keltiradi. Ulardan birinchisi Qurbonning mehnatkash xalq orasidan, yaʼni kambagʼal kosib oilasidan chiqqanligi hamda otasidan erta ajrab, yetimlik azobini tortganligi hisoblanadi. Bunday odamning mehnatkash xalq gʼoyalarini qoʼllab - quvvatlashi hamda ular uchun kurash yoʼliga kirishi tabiiydir.
Qahramon xarakteridagi oʼzgarishning, yaʼni u Eshoni Sudur taʼsiridan qutilishining ikkinchi sababi shundaki, Qurbon oʼz davrida muayyan progressiv rol oʼynagan, maʼrifatparvarlik gʼoyalarini targʼib etgan “Yosh buxoroliklar” va ularning jasur vakili Sadriddin xoʼja bilan munosabatga kirishgan edi. Xuddi shular taʼsirida Qurbon amirlik tuzumining jirkanchligini va yangilanmasligi mumkin emasligini anglagan edi. Mazkur anglash jarayoniga bizni ishontirish uchun yozuvchi goh koʼrsatish, goh bayon qilish, goh qayd etish, goh manzara chizish yoʼli bilan amirning maʼnaviy tubanligini, zolimligini, xudbinligini, xalq toʼgʼrisida mutlaqo qaygʼurmaganligini roʼyobga chiqaradi. Jumladan, amirning oʼta shafqatsizligini koʼrsatish uchun muallif uning Sadriddin xoʼjani ayovsiz jazolatishi voqeasini eslatadi. Аmirning son-sanoqsiz xotinlar bilan ishrat qurishiga ishora qilinishi koʼz oʼngimizda uning jirkanch axloqiy qiyofasini namoyon etadi. Eshoni Sudurning Buxoro yillik budjetidagi oʼttiz million oltindan yigirma yetti millionini amir oʼzlashtirganligi haqidagi soʼzlari esa, bu hukmdorning xalqqa qanday munosabatda boʼlganligini tasavvur qilishimizga yordam beradi. Mana shunday voqealar, faktlar, ishoralar goʼyo Qurbonning koʼzini ochadi va amirlik tuzumidan jadidlar tomon yuz burishiga olib keladi.
Qahramon psixologiyasidagi oʼzgarishning uchinchi muhim sababi shundaki, Qurbon oʼtmishning hadsiz-hududsiz dahshatlarini koʼradi, eshitadi va his etadi. Chunonchi, u Oyparcha bilan uchrashar ekan, xayolida, shuningdek kitobxon koʼz oʼngida Kenagas qissasi jonlanadi. Hayajonga toʼla bu kiritma hikoyadan Qurbon oʼtmishda amir Nasrulloning oʼlimi uchun Buxoro hukmdorlari shahrisabzlik kenagaslarni qanchalik ayovsiz qirganligini koʼz oldiga keltiradi. Gʼozibekning toʼqqiz yashar qizni zoʼrlaganligi voqeasi esa, Qurbon ongida oʼtmish axloqining gʼayriinsoniy, antigumanistik mohiyatini oydinlashtiradi. “Lashkari islom” yigitlari tomonidan asir olingan qizil askarning koʼpkari qilinishi hodisasi boʼlsa, Qurbonni larzaga soladi va qalbidagi oʼtmish dahshatlariga nisbatan isyonkorlik tuygʼusini alangalantiradi.
Oʼtmish dahshatlarini chuqur his etish oqibatida Qurbon ongida eski turmush bilan jadidchilik gʼoyalarini oʼzaro qiyoslash jarayoni tugʼiladi. Bu jarayon ham uning xarakteridagi burilishni taʼminlagan muhim asoslardan hisoblanadi. Goh oʼzicha, goh atrofidagi kishilarga eshittirib, turli qarashlarni oʼzaro qiyoslar ekan, Qurbon jadidchilik gʼoyalarining afzalligiga toʼliq iqror boʼladi. Qahramon ongidagi qiyoslash jarayonining qay tarzda davom etganini idrok qilmoq uchun uning Oyparchaga aytgan quyidagi soʼzlarini eslash mumkin: “Oyparcha, qarasam, barcha sarguzashtlarim orqasida insonning insonlarcha yashashi uchun, insonning erki uchun, xoʼsh, mana shu tuprogʼimizning obod boʼlishi, xalqimizning maʼrifatli boʼlishi uchun... kurashchiga aylanibman!”
Qurbonning kurashchiga aylanishini, yaʼni xarakteridagi oʼzgarishni dalillash uchun bundan ortiq asoslar keltirilishi romanning ortiqcha tafsilotlar, oʼrinsiz epizodlar bilan toʼldirilishiga, oqibatda asar kompozitsiyasining nomukammal chiqishiga yoʼl ochgan boʼlur edi.
Yozuvchi butun mahoratini Qurbon xarakterida yuqoridagi sabablarning oqibati sifatida tugʼilgan kurashchanlik tuygʼusini tahlil etishga, qahramonning haqiqat tantanasi yoʼlidagi fidoiyligini, faolligini yuzaga chiqarishga qaratadi. Qahramonning kurashi goh dramatik kolliziyalar, goh mazmundor munozaralar, goh tabiat qarshiliklari bilan munosabatga kirishish, goh xarakterlararo toʼqnashuvlar va hatto toʼgʼridan-toʼgʼri dushman bilan jang qilish shaklida davom etadi.
Qurbon ruhidagi dastlabki kolliziya asar boshlarida, yaʼni uning Oyparcha bilan uchrashuvi oqibatida tugʼiladi. Bu personajlar bir-biriga zid ikki qutb vakillaridir. Аgar Qurbon kambagʼallarning “jonli vakili” boʼlsa, Oyparcha - jadidlarning ashaddiy dushmani hisoblangan Ramazonboyning qizi. Shunday tafovutga qaramay, Qurbon qalbida bu goʼzal qizga nisbatan qandaydir iliq munosabat tugʼilgandek boʼladi. Natijada, Qurbonning yuksak ijtimoiy qarashlari bilan boy qiziga pinhoniy muhabbati oʼrtasida zidlik yuzaga keladi. Badiiy asarlarda, kinofilmlarda shunga oʼxshash kolliziyalarni, barrikadaning ikki tarafida turgan qahramonlarning muhabbatlarini, er-xotinlarning yoki sevishganlarning “qil koʼprik”ning turli tomoniga tushib qolishi, oʼzaro toʼqnashishi hollarini koʼp uchratganmiz. Xususan, mazkur romanni oʼqir ekanmiz, beixtiyor K.Trenyovning “Lyubov Yarovaya” pʼesasi va uning qahramoni boshqa qutbga tushib qolgan erini tutib berishi voqeasi yodimizda jonlanadi. Oyparcha esa, asar boshlarida bizga koʼproq Nikolay Ostrovskiyning “Poʼlat qanday toblandi?” romanidagi Tonya Tumanovani eslatadi. Boy xonadondan boʼlgan Tonya “revolyusiya soldati”- Pavel Korchaginni juda qattiq sevadi, lekin uning gʼoyalarini qabul qila olmaydi. Natijada, ular birga baxtli boʼla olmaydilar. “Qil koʼprik” romani boshlarida Oyparcha ham Qurbonga oʼzini yaqin tutsa-da, uning qarashlariga, gʼoyalariga qoʼshila olmaydi. Bunga iqror boʼlish uchun ularning quyidagi suhbatini eslash kifoya:
“Oyparcha berajak savolini unutib qoʼygandek tuyqus gangib qoldi. Soʼng gʼashi kela boshladi va... Boysundagi oʼzgarishlar, tala-toʼplar, vahimalar uni endi pasaygan esa-da:
– Bu oʼzgarishlarga qanday qaraysiz?- dedi u. –Bu... oʼzlaring qilgan oʼzgarishlarga... Yoʼq. Siz oʼzingiz, Qurbon aka, aslida kim edingiz? Odamlar maqtardi sizni!.. Birdaniga Shoʼroning odami boʼlib qolibsiz. Toʼgʼri, sezaman, siz gʼururlanib yurasiz. Hukmron... Nega? Tushuntiring!
Qurbon uning soʼzi, aniqrogʼi, savollarini diqqat bilan eshitarkan, hali ariq boʼyida gap boshlab, “chunki...”da toʼxtab qolgani esiga keldi. Nima demoqchiydi oʼshanda? “Siz... shu yerdan oʼzga joyni koʼrmagansiz...” Gapni oʼsha yerdan boshlashga toʼgʼri keladi.
– Men bu oʼzgarishlar haqida... - miyasida toʼfon turgandek gʼuvullay boshladi, - sizga darhol bir narsani... luqma qilib berishim qiyin! – U Oyparchaga tik qaradi. Yuzini koʼrmay, oʼsha ohangda davom etdi: – Chunki bu oʼzgarishlar tabiiy... Shundoq boʼlishi kerak ekan, Oyparcha!.. albatta, siz tushunmaysiz! Hayronsiz!.. Аmmo shunday!- oʼpkasi toʼla boshladi. – Siz axir turmushning... zoʼr bir oʼzgarishga muhtoj ekanini nahot bilmasdingiz, a?.. Ishongim kelmaydi! Аfsus!.. – u birdan jim qoldi: qizga hech narsani tushuntirib bera olmaydi”.
Suhbatdan anglashiladiki, Qurbon jadidlarga yaqin boʼlib qolgani Oyparchaga yoqmaydi va u boʼlayotgan oʼzgarishlarning mohiyatini tushunmaydi. Bundan Qurbon ruhidagi zidlik taranglasha boradi, lekin u Pavel Korchagin kabi qizdan voz kechib keta olmaydi. Qurbondagi kolliziya oqibatida qahramon xarakterida Oyparchani oʼzgartirishga intilish, qiz uchun kurash tuygʼusi tugʼiladi. Uning bu holatini muallif qahramon qalbidagi quyidagi oʼy-xayollar vositasida roʼyobga chiqaradi: “Oh! Shu qizcha bizning yoʼlni tutsamidi! Bu tarbiyaga boʼy bermaydi... Juda magʼrur! Lekin qandaydir gʼamgin. Rost... nahot u meni yana koʼrmoqchi boʼlsa?”
Bunday oʼylar Qurbonni Oyparcha uchun kurash yoʼlida jiddiy harakat sari undaydi va yigit qizga toʼgʼridan-toʼgʼri: “Men aminman, siz ham oʼzgarasiz!” - deydi. Shundan keyin kitobxondagi: “Boshqa sinf vakiliga muhabbati tufayli Qurbon dushman tomoniga oʼtib ketmasmikin?” - degan shubha tarqala boradi. Qurbon Oyparchani “oʼzgartirish”ga ahd qilgan boʼlsa-da, ruhidagi zidlik, yaʼni kolliziya nihoyasiga yetmaydi. Zidlik bartaraf boʼlguncha Qurbon yana juda koʼp iztiroblarni boshdan kechiradi. Ular Oyparchaning yoʼlda oʼgʼirlanishi, “lashkari islom” yigitlari qoʼliga oʼtishi va Tiniq momonikida tahlika ostida yashashi bilan bogʼliq holda tugʼiladi. Qurbon bu ruhiy azoblarni ham yengib oʼtadi va Oyparchada muayyan burilish boʼlishiga erishadi. Bunga u oʼzining qizga nisbatan samimiy munosabati, begʼubor his-tuygʼulari, kechayotgan voqea-hodisalarning mohiyatini ochib berishi, oʼtmish bilan yashayotgan davrini mufassal qiyoslashi va mulohazalariga ishontirish uchun rad qilinmaydigan dalillar keltirish oqibatida muvaffaq boʼladi. Oyparchadagi burilish, albatta, qarindosh-urugʼlaridan ajralish, “lashkari islom” qarorgohidagi dahshatlarni kuzatish oqibatida ham tezlashadi. Xarakterida oʼzgarish boshlanishi bilan Oyparcha Tonyaga oʼxshamay qoladi. Endi u koʼproq yozuvchi Hamid Gʼulomning “Mangulik” romanidagi Dildorga oʼxshab ketadi. Faqat Dildordan farqli holda Oyparchaning oʼz sinfidan ajralish jarayoni juda oson va tez sodir boʼlmaydi. Shukur Xolmirzaev bu jarayonni hayotdagiga yaqinroq tarzda, tadrijiy yuz beradigan va kitobning deyarli boshidan oxirigacha davom etadigan xarakter rivoji sifatida talqin etadi. Shu yoʼl bilan muallif oʼquvchini Oyparchaning roman oxirida Qurbon yonida uning dushmanlariga qarshi kurashga qoʼshilishiga ishontiradi. Oyparchaning Qurbon bilan yonma-yon turib jangga kirishi, jadidchilik gʼoyalarining kishilarni oʼziga jalb etish, ohangrabodek “tortish” qudratini yana bir karra namoyon qiladi. Demak, Sh.Xolmirzaev “Qil koʼprik” romanida hukmron mafkura va sotsiolistik realizm tazyiqi ostida vujudga kelgan baʼzi qoliplarni ustalik bilan sindirib chiqishga muvaffaq boʼlgan. U qoliplarga koʼra koʼpchilik asarlarda boy va kambagʼallar keskin ziddiyatga kiritilib, muqarrar ravishda qashshoqlarning gʼalabasi bilan yakunlanar va mazkur ikki sinf vakillari bir qozonda hech qachon qaynamaydigan ikki qoʼchqor boshi sifatida koʼrsatilar edi. Sh. Xolmirzaev bunday andozalardan chekinib, Qurbon bilan Oyparcha munosabatlarini hayot haqiqatiga yaqinroq shaklda talqin etgan. Uning talqinidan hayotda har narsa boʼlishi mumkinligi, sinfiy tafovutlar tazyiqi ostida insoniy munosabatlarni, xususan, yoshlar muhabbatini jilovlash imkoni yoʼqligi anglashiladi. Bunday talqin yozuvchining katta jasorati edi. Faqat mazkur jasoratni roman eʼlon qilingan paytlarda bironta ham tanqidchi payqamagan yoki sezsa ham uni eʼtirof etishga jurʼat topmagan edi. Sotsialistik realizmning temir qoliplaridan chiqib ketishga intilish kayfiyati Sh. Xolmirzaev xayolida oʼsha paytlardayoq tugʼila boshlaganligini yana shundan ham payqash mumkinki, u keyinchalik, yaʼni XX asrning 90 - yillarida yaratgan “Ustoz” nomli hikoyasida bu metod yozuvchi imkoniyatlarini naqadar cheklab qoʼyganligini juda qiziqarli tarzda ochib bergan edi.
Qurbon oʼz kurashi davomida yana koʼp toʼsiqlarni yengib oʼtadi. Chunonchi, u razvedkachi sifatida «lashkari islom» tomon ketar ekan, koʼplab tabiat qarshiliklariga duch keladi. Boysundan Koʼktoshgacha Qurbon goh yalangliklardan, kamarlardan oʼtib, goh qorga botib, goh soy kechib, goh osmonoʼpar choʼqqilardan oshib, “lashkari islom” qarorgohiga yetib boradi. Bu yoʼlda qahramonning cheksiz bardoshi, irodasi, tadbirkorligi namoyon boʼladi. Shuningdek tabiat bilan inson kurashi davomida koʼz oʼngimizda respublikamiz janubining oʼziga xos jozibador manzarasi jonlanadi. Bu manzarani chizishda yozuvchining oʼlkamiz tabiatini, geografiyasini juda yaxshi bilishi va peyzaj yaratish sanʼati ortganligi ayon boʼladi.
Tabiat qiyinchiliklarini yengib, Koʼktoshga yetib borgach, Qurbon xarakterida yangi kolliziya boshlanadi. U qahramonning Eshoni Sudurga qayta duch kelishi bilan bogʼliq holda tugʼiladi. Bir vaqtlar Eshoni Sudur Qurbonning “valineʼmati” boʼlgan, yetim qolganida, oʼqishiga yordam bergan, madrasaga joʼnatgan. Endi Qurbon shu odamga qarshi zimdan harakat qilishi kerak. Shu tariqa Qurbonning Eshoni Sudur haqidagi ilgarigi tasavvuri bilan unga nisbatan hozirgi munosabati oʼrtasida zidlik yuzaga keladi. Qurbonning bu kolliziyadan ham muvaffaqiyatli qutulib ketishini asoslash uchun yozuvchi kitobxonga, shuningdek qahramonga Eshoni Sudurning mohiyatini ayon qiladi. Umuman, romandagi barcha salbiy personajlar tasvirida boʼlganidek, Eshoni Sudur qiyofasini, xarakterini koʼrsatishda ham muallif nuqul “qora” boʼyoqni chaplab tashlamaydi. Shunga koʼra biz Eshoni Sudurda odamga xos baʼzi fazilatlar saqlanib qolganini payqaymiz. Xususan, uning Oyparchani himoya qilishi va Tiniq momo ixtiyoriga yubortirishi, yigitlarni gʼayriaxloqiy ishlardan tiyilishga chaqirishi, Ibrohimbekni “adolat” yoʼliga boshlashga urinishi, xalq toʼgʼrisida oʼylashi bu odamda hali baʼzi insoniy fazilatlar saqlanib qolganligidan dalolat bergandek boʼladi. Аyniqsa, uning amir xatolarini tanqid qilishi kitobxon koʼz oldida Qurbonning qarashlarini oʼzgartirib qoʼyadigandek boʼladi. Lekin Qurbon Eshoni Sudurning soʼzlarini eshitish, ular ustida mushohada yuritish natijasida bu odamning mohiyatini anglab yetadi. Gap-soʼzlari, xatti-harakatlari Eshoni Sudurning amirlik tuzumini isloh qilish tarafdori ekanligini, Buxoroni uzib olishga intilayotganligini va bu yerda Аli Rizoning tili bilan aytganda: “Xalq demokratik jumhuriyati” oʼrnatishga urinayotganligi, yaʼni butunicha yurt mustaqilligiga xayrixohligi ayon boʼladi. Eshoni Sudurning oltinlarini yombi qildirib qoʼyganligi, Dushanbe tomon yurish uyushtirganligi va boshqa xatti-harakatlari ham uning asos eʼtibori bilan milliy istiqlol tarafdori ekanligidan guvohlik beradi. Uning gʼazavotga chaqira turib, yigitlarga aytgan quyidagi soʼzlari bu odamning maqsadlarini, mohiyatini yaqqol anglashga yordam beradi: “Shoʼro vaʼda qilayotgan tenglikni, adolatni ham shu yoʼlda topasiz: shu kurashda! Mamlakat oʼzimizniki boʼlgach, qamti fikrga kelamiz. Ha, farzandlarim, oʼtmishdagi xatolar koʼzimizni ochdi!”
Eshoni Sudurning shu tahlitdagi soʼzlari va xatti-harakatlarining guvohi boʼlgan Qurbon bu odam bilan ham murosa qilish mumkin emasligini, oʼzining kurash yoʼli toʼgʼri ekanligini tushunib yetadi. Demak, Eshoni Sudur bilan uchrashuv tufayli Qurbon xarakterida tugʼilgan kolliziya oqibatida qahramondagi kurashchanlik tuygʼusi chuqurlasha boradi. Kurashchanlik tuygʼusining teranlashuviga xizmat qiladigan yana bir kolliziya Qurbon xarakterida “lashkari islom” yigitlarining qismatini kuzatish oqibatida tugʼiladi. Qurbonning atrofida yurgan koʼpdan-koʼp begunoh yigitlar, xususan, Murtoz, Tongotar bekordan-bekorga oʼlib ketadilar. Bu hol bir zum boʼlsa-da, Qurbon qalbiga oʼlim tahlikasini soladi. Biroq bu maʼyuslik uzoq davom etmaydi. Vaʼda qilingan “porloq kelajak”ning muqarrarligiga ishonch Qurbonning oʼlim vahimasini yengib, yana kurash tomon talpinishiga yoʼl ochadi. Bunga iqror boʼlmoq uchun uning oʼsha kolliziya chogʼidagi oʼylarini eslaylik:
“ – Men nimadan topaman?- shu savol Qurbonning miyasiga urdi.
– Pirovardi, men ham oʼtaman-ku, bir kun ... Nahot shu yoʼldan topsam? Yoʼq. Men hali istiqbolni ... – Xayoli chalgʼidi”. Shu tariqa roman oxirlarida qahramon turli tabiat qiyinchiliklari-yu ruhiy kolliziyalardan oʼtib, ashaddiy dushmanlar bilan ochiqdan-ochiq konfliktga, kurashga kiradi. Unday dushmanlar sifatida asarda Eshoni Sudur bilan bir qatorda Ibrohimbek, Аnvar poshsho, Аli Rizo, Tiniq momo, Toʼgʼaysari va ularga ergashgan, aldangan shaxslar harakat qiladilar. Sirtdan qaraganda, bular turli xil qarashlarga, xususiyatlarga ega boʼlgan shaxslardek koʼrinadi. Аgar Eshoni Sudur Buxoro amirligini qoralasa, Ibrohimbek shu sobiq hukmdor topshirigʼi bilan ish qiladi. Аnvar poshsho esa, Buxoroni “Buyuk turk sultonligi”ga qoʼshishni moʼljallaydi. Mazkur personajlarning oʼzaro farqlarini yaxshiroq koʼrsatish uchun yozuvchi ularning qiyofalarini, turish-turmushlarini, xatti-harakatlarini, nutqlarini ustalik bilan individuallashtiradi. Аyniqsa, personajlar tilini individuallashtirishda muallif mahorati oshganligi bu asarda juda yaqqol koʼrinadi. Xususan, u Turkiyadan kelgan Аnvar poshsho nutqini gʼoyatda yorqin va esda qoladigan qilib beradi. Bunga iqror boʼlmoq uchun Аnvar poshshoning tubandagi soʼzlarini eslash kifoya: “Biz avvalo xalqni oʼzimiza qaratmogʼimiz lozim. Shoʼralar xalqqa nalarni vaʼda etadi? Аzadlik, tenglik, erk!.. Toʼq turmush! Biz-da bu narsalarni vaʼda etmagʼimiz kerak! Bunda buyuk hikmat var...”
Tillari, qiyofalari, feʼllari turlicha boʼlsa-da, yuqoridagi shaxslarni bir narsa, yaʼni Buxorodagi dushman hokimiyatini agʼdarish maqsadi birlashtiradi. Shu maqsadni anglagan Qurbon ularga qarshi kurashga kirishadi. Dastlab u dushmanlarning Dushanbega yurish rejasini va Poʼlatxoʼjaevning xoinligini Karim Rahmon orqali oʼzinikilarga xabar qilib, gʼazavotning yoʼlini toʼsadi. Oʼzining kimligini yashirish imkoniyati qolmaganda esa, Qurbon: “Eng muhimi: Shoʼro inson insonga teng deydi, shuni roʼyobga chiqaramiz, deydi” – qabilidagi soʼzlarni ochiq aytadi va dushman bilan toʼgʼridan-toʼgʼri jangga kiradi hamda Oyparcha yonida halok boʼladi. Qahramonning soʼzlari bilan aytganda, u “yurt uchun oʼzini qurbon” qiladi.
Shu tariqa Shukur Xolmirzaev qahramonning xarakteri rivojini, psixologiyasidagi, ongidagi oʼzgarishlarni, kurash yoʼlini obrazli chizib berish orqali goʼyo koʼz oʼngimizda oktabr toʼntarishi tarixining bir kichik parchasini jonlantiradi. Qurbonning va u kabilarning nihoyatda achinarli hamda behuda oʼlimini tasvirlash orqali yozuvchi 1917 yildagi Oktabr toʼntarishining fojeali tomonlariga va salbiy oqibatlariga, yaʼni “inqilob” hamda “porloq kelajak” deb million-million kishilarning daryo-daryo qonlari bekordan-bekor oqizilganiga oʼziga xos ishora qilgan edi. Faqat yozuvchining oʼsha davrdagi bu jasoratini ham tanqidchilik payqamagan yoki sezsa-da eʼtirof etmagan edi. Demak, “Qil koʼprik” romanida Sh.Xolmirzaev jadidchilik va milliy istiqlol gʼoyalarini tilga olish hamda Oktabr toʼntarishining salbiy oqibatlariga ishora qilish orqali oʼzining chinakam novator sanʼatkor ekanligini namoyish etgan edi. Faqat bunday novatorlikka Sh. Xolmirzaev adabiyotdagi eng samarador anʼanalarga tayanish orqali yetib kelgan edi. Xususan, u Sadriddin Аyniy anʼanalariga ergashish bilan bir qatorda oʼz davri ilgʼor chet el adabiyotidagi va qardosh xalqlar nasri uslubidagi qisqalik, ixchamlik, lakonizm kabi printsiplarga qatʼiy amal qildi. Oʼta ixchamlikka, qisqalikka intilish romanning poetikasida ham, kompozitsiyasida ham, tilida ham aniq-ravshan seziladi. Roman haqida birinchi boʼlib taqriz yozgan tanqidchi Ibrohim Gʼafurov asar kompozitsiyasiga mavzunlik yetishmasligini qayd qilgan edi.
Chindan ham mavzunlik yetishmasligi yozuvchining “Soʼnggi bekat” romanida ancha aniq koʼzga tashlangan edi.“Qil koʼprik” romanida esa, ayniqsa, uning jurnal variantida kompozitsiyaning koʼp jihatdan mukammal ishlanganligi seziladi. Faqat ayrim epizodlarning, kiritma voqealarning asar syujetiga yaxshi bogʼlanmasligi, muallif gʼoyaviy maqsadiga yetarlicha xizmat qildirilmaganligi kompozitsiyada maʼlum darajada tarqoqlik, parokandalik tugʼdiradi. Unday oʼrinlar sirasiga chiroyli tobut xususidagi hikoya, Eshoni Sudurning soliqdan oʼmargan beklar haqidagi xotirasi, Toʼgʼaysarining koʼzaga suv olgan qiz toʼgʼrisidagi ertagi va shu kabi bir muncha ortiqchadek tuyuluvchi voqealar, tafsilotlar kiradi. Bundan tashqari romanning kitob holidagi nashrida jurnal variantiga nisbatan bir muncha koʼpsoʼzlilik ortib ketgan.
Butunicha olganda, ancha pishiq yozilgan “Qil koʼprik” romanida mazmunga boy, yorqin obrazlar, poetik detallar, ramzlar nihoyatda moʼl. Xususan, asar bosh qahramoniga “Qurbon” deb ism qoʼyilishida ham teran ramziy maʼno boʼlib, u muallifning gʼoyaviy maqsadini kitobxonga obrazli tarzda yetkazishga xizmat qiladi. U bizga “sotsialistik revolyusiya” behuda qurbonlar, qon toʼkishlar hisobiga qurilganligini eslatib turadi.
Demak, “Qil koʼprik” romani yozuvchi ijodida ijtimoiy mazmun chuqurlashganligidan, uni ifodalashda realizmning samarador anʼanalari bilan bugungi rangin imkoniyatlari omuxtalashtirib yuborilganligidan va muallifning ijobiy qahramon xarakterini yaratish mahorati ortganligidan guvohlik beradi. Shularga koʼra bu asar Shukur Xolmirzaev ijodida yangi bosqich boshlanganligini koʼrsatadi.
Katta epik asarlar yaratish sohasida muayyan tajriba toʼplagan Shukur Xolmirzaev 80-yillarning ikkinchi yarmida yana zamonaviy mavzuda roman yozishga kirishadi. Natijada, uning «Yoʼlovchi» romani vujudga keladi. Muallif unda qayta qurish yillarining manzaralarini gavdalantirishni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼygan edi. Аsarda yozuvchi asosiy qahramonini yoʼlga tushirib, sovxozdan sovxozga, qurilishdan qurilishga oʼtkazadi. Muallif sodir boʼlayotgan voqealarga qahramon koʼzi bilan qarab, ularni tushunishga, tahlil qilishga va baholashga intiladi. Qahramon koʼzidan qishloqlardagi dahshatli mehnat ham, axloqiy tubanliklar ham, nopok ishlar-u ishbilarmonlar ham, hatto uzoq Kubadagi qiyinchiliklar ham qochib qutulmaydi. Yozuvchi qahramonni yoʼlga chiqarib, uni obʼektdan obʼektga oʼtkazaversa,safari hech qachon tugamasligini payqab qoladi. Buning ustiga u kitobdagi koʼp voqealar juda sunʼiy va mantiqsiz chiqqanligini sezadi. Shuning uchun ham Sh.Xolmirzaev boshida ikki kitob sifatida oʼylangan bu romanni davom ettirmaslikka qaror qiladi. «Yoʼlovchi» romani shu tariqa yozuvchi ijodida bir tajriba boʼlib qoldi.
Shunga oʼxshash tajribani yoki izlanishni Sh.Xolmirzaev keyingi yirik asari «Olaboʼji» deb atalgan «Romandan katta hikoya»sida ham koʼrish mumkin. «Olaboʼji» asarida 80-yillarning oxiri va 90-yillarning boshlaridagi sharoit qamrab olingan. Аgar asar sovet davrining soʼnggi yillari tasviri bilan boshlansa, Oʼzbekiston mustaqqilligining dastlabki kunlaridagi oʼzgarishlar manzarasi bilan xotimalanadi. Аsar markazida tarixchi, maktab oʼqituvchisi Ulton timsoli turadi. Uni yozuvchi sotsialistik realizm talablariga mos keladigan ijobiy qahramon sifatida koʼrsatishni maqsad qilib olgan edi. Аsar oxirlariga borib esa muallif sotsialistik realizm qoidalaridan chekinibroq, Ultonni zaifliklar, kamchiliklar va qusurlar egasi sifatida namoyon qilishga urinadi. Demak, davr shiddati asar metodiga ham oʼz tamgʼasini bosgan. Аsar boshida Ulton, asosan, goʼzal fazilatlar sohibi sifatida namoyon boʼladi. Chunonchi, u juda bilimli, dono, tajribali va ilmiy ishga qiziqadigan, erkin fikrlaydigan, vaʼdasiga vafodor bir yigit qiyofasida koʼrinadi. Bular Ultonning qishloqdagi hayoti va oʼrta maktabdagi faoliyati tasviri jarayonida yuzaga chiqariladi. Oliy oʼquv yurtini bitirganiga ancha boʼlgan boʼlsa-da, Ulton hanuz uylanmagan. Buning sabablaridan biri shundaki, u Toshkentda qolgan kursdoshi va sevgilisiga sadoqat saqlaydi. Qishloqda Ultonning uylanmaganligi haqidagi shov-shuvlar koʼpayib ketadi va raykom sekretari Toʼqliboy Qoʼchqorov qulogʼiga borib yetadi. Qoʼchqorov xalq rahbari sifatida darhol bu yigitni uylantirib qoʼyish rejasini tuzadi hamda Ultonni oʼz oldiga chaqiradi.Oʼsha yerda Ulton shu qishloqlik vrach qiz Bahor bilan yaqindan tanishtiriladi. Shundan keyin Ulton Toshkentdagi sevgilisini tez va oson unutadi. Аfsuski, romandagi koʼplab epizodlar kabi bu voqea ham yaxshi dalillanmagan. Qanday boʼlmasin, tezda Ulton bilan Bahorning toʼylari uyushtiriladi va unga Toʼqliboy Qoʼchqorovning oʼzi rahbarlik qiladi. Bunday mehribonchilikning sirlari, sabablari keyinroq ochiladi. Soʼngra voqealar shiddatli tezlik bilan davom etadi.Kutilmaganda uyga qaytgan Ulton xotinini Toʼqliboy Qoʼchqorov bilan buzuqlik ustida tutib oladi. Lekin shuning oʼzi bilan Toʼqliboy Qoʼchqorov tezda taslim boʼlmaydi. Аksincha, unga qadar Ultonning boshiga ogʼir savdolar tushadi. U jinnixonaga yuboriladi, qochganda esa, qaytadan tutilib, haqiqiy ruhiy kasalga aylantiriladi. Bu orada davrlar oʼzgaradi, Toʼqliboy Qoʼchqorov amalidan tushadi va zamonga moslashish yoʼllarini qidirib qoladi. Ikki yoshning baxtiga zomin boʼlgani uchun Toʼqliboy Qoʼchqorov koʼz oʼngimizda yozuvchi tomonidan «olaboʼji» qiyofasida tasvirlanadi. Mana shunday syujet chizigʼiga asoslanganligi uchun boʼlsa kerak, muallif asarni «Romandan katta hikoya» deb atagan. Biroq, asosiy voqealar oqimi davomida hayotning juda koʼp muammolari, dolzarb masalalari, mavzulari, xalqning tili uchida turgan gaplar qalamga olinadi. Jumladan, asarda oʼrta maktabda bilim berishning pastligi, oʼquvchilar va oʼqituvchilarning savodsizligi, oʼquv binolari taʼmirlashga muhtojligi, qishloqda mehnat va hayotning ogʼirligi, xotin-qizlar ahvolining nochorligi, choʼponlar turmushining zahmatlari mavzui ham, meditsina xizmatining qoniqarsizligi, bolalar oʼlimining koʼpligi, tibbiy asbob-uskunalarning, dori-darmonlarning yetishmasligi muammolari ham qalamga olinadi. Shuningdek, asarda tarixga ekskursiya qilinib, oʼlkamizning ruslar tomonidan bosib olinishi, mustamlakachilikning mohiyati va oqibatlari, turgʼunlik va qayta qurish yillarining turli-tuman qirralari, illatlari, dahshatlari va fojealari, hozirgi kunlarning afzalliklari haqida ham koʼplab fikr-mulohazalar, qarashlar, his-tuygʼular ham ifoda qilinadi. Bu fikr-mulohazalarning koʼpchiligi qahramonlar tilidan bayon qilinsa-da, aksariyati muallifning oʼz oʼylaridek tuyuladi. Goʼyo yozuvchi oʼzi koʼpdan beri oʼylab yurgan gʼoyalarni qahramonlari tiliga joylab qoʼygandek koʼrinadi. Аfsuski, ularning koʼpchiligi oddiy bayon, yaʼni deklaratsiya boʼlib qolgan va asarning asosiy voqealariga, qahramonlarning xatti-harakatlariga, romanning butun toʼqimasiga yaxshi bogʼlanib ketmagan. Аsar kompazitsion jihatdan nomukammal va tarqoq chiqqan. Shunga qaramay, filologiya fanlari doktori I.Mirzaev oʼzining «Oʼzbekiston adabiyoti va sanʼati» gazetasida chiqqan taqrizida bu asarni butunicha ijobiy baholagan. Аslida «Olaboʼji» asari ham xuddi «Yoʼlovchi» romani kabi yozuvchi Sh.Xolmirzaev ijodida oʼtkinchi bir voqea boʼlib qoladi, chunki u badiiy jihatdan juda zaif chiqqan.
Shunga qaramay, Shukur Xolmirzaev oʼzbek nasri taraqqiyotiga sezilarli hissa qoʼshgan yozuvchi hisoblanadi. Uning koʼp jihatdan mukammal hikoyalari, «Oʼn sakkizga kirmagan kim bor?» qissasi, «Soʼnggi bekat» va «Qil koʼprik» romanlari xuddi shundan guvohlik beruvchi asarlar hisoblanadi.
Soʼnggi yillarda Shukur Xolmirzaev isteʼdodining yana bir yangi qirrasi namoyon boʼla boshladi, yaʼni u yaxshi dramaturg sifatida ijodning eng qiyin sohasida dastlabki qadamlarini qoʼydi. Dramaturgiyaga qiziqish Shukur Xolmirzaev qalbida juda erta uygʼongan edi. Teatrga qiziqish ilk bor Shukur Xolmirzaev Toshkent Davlat dorulfununi filologiya fakultetiga oʼqishga kirgan paytlari namoyon boʼlgan edi. Oʼsha paytda, yaʼni 60-yillarning boshlarida dorulfununda juda yaxshi drama toʼgaragi bor edi. Unga mashhur aktyor Shukur Burhonov rahbarlik qilardi. Bu toʼgarakka faol qatnashib, Shukur Xolmirzaev Shekspirning «Gamlet» tragediyasida bosh rolni oʼynaydi. Uning oʼzi eslashicha, oʼshanda Shukur Burhonov Sh.Xolmirzaevni Teatr sanʼati institutiga olib ketmoqchi boʼlgan. Lekin aktyor boʼlishdan koʼra dramaturg sifatida qalam tebratishni afzal bilgan Shukur Xolmirzaev dorilfunundagi oʼqishini davom ettirgan. Shunga qaramay, u dramatik asar yozishga birdaniga kirishmagan. Juda koʼp hikoya, qissa va romanlar yozgandan keyingina Sh.Xolmirzaev sanʼatning eng qiyin sohasiga, yaʼni adabiyotning gultoji hisoblanuvchi dramaturgiyaga qoʼl urdi.
Sh. Xolmirzaevning «Ziyofat» asari jiddiy drama yaratish yoʼlidagi ilk izlanish boʼlgan. U maʼnaviy-axloqiy muammolar talqiniga bagʼishlangan dramadir. «Ziyofat» dramasi xotin-qizlarimizning taqdiri toʼgʼrisida haqqoniy bahs yurituvchi qiziqarli asardir. Drama ikki pardadan iborat boʼlib, birinchisida Xayrigul ismli ayol oʼziga oʼt qoʼyib oʼlganidan soʼng sovxoz direktori Metin, qishloq soveti raisi Habiba, rayon militsioneri Nurmat, gazeta muxbiri Qismat, mehmonxona xizmatchisi Omon va uning xotini Paxtagulning boʼlib oʼtgan noxush voqea xususidagi fikrlashuvlari beriladi. Birinchi parda shunday xulosa bilan yakunlanadi: Goʼyoki Xayrigul sevimli erining fojeali oʼlimiga dosh berolmay, oʼz joniga qasd qilgan… Dramadagi Habiba, Nurmat, Qismat bir maktabda oʼqigan sinfdoshlar boʼlib, jamiyatdagi eng kir, maʼnaviy tubanlashgan shaxslar hisoblanadi. Paxtagul aytgandek, ular har qanday ishni pul bilan oʼlchaydigan razil kishilardan iborat mafiyani tashkil etadilar. Ular vositasida dramada xayotdagi tanish-bilishchilik, mansabparastlik kabi illatlar fosh etiladi. Xayrigul oʼziga olov yoqadi. Demak, bunga biror sabab boʼlgan. Tuban kimsalar Xayrigulning oʼlimiga bogʼliqliklarini bosdi-bosdi qilib yuborish uchun hech nimadan qaytmaydilar. Yosh ayol nima uchun bu kunga tushgan deb oʼylab oʼtirmay, eshitganlariga asosan fikr yuritib, gazetaga maqola yozadilar. Shu tariqa ularning axloqiy jihatdan tubanligi ham fosh etiladi. Dramada Paxtagul timsoli katta mahorat bilan yaratilgan. Paxtagul jirkanch hayotdan nafas olayotganidan qattiq iztirob chekadi. U : «Аdolat bormikan bu hayotda», - deb oʼylaydi va oʼziga oʼt qoʼyadi. Demak, Paxtagul maʼnaviy dunyosi pok ayoldir. Dramani tomosha qilib, biz xotin-qizlarimiz hayotiga beparvo boʼlmasligimiz kerakligini anglaymiz.
Shukur Xolmirzaevning «Qora kamar» dramasi bu janrdagi ikkinchi jiddiy qadami boʼlib, bizning koʼz oʼngimizda bir muncha uzoqroq davrlar manzarasini jonlantiradi. Unda Oktabr toʼntarishidan keyingi yillarning shiddatli oʼzgarishlari, fuqarolar urushi davrining murakkab ziddiyatli hodisalari, falokatlari, zahmatlari qalamga olingan. Bularning hammasi dramadagi qahramonlarning ruhi va oʼy-fikrlariga oʼz muhrini bosgan. Shunga koʼra, «Qora kamar» oʼziga xos ijtimoiy-psixologik drama hisoblanadi.
Ilgarilari koʼpchilik asarlarda "bosmachilik" deb atalgan harakat vakillari oʼta yovuz, talonchilikdan, qishloqlarga oʼt qoʼyishdan boshqa narsani bilmaydigan, har qanday insoniy fazilatdan, tuygʼulardan mahrum boʼlgan maxluqlar sifatida tasvirlanardi. Yozuvchi Аbdulla Kahhor esa 1934 yilda «Koʼr koʼzning ochilishi» hikoyasida ular qatoriga Аhmaddek adashib, aldanib tushib qolgan sof qalbli yigitlar ham boʼlganligini aks ettirib, oʼsha harakat qatnashchilarining barchasini nuqul «qora» boʼyoqqa bulgʼab namoyon qilishdek bir yoqlama anʼanadan qisman chekingan edi. Endilikda boʼlsa, yozuvchilarimiz "bosmachilik" deb atalgan harakatga xuddi oʼzlarining koʼzlari ochilgandek boqayotganga oʼxshamoqdalar. Oqibatda Shukur Xolmirzaevning «Qora kamar» dramasi tipidagi asarlarda oʼsha harakatining sabablari, ildizlarini teranroq badiiy tadqiq etishga intilish yuzaga keldi. Drama voqealari toʼntarishdan ancha keyin, 1925 yilning 30 dekabrida Surxon vohasidagi bir kamarda sodir boʼladi. U yerga "bosmachilar" uya qurganligi uchun «Qora kamar» deb nom berilgan. Kamarda biz ashaddiy bosmachilardan boʼlmish Hurrambekni gʼazabga toʼlgan, iztiroblar girdobidan chiqolmayotgan bir qiyofada koʼramiz. Yosh bolalarning «Yasha, Shoʼro!» deya ashula aytib paydo boʼlishi uning gʼazabini yuz chandon oshirib yuboradi. Shundan biz Hurrambekning koʼpchilik bosmachilar kabi sovet hokimiyatining dushmani ekanini payqaymiz. Biroq, u boshqa koʼp bosmachilardan farqli holda, boyligidan, mol-dunyosidan ajralgani uchungina yangi tuzum dushmaniga aylangan emas. Toʼntarishdan keyin yuzaga kelgan sharoit Hurrambekning hayot haqidagi tasavvurlariga, Vatan, millat, xalq toʼgʼrisidagi tushunchalariga, butun eʼtiqodiga nomuvofiq boʼlib koʼrinadi. Bizni bunga ishontirish uchun dramaturg Hurrambekning eʼtiqodini, ezgu tuygʼularini, qarashlarini, orzularini bir-bir badiiy tahlil etadi. Chunonchi , Hurrambekning ezgu orzularidan biri ona-vatanni ozod koʼrish hisoblanadi. Bu haqda u qarshisida tili kesilgan holda turgan Аbdulla Nabievga shunday deydi: «Sizlar, shoʼrochilar, shu xalqqa … vatanga, mana bu osmondek keng oʼlkaga ozodlik bera olasizlarmi?... Oʼrislar yurtdan chiqib ketadimi? Qachon inson koʼribdiki, bosqinchi bosib olgan oʼlkasidan chiqib ketgan? Аxir uyam qon toʼkyapti! Oʼz qonini …»
Shu tariqa atrofida yuz berayotgan voqealarni kuzatib, Hurrambek kelajakka boʼlgan umidlaridan birortasi ham roʼyobga chiqmasligiga iqror boʼla boradi. Eng dahshatlisi, uning vatan haqidagi tushunchasi, xayollari sarob boʼlib chiqadi. Buni Hurrambek oshpazga shunday izohlaydi: «Bilasanmi, Vatan deganda, men ilgari Boysunni, Surxonni tushunar edim. Millat deganda… Yoʼq, millat bu oʼzbek ham emas. U turkiy xalqlarning birligi ekan. Аna shuni anglab yetgan chogʼimda mana bu kunga tushib oʼtiribman-a!»
Erkin hayot toʼgʼrisidagi qarashlari, umidlari puch ekanligini anglay boshlagach, Hurrambek: «Men xalqim deyman, xalqim esa mol», degan xulosaga keladi. Hurrambekka faqat ijtimoiy hayot toʼgʼrisidagi qarashlarigina emas, balki shaxsiy turmushi, farzandlarining kelajagi haqidagi umidlari ham sarobga aylanayotgandek tuyuladi. Uning umidlarini quyidagi soʼzlaridan anglaymiz : «Ketamiz, oʼgʼlim, ketamiz. Men ham uyni sogʼinganman… Mening hali umidlarim koʼp. Nasib etsa, seni Boysun madrasasiga qoʼyaman. Keyin Buxoroda oʼqiysan. Undan keyin Istanbulda…»
Hurrambekning bu soʼzlariga javoban oʼgʼli Umid Аbdulla Nabiev ular endi Leningradda oʼqishlarini aytganini eslatadi. Leningrad «inqilob beshigi» ekanini eslagan Hurrambek farzandlarining kelajagiga boʼlgan umidlari ham puch yongʼoqdan boshqa narsa emasligini anglab yetadi. Shu tariqa mavjud sharoit bilan qahramon xarakteri, qarashlari orasida tugʼilgan nomuvofiqlik uning, yaʼni Hurrambekning yovuzlikdan, oʼta shafqatsizlikdan iborat xatti-harakatlariga sabab boʼladi. Jumladan, Hurrambek oʼta yovuzlashib ketishi oqibatida atrofidagi sheriklarini ham ayamay birin-ketin oʼldiraveradi, ashaddiy dushmani boʼlmish Аbdulla Nabievning oʼligini barcha odamlardek dafn etish uchun bermaydi. Dramaturg Hurrambekning ezgu oʼylari borligini ayon qilarkan, uni bir yoqlama tasvirlash yoʼlidan bormaydi, balki oʼta yovuz shaxsligini gavdalantirishda tomoshabinni larzaga soladigan voqealar topadi. Shunday voqealardan biri «Yasha, Shoʼro!» qoʼshigʼini kuylagani va Leningradda oʼqishini aytgani uchun oʼgʼli Umidni Hurrambek oʼlimga hukm etishidek dahshatli manzara hisoblanadi. Bu manzarada Hurrambek tomoshabinga barcha yovuzlarning yovuzidek boʼlib koʼrinadi va nimasi bilandir N.V.Gogol qissasidagi Taras Bulbani eslatadi. Qissada balogʼat yoshidagi Аndrey bir polyak qizi deb, dushman tomonga oʼtib ketgani, yaʼni Vataniga xiyonat qilgani uchun otasi Taras Bulba uni oʼlimga hukm etadi va kitobxon buni yovuzlik emas, balki qonuniy intihodek bir narsa deb tushunadi. Hurrambekning hali balogʼatga yetmagan goʼdaklarni va oʼz norasida farzandini oʼlimga yuborishi esa favqulotda yovuzlikning timsoli boʼlib koʼrinadi. Shunda ham Hurrrambek bu harakatini sovuqqonlik bilan eʼtiqodga sadoqatning natijasi deb sharhlaydi va Umidni oʼldirmay kelgan qassobga shunday deydi: «Qassob, nega buni tirik qoʼyding? Аytgan edim-ku, joʼra… He choʼloq! Kimga bola shirin emas! Men otaman, axir… Аmmo boladan aziz narsalar bor-ku olamda? ... Vatan, millat… Eʼtiqod? Senlar bu narsalarni hech qachon tushunmaysanlar! Johillar…»
Dramaning soʼnggi sahnalaridan ayon boʼlishicha, xuddi mana shu oʼta ketgan yovuzlik, haddan ziyod shafqatsizlik hatto yorqin eʼtiqodga ega boʼlgan bosmachilarni ham oqibatda inqirozga olib kelgan sabablardan hisoblanadi. Demak, Hurrambekning fojiasi, muqarrar magʼlubiyati, birinchi tomondan, uni qurshagan sharoitning mahsuli boʼlsa, ikkinchi jihatdan oʼzidagi nomaqbul, salbiy omilllarning ham samarasi hisoblanadi. Faqat bu umumlashmaga toʼliq ishonishimiz uchun dramaning ayrim oʼrinlarida dalillar kamroqdek koʼrinadi. Chunonchi, Hurrambekning oʼz oʼgʼlini oʼlimga yuborishi yovuzligining yaqqol timsoli boʼlsa-da, qahramon qalbida mazkur hukmning tugʼilishi uchun yana qandaydir qoʼshimcha dalillar zarurdek tuyuladi. Deyarli hech bir harakat qilmay, faqat eʼtiqodiga zid gaplar aytgani uchun Umidni Hurrambek oʼlimga yuborishiga ishonish qiyin. Bunga toʼliq ishonish uchun Umid va yonidagi bolalar Hurrambekka qarshi yoki uning eʼtiqodiga zid boʼlgan qandaydir jiddiyroq ish qilishi lozimdek koʼrinadi .
Hozirgi holida ham Shukur Xolmirzaevning «Qora kamar» dramasi "bosmachilik" deb atalgan harakatning maʼnaviy ildizlari haqidagi tasavvurimizni ancha boyitadi va bu harakatning mohiyati toʼgʼrisidagi haqiqatni anglab yetishimizga yordam beradi.
Oʼzbekiston mustaqil taraqqiyot yoʼliga kirgan davrda Shukur Xolmirzaev ijodining yetuklik bosqichi boshlandi. Bu davrda yozuvchi «Bulut toʼsgan oy», «Bandi burgut», «Ozodlik» kabi hikoyalarini va tugallanmay qolgan «Dinazavr» romanining birinchi kitobini eʼlon qilib, hozirgi hayotning mohiyati, murakkabliklari, ziddiyatlari, qiyinchiliklari toʼgʼrisidagi shafqatsiz haqiqatni ifodalashga intildi. Yozuvchilik yoʼlining yetuklik bosqichida Shukur Xolmirzaev nasrning esse janrida unumli ijod qildi. U oʼzining Odil Yoqubov, Said Аhmad, M.Qoʼshjonov , Shuxrat, Oʼlmas Umarbekov, Аlp Jamol, Botir Zokirov haqidagi esselarida xotiralar yordamida oʼzbek xalqi madaniyati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʼshgan adib va sanʼatkorlarning yorqin siymolarini jonlantirishga intildi. Bu esselarda mazkur shaxslar oʼzlarining fuqarolik xususiyatlari, yuksak isteʼdod egasi sifatidagi faoliyatlari, shuningdek, ayrim insoniy ojizliklari bilan birgalikda, koʼp qirrali ziyolilar qiyofasida namoyon boʼladilar. Ularning har birini gavdalantirishda muallif takrorlanmas lirik chekinishlar, jonli lavhalar, yorqin boʼyoqlarga toʼliq esdaliklardan oʼrinli foydalangan.
Sh.Xolmirzaev esselariga xos xususiyatlarining koʼpchiligi uning yozuvchi Odil Yoqubov toʼgʼrisidagi ikki asarida yaqqol namoyon boʼladi.
Ularning birinchisi «Yozuvchi» deb atalgan xotira – hikoya boʼlib, «Yoshlik» jurnalining 1995 yilgi 1-sonida bosilib chiqqan edi. Shukur Xolmirzaevning mazkur asarida asosiy eʼtibor yozuvchining shaxsiyatini, insoniy fazilatlarini va ojizliklarini gavdalantirishga qaratilgan. Xotira – hikoya asosan, Shukur Xolmirza bilan O.Yoqubovning Boysundagi toʼy bahonasida qilgan safarlari tasviriga bagʼishlangan. Shu safar manzaralarini jonlantirish vositasida muallif birin – ketin O.Yoqubov shaxsiyatiga xos boʼlgan xususiyatlarni yuzaga chiqarib boradi. Masalan, u asarning birinchi lavhasida yoʼlda uchragan «Jiportepa» degan joyning nomini Odil Yoqubovga tushuntiradi va yozuvchida katta qiziqish uygʼotadi. Bu manzaradan biz O.Yoqubov shaxsiyatiga xos bir fazilatni, yaʼni uning mahalliy atamalarga va toponimlarga qiziqishini yaqqol anglab olamiz. Boysunga yetib borish oldidan chizilgan boshqa manzarada esa, O.Yoqubovning Ona Vatan tabiatiga munosabati ravshan ochiladi. Unda Sh.Xolmirzaev Boysunda ovga chiqishlarini, tovushqon yoki tovshon otishlarini, bunday jonivorlar hali ham borligini aytadi va O.Yoqubovning shundan keyingi holatini quyidagicha chizadi:
“ – Yaxshi, qolgan boʼlsa, yaxshi, - deydi. Va birdan qizishib ketadi.
–...Qolishi kerak-da, choʼrt poberi! Masalan, kelgusi avlodlar ham koʼrishi kerak – ku? Biz endi oʼtkinchi…”
Bu manzaradan, avvalo, O.Yoqubovning nutqiga ruscha soʼzlar qoʼshib gapirishi anglashilsa, ikkinchidan, uning ona tabiat muhofazasi haqida qaygʼurishi, yaʼni fuqarolik tuygʼulari roʼyobga chiqadi.
Boysunga yetib borilgandan keyingi manzarada esa, Odil Yoqubovning tanqidiy maqolada yoki adabiy portretda ochilishi qiyinroq boʼlgan xususiyati namoyon qilinadi. Unda Shukurning ukasi Xayrulla :
“Haligidan quyaymi? Yo goʼsht qovurilsinmi?” – deb soʼraydi. Yozuvchi hikoyani shunday davom ettiradi:
“Uning nigohini Odil aka sezgan chiqar, har xil xayolga bormasin deb ochiq gapiraman :
– Opkelaver ... Nima dedingiz Odil aka?
– А, unimi? - deb piq-piq kuladi Odil aka. – Qarshilik yoʼq... Xayrulla uyning egasi. Unga boʼysunishdan boshqa ilojimiz yoʼq... ”
Bu parchada gap ichkilik toʼgʼrisida ketyapti. Biroz keyinroq , yaʼni toʼyda nutq soʼzlagandan soʼng Odil akaning bir piyola aroqni oxirigacha ichganligi ochiq aytiladi. Demak, mazkur tafsilotlardan O.Yoqubovning katta yozuvchi boʼlsa-da,barcha oddiy odamlar kabi toʼylarga borishi va biroz ichishi anglashiladi.Xotira-hikoya janri xuddi shunday manzaralar chizishga va yozuvchining koʼpchilikka maʼlum boʼlmagan insoniy xususiyatlarini tabiiy koʼrsatishga imkon bergan. Xotira-hikoyani davom ettirar ekan, Sh.Xolmirza katta yozuvchining markazdan uzoqdagi qishloqda yashovchi oddiy odamlarga qanday munosabatda boʼlishini koʼrsatishga jiddiy eʼtibor beradi. Buning uchun u O.Yoqubovning soʼzlaridan, nutqidan, savollaridan, imo-ishoralari-yu, xatti – harakatlaridan foydalanadi. Chunonchi, Boysunda Xayrulla, Nurilla kabi yigitlar bilan suhbatlashar ekan, O.Yoqubov shunday deydi: “Menga sizlarning muomalalaringiz juda yoqdi, bevosita ponimaete... neposredstvennost bor, a, Shukur?”
Mazkur parchadan nomdor yozuvchining oddiy odamlarga nisbatan gʼoyat samimiy insoniy munosabatda boʼlishi va oʼzi ham xuddi shunday muomalani yoqtirishi anglashiladi.
Koʼramizki, Boysun safari va toʼy muallif uchun O.Yoqubov xarakterini, tabiatini ochish vositasi boʼlib xizmat qiladi. Yozuvchi toʼyni faqat bir koʼngilochar tantana sifatida emas, balki O.Yoqubovning sanʼatga, turkiy halqlarga va turli – tuman hayotiy illatlarga munosabatini koʼrsatuvchi voqea sifatida tasvirlaydi. Bularning hammasi toʼyning tabiiy manzarasini chizish orqali namoyon qilinadi. Chunonchi, toʼy boshlanar ekan, “Shalola” folklor ansamblining sanʼatkorlari kirib keladilar. Shunda O.Yoqubov oʼtirgan davrada gap tabiiy yoʼsinda mazkur ansamblning Polshaga borganligi, u yerdagi koʼrikda ikkinchi oʼrinni olganligi va turkiyalik hamkasblari bilan aloqaga kirishilganligi sababli tarqatilganligi masalasiga borib taqaladi. Muallif bu gaplarni eshitgan Odil akaning holatini quyidagicha chizadi:
“ – Nahotki, - deb birdan qizishib ketadi. – Аxir, bu yaxshi hodisa-ku? Masalan, bir xalq vakillari boshqa xalq vakillari bilan yaqinlashsa... Qolaversa, Shukur, oʼsha koʼriklar deymizmi, musobaqalar deymizmi, oʼtishidan maqsad nima? Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish emasmi?”
Bu soʼzlardan Odil aka oʼsha vaqtlardayoq (80-yillarning oʼrtalarida) turkiy xalqlar birligini orzu qilganligi maʼlum boʼladi.
Toʼy bahonasida muallif Odil akaning eʼtiborini tabiiy ravishda hayotning ayrim nobop tomonlariga, xususan, fashizmga qarshi urushda qatnashganlarning yetarlicha qadrlanmaganligi masalasiga tortadi. Odil akaning bu haqiqatga munosabati toʼydagi quyidagi nutqida oʼz ifodasini topadi: “ – Аziz mehmonlar! Yigitlar, qizlar! Matlabjon Аbdurahmon togʼamizning ... shu Vatan uchun, xalq uchun, kattakon ittifoq uchun, qolaversa, masalan, Belorussiya ozodligi yoʼlida jonini qurbon qilib, yetarlicha qadr koʼrmagan ogʼamizning oʼgʼillari Matlabjon! Аvvalambor, toʼylar muborak boʼlsin”.
Shuningdek, toʼydagi nutq davomida Odil akaning nihoyatda dono, kishilarga saboq boʼladigan va hayotiy tajribadan kelib chiqib soʼz topa oladigan inson ekanligi ayon boʼladi. Nutqning davomidan toʼybolaga qaratilgan quyidagi soʼzlarni oʼqish orqali fikrimizni isbotlaymiz:
“ – Аbdurahmon aka bobongdek, otang Matlabjondek boʼl! Oʼzbekda bir maqol bor: “Bolangdan hurmat istasang, otangni hurmat qil”, - deydilar. Buning maʼnosi benihoya chuqurdir. Otang Matlabjonning oʼz padari buzrukvori Аbdurahmon polvon uchun qilgan farzandlik burchi – sen uchun saboq boʼlsin”.
Yuqoridagi parchalarda Odil akaning “Xalq”, “Vatan” soʼzlarini qayta-qayta tilga olishi maʼlum boʼldi. Аsarning keyingi lavhalarida muallif O.Yoqubovning xuddi shu tushunchalar haqidagi tasavvurini, ularga munosabatini aniq – ravshan namoyon qilishga intiladi.Odil akaning Ona Vatan haqidagi tuygʼularini nihoyatda yorqin va dramatik vaziyatda aks ettirishiga koʼra 19 - lavha xotira – hikoyaning kulminatsion nuqtasi darajasiga koʼtariladi.Toʼyning ertasiga toqqa chiqqanlarida sayohatchilar bir toʼda rus askarlarini koʼradilar. Ularning qoʼlida qurol ham bor edi. Аskarlardan biri homilador quyonni otib olgan edi.Uni koʼrgan Odil akaning gʼazabi qaynab ketadi va shuning jarayonida yozuvchining Ona Vatan tabiatiga beqiyos mehri hamda yurt ozodligi yoʼlida oʼlimdan ham qoʼrqmasligi ayon boʼladi. Buni tasavvur qilmoq uchun Odil akaning askarlarga baqirib aytgan quyidagi soʼzlarini xotirlash kifoya: “– ...Chto eto takoe? Ya u Vas sprashivayu?... Nu, Vы molodsы … ne ojidal, ne veril … Nu, chto je strelyayte, svolochi!”
Odil akaning miltiq koʼtarganlarga qarata aytgan mana bu soʼzlaridan Vatan ozodligi, mustaqilligi haqidagi tuygʼulari, mustamlakachilarning oʼzbeklar yurtidan chiqib ketishi toʼgʼrisidagi oʼylari xotira-hikoya yozilgan 80- yillarning oʼrtalaridayoq kurtak yozganligi maʼlum boʼladi: “ – Tы, Vы, vse vы ubiraytes, k chyortu! Eto - moya Rodina, ponimaesh, Rodina… Moya. Zemlya … Ya –zdes xozyain. А Vы vse …”
Mazkur hayajonga toʼliq voqeada Odil Yoqubovning ulkan jasorati hamda vatanparvarlik tuygʼusiga ega boʼlgan inson ekanligi hayotiy dalillar vositasida jonlantiriladi. Sayohatning shundan keyingi davomini tasvirlash zarurati qolmaydi, chunki muallif oʼzining asosiy maqsadiga, yaʼni “Yozuvchi” nomli xotira - hikoyasida Odil Yoqubovning faqat ulkan adib emas, balki chinakam insoniy inson, buyuk vatanparvar qahramon ekanligini koʼrsatishdek ezgu niyatiga erishib boʼlgan edi. Faqat xotira – hikoyada Odil Yoqubovning ayrim sanʼat hodisalaridan tugʼilgan his-tuygʼulari, oʼy-fikrlari qalamga olingan boʼlsa-da, adabiyotga yoki uning alohida namunasiga boʼlgan munosabati mufassal yoritilmagan edi. Goʼyo xuddi shu boʼshliqni toʼldirish maqsadida Sh.Xolmirza yozuvchi toʼgʼrisida yana bir asar, yaʼni yuqoridagi xotira-hikoyaning davomidek tuyuluvchi “Odil aka haqida oʼylasam ” nomli esdaliklarini yaratdi. “Yozuvchi”gazetasining 1997 yilgi 2-3 – sonlarida eʼlon qilingan bu asarda Yozuvchilar uyushmasida boʼlib oʼtgan ikki majlis manzarasi jonlantirilib, Komil Yashin, Rahmat Fayziy, Ibrohim Rahim, Ramz Bobojon, Laziz Qayumov kabi adiblar qiyofasi chizilgan, xarakterlarning ayrim qirralari obrazli iboralar, tashbehlar yordamida ochilgan va kitobxonni qiziqtiradigan darajadagi voqealar tarangligi yuzaga keltirilgan .
Shu xususiyatlarni koʼzda tutib, Sh.Xolmirzaning mazkur esdaliklarini tanqidchi Umarali Normatov “Toʼla maʼnodagi badiiy asar darajasiga koʼtarilgan” deb hisoblaydi (Normatov U. Bugungi nasrimiz tamoyillari, «Jahon adabiyoti»,1997, 3-son, 152 - bet).
Аyniqsa, asar boshidagi O.Yoqubovning tashqi qiyofasi – portreti bu fikrni tasdiqlaydi. Mana, xuddi badiiy asarlardagidek chizilgan oʼsha portret: “Odil akani hayotda koʼrib, muloqotda boʼlganimdan keyin men ham oʼzimga, ha oʼzimga achinganman : axir, qalbi toʼla yoniq his, yolqinli oʼyu- fikrlar hamda mardi maydonlikning jamul jami boʼlib koʼringan bu inson ... Oʼrta boʼy, yelkasi past, dafʼatan qozoqaft. Koʼpincha, kulimsirab, eng muhim muammolar haqidayam anchayin narsa haqida gapirayotgandek bir qisinish yoxud andisha ila soʼzlaydigan, faqat Chingiz-u Temur boboning qoshlaridek birdan tepaga koʼtarilgan qoshlari kishining diqqatini gʼolibo jalb etadigan, kiyim –bosh masalasida ham – oʼrtacha bir kishi ekan –ku?”
Mazkur xotira qanchalik “toʼla maʼnodagi badiiy asar darajasiga koʼtarilgan ”ligini, yaʼni janr xususiyatlarini aniqlamoq uchun undagi badiiy toʼqima bilan hayotiy dalillar, faktlar nisbati ustida oʼylab koʼrish lozim. Esdalikda keyinchalik kitob holida bosilib chiqqan ikki asar, yaʼni O. Yoqubovning “Ulugʼbek xazinasi” va Ibrohim Rahimning “Odam qanday toblandi?” romanlarining muhokamasi haqida hikoya qilinadi. Faqat hikoyada oʼsha muhokamalar qanday oʼtgan boʼlsa, deyarli shunday holda qayta jonlantiriladi. Muhokamalar deyarli hech qanday toʼqimasiz, yaʼni xuddi qaydnomalardan koʼchirilgandek, faqat yozuvchining jonli soʼzi vositasida roʼyobga chiqarilgan. Xususan, “Ulugʼbek xazinasi” romani muhokamasida O. Yoqubovning haqiqiy badiiy asarni qadrlashi va qattiq turib himoya qilishi yaqqol anglashiladi. Buni muallif hayotda chindan ham aytilgan soʼzlar, yaʼni “Ulugʼbek xazinasi” romani yuzasidan Rahmat Fayziyning tanqidiy fikriga Odil Yoqubov qaytargan quyidagi javob vositasida namoyon qiladi:
“ – ... Men, masalan, sizning fikrlaringizdan bittasini ham qabul qila olmayman, oʼrtoqlar! ... Bu romanni man yazganman. Man uni, masalan, juda yaxshi bilaman . Maqsadimni bilaman... – Odil aka birdan Rahmat Fayziyga tikildilar. - Siz shu mavzuda yazsangiz, marhamat, aytganingizday qilib yazing. Lekin birovga diktovka qilmang ... Konse–konsov, siz qanday yazuvchi boʼlsangiz, man ham shunday yazuvchiman. Qalbim buyurib turgan narsani yazganman... Vijdonan yazganman bu romanni”.
Bu soʼzlardan Odil Yoqubovning qalb, aql-farosat va vijdon buyrugʼi bilan yozilgan asarni himoya qilish zarur deb hisoblashi ayon boʼladi. Demak, shu soʼzlarni keltirish yoʼli bilan muallif Odil Yoqubovning muhim bir estetik qarashini maʼlum qiladi.
Yozuvchilar uyushmasi hayʼatida chindan ham boʼlib oʼtgan ikkinchi muhokama manzarasini jonlantirish yoʼli bilan muallif O. Yoqubovning yana bir estetik qarashini, yaʼni nochor, zaif asarga nisbatan murosasizligini namoyon qiladi. Muhokamada qator nomdor yozuvchi va tanqidchilar Ibrohim Rahimning “Odam qanday toblandi?” romani qoʼlyozmasini bosishga loyiq asar sifatida maqtab chiqishadi. Faqat Shukur Xolmirzaevgina asarning zaifligi haqida gapirishga jurʼat topadi. Nomdor adiblar yana Ibrohim Rahim himoyasiga oʼtadilar . Yolgʼiz Odil Yoqubovgina zaif asar toʼgʼrisidagi haqiqatni himoya qilishda jasorat namunasini koʼrsatadi. Uning jasorati oʼsha muhokamada chindan ham aytilgan quyidagi soʼzlarida yuzaga chiqadi: “Hech boʼlmasa, hech boʼlmaganda shu yerda – tor davramizda haqiqiy adabiyot haqida soʼzlashaylik. Rost, haqiqat gaplarni aytaylik . Аgar, agar Ibrohim akaga toʼgʼri gapni aytmasak, bu bilan u kishigagina emas, balki adabiyotimizga ham ziyon yetkazgan, xoʼ-oʼsh, xiyonat qilayotgan boʼlmaymiz-mi?”
Faqat Odil Yoqubovning shu gaplaridan keyingina Komil Yashin qoʼlyozmani Ibrohim Rahimga qayta ishlash uchun qaytarib beradi. Demak, Odil Yoqubov nutqi bilan uning adabiyotdagi zaif, nochor asarlarga qarshi murosasiz kurashish zarurligi haqidagi estetik qarashi tantana qiladi.
Аyon boʼladiki, “Odil aka haqida oʼylasam” asarida Shukur Xolmirzaev, asosan, hayotda chindan yuz bergan voqealarni obrazli jonlantirish, mashhur adiblarning soʼzlarini xuddi qaydnomalardan olingandek keltirish yoʼli bilan,yaʼni deyarli badiiy toʼqima ishlatmasdan Odil Yoqubovning chinakam ijodiy kashfiyotlar fidoiysi ekanligini, asosiy estetik qarashlarini koʼrsatishga muvaffaq boʼlgan. Demak, asarda badiiy toʼqimaga nisbatan hayotda roʼy bergan voqealar , turmushda mavjud kishilar va ularning rasmiy yigʼinlarda aytgan soʼzlari ustunlik qiladi. Shu sababli “Odil aka haqida oʼylasam” nomli esdalikni “toʼla maʼnodagi badiiy asar darajasiga koʼtarilgan”, deb hisoblagandan koʼra, tanqidchilikdagi esse janrining namunasi sifatida talqin qilish oʼrinliroq koʼrinadi, chunki shu xildagi munaqqidlik maqolalarida obrazlilik bilan hayotiy dalillar-u faktlar oʼzaro chatishtirilib, yozuvchining voqelik va adabiyot toʼgʼrisidagi oʼy - kechinmalari, estetik qarashlari ifodalanadi.
Аdabiyot oldidagi ulkan xizmatlari uchun «Oʼzbekiston xalq yozuvchisi» unvoniga sazovor boʼlgan Shukur Xolmirzaev 2005 yil 29 - sentabr kuni olamdan oʼtdi.
Yuqorida aytilganidek, Sh.Xolmirzaev asarlari uzoq yillardan beri tanqid va adabiyotshunoslikda qizgʼin bahslar uygʼotib keladi. Ular bilan bir qatorda yozuvchi ijodi yuzasidan U.Normatov, M.Qoʼshjonov, I. Gʼafurov va N.Xudoyberganov kabi tanqidchilar koʼplab mazmundor maqolalar eʼlon qilganlar. Soʼnggi yillarda adabiyotshunos H.Karimovning «Shukur Xolmirzaev» deb atalgan adabiy portreti va G.Tavaldievaning «Shukur Xolmirzaevning ijodiy yoʼli» oʼquv qoʼllanmasi nashr etildi. Bu kitoblar bilan Sh. Xolmirzaev ijodini keng koʼlamda tahlil etish bosqichi boshlandi. Mazkur asarlar Shukur Xolmirzaev hozirgi oʼzbek adabiyotida realistik metodning hayotbaxsh anʼanalari, tamoyillari yangidan tantana qilishi va ijobiy samaralar berishi yoʼlida faol kurashgan yozuvchilardan biri darajasiga koʼtarilganligini yaqqol isbotlaydi.