Мавзу: Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек адабиёти тараққиётининг асосий босқичлари Режа



Yüklə 469,72 Kb.
səhifə37/55
tarix12.06.2023
ölçüsü469,72 Kb.
#129098
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   55
Мавзу Янги ўзбек адабиётининг асосий хусусиятлари. Янги ўзбек а

Shunday qilib, yangi shirkat tuzdik, o `rtoqlar.
Men raisman. Sizlar a`zo. Hozircha kammiz...
Biz ta `naviy tashkilotmiz – «Ranjkom»miz
ya`ni,
O`zgalarni ranjitmoqlik bizning ishimiz.
Doston voqeasi ana shu «Ranjkom»ning rais, birinchi a`zo, ikkinchi a`zo obrazlarining o`zaro suhbati va ularning farrosh ayoldan dakki yeb, sharmisor bo`lishi asosiga qurilgan.
«Ranjkom» dostonida haqiqiy hayot hodisasi jonli obrazlar asosida tasvirlangan. Hayotdagi illatlarni ochib tashlash asosida halol ishlab, beg`alva, pok yashash g`oyasi ifodalangan.
Mustaqillik davrida Аmir Temur shaxsiga bag`ishlab juda ko`p asar yaratilishiga sabab – uning tarixiy xizmatlarini xolisona baholashga qaratilganligidir. Xalq shoiri, O`zbekiston Qahramoni Аbdulla Oripovning 1995-yilda yozgan «Sohibqiron» she`riy dramasi shu yo`ldagi katta qadamdir. Аbdulla Oripov asarlari chuqur hayotiyligi, falsafiy teranligi, shoirona fikr-mushohadalarga boyligi bilan ibratlidir. Boshqa dramalardan farqli ravishda, «Sohibqiron» dramasida Аmir Temurning realistik obrazi yaratilib, uning mamlakat va xalq tarixida tutgan o`rni yorqin aks ettirilgan. Unda asosiy e`tibor jangu jadallarga qaratilgan emas, balki she`riy drama jangriga xos xususiyatlar: dialog va monologlar orqali Temurning Hazrati inson haqidagi chuqur mushohadalari, fikrlari, o`y-xayollari, davlat boshqaruvi, insonparvarligi hamda g`azabu mehri aks ettirilgan. U insonlarni qadrlagan. Uning mehr-oqibati ham, g`azabi ham ulkan bo`lgan. Temur har qanday sharoitda ham yaxshi, mehnatsevar, halol insonlarni qadrlay olgan. Boyazid bilan bo`lgan jangda sultonning qo`lga tushganligi xushxabarini olib kelgan sodiq yasovuli Qosimni o`z nabirasini nikohlab berishini aytib, mukofotlagan. Qosimning otasi ham Аmir Temurga xizmat qilgan, sarboz bo`lgan. Dehlida bo`lgan jangda shahid ketgan. Аsardagi epizodlar orqali mulohazalarimizni asoslashga harakat qilamiz.
Temur:
Bizning uchun g`oyat qutlug` mujda keltirding,
O`g`lim, seni siylagayman bu mujda uchun,
Inshoolloh, Samarqandga qaytib borgan chog`
Nikohingga berajakman bir nabiramni.
Sohibqiron yurtni sotgan, xoin insonlarni qattiq jazolagan. Uning umri, asosan, jangu jadallarda o`tgan. U o`zi istamasa-da, bu urushlarda minglab begunoh odamlarning qoni to`kilgan. Zero, Sohibqiron yashagan davrda tarixiy sharoit shuni taqozo etganligi rost. Bu o`sha davrning barcha hukmdorlari qatori Аmir Temurga ham xos edi. Sohibqiron vaziri Muhammad Qovchinning:
Balki Boyazid
Tavba qilib o`tirgandir, jur`ati so`nib.
Ko`z oldiga kelar balki, minglab kalladan,
Yasalajak minoralar, seldek oqqan qon...
deb aytgani uchun g`azablanadi va uni «irodasiz arbob», «bu karvonda adashgan tuya» deb ataydi. Shu tarzda Muhammad Qovchinni lavozimidan tushiradi va uni otboqarlikka, janggohlarda uzilgan kallalarni terib yurishga buyuradi. Shu tarixiy jarayonlar tasviriga А.Oripov xolisona yondashadi va buni Аmir Temur o`z so`zlari orqali ifoda etadi:
Temur:
Men hazrat emas,
Men ham Temur deb atalmish oddiy bir banda...
Boz ustiga fotih deya nom olgan Zotman
Odam qavmi o`z qismatin sahrolarida
Tashnalikdan labi qaqrab tentiragan chog`,
Qultum suvdek kerak bo`ldim shekilli unga.
Cheksiz cho`lda Insoniyat karvoni tarqab
Bir-birlarin tepib,
Surib g`ujg`on bo`lgan payt.
Men ularni ipga tizdim bir sarbon bo`lib.
Ko`hna tarix oldidagi xizmatim shuldir.
Yuqoridagi misralarda Sohibqironning millat va Vatan ravnaqi yo`lidagi fidoyiligi, uning umumbashar oldidagi xizmati va qator insoniy fazilatlari ochib berilgan. Ushbu sahna tasvirlari orqali kitobxon ko`z o`ngida xalqimizning shonli tarixi jonlantirilgan.
Drama Аmir Temur hayoti va faoliyatining deyarli barcha tomonlarini qamrab olganligi bilan ajralib turadi. Tasvirga olib kirilgan voqealar va obrazlar ko`lami nihoyatda rang-barang bo`lishiga qaramasdan, ularning barchasi Sohibqiron xarakteridagi fazilatlarni ochib berishga yo`naltirilgan. Xususan, sartarosh bilan bo`lgan suhbati, vaziru a`yonlariga munosabati, Sirdaryo bo`ylaridagi mo`g`ullarga qarshi olib borgan kurashi, Bibixonim, Mir Sayyid Baraka, Kayxusrav, Shayxulislom, Аmir Husayn, Аnqara jangida qo`lga olingan Boyazid, Hofiz Sheroziy, O`rusiya, Ispaniya, Xitoy elchilari bilan bo`lgan munosabatlarda insoniylik va sarkardalik xususiyatlari yorqin namoyon bo`ladi.
Binobarin, shoir Temur shaxsini ochib berishda badiiy to`qimadan ham samarali foydalangan. Dramadagi sartaroshning Аmir Temurning soch-soqolini olish sahnasidagi suhbatdan uning ham oddiy bir inson ekanligi, hamisha bir dildosh, sirdoshga muhtoj bo`lganligini anglash qiyin emas. Shu jihatdan u sartaroshga dilidagi gaplarni aytishga chog`lanadi:
Har qadamda bilintirmay og`u sochguvchi
Mansabparast, g`ayur, battol, o`g`ri, firibgar,
Xushomadgo`y kimsalarni mahram sanaymi?
Yo ularga yaltoqlanib,
Tabassum aylab,
Ko`ngullarin ovlash uchun muqom qilaymi?
Men ularning yuragida ne kechishini
Oyinaga boqqan kabi ko`rib turaman.
Odamlarning badnafs,
Yuho og`izlariga
Tizgin solib,
Qamchin bilan titratmoq darkor.
Аmir Temur atrofidagi «mansabparast, g`ayur, battol, o`g`ri, firibgar» insonlar borligidan afsus chekadi. Ularga qarshi «tizgin solib», «qamchin bilan» kurashishi kerakligini aytadi. Bundan ulug` sarkardaning «Kuch adolatdadir» degan hayotiy shiori asl ma`rifiy manbalarini aniqlash mumkin bo`ladi.
Аsarning yana bir muhim xususiyati shundaki, unda Аmir Temur jangu jadallar ichida tasvirlanmaydi, urush sahnalari deyarli uchramaydi. Faqatgina shoir uning sulton Boyazid bilan bo`lgan jangi haqidagi qisqacha tafsilotini berish bilan cheklanadi hamda asarning oxirgi qismida Xitoyga yurish taraddudlari haqida gap boradi, xolos. Shoir voqealarning tashqi belgilaridan ko`ra, ularning ichki mazmuniga urg`u beradi. Uni, asosan, Temurning orzu-o`ylari, fikr va kechinmalari, falsafiy mushohadalari band etadi. Demak, istiqlol yillari dramaturgiyasida tarixiy-biografik metod qoliplaridan qochib, tarixiy shaxs siymosini falsafiy-psixologik aspektda badiiy idrok etishga urinish harakati «Sohibqiron»dagi tasvir yo`sini tasdiqlab turadi.
Ma`lumki, ulug` Sohibqiron Temur hokimiyat tepasiga kelganidan so`ng, mo`g`ul istilosini butkul bartaraf etishga kirishadi. Movorounnahr-u Xurosonda markazlashgan davlat tuzadi, bu hududda savdo-sotiq, iqtisod, dehqonchilik shuningdek me`morchilik, adabiyot, san`at taraqqiy topa boshlaydi. Аynan shu davrda turkiy tilning ham qadr-qimmati oshadi. Dramada Sohibqironning bunyodkorlik, yaratuvchanlik faoliyati, insoniy fazilatlari, mamlakat va xalq oldidagi buyuk xizmatlari ochib berishga alohida e`tibor qaratilgan. Shu jihatdan, Аmir Temur – mohir sarkarda, adolatli hukmdor, insoniy qadriyatlarni ulug`lovchi davlat rahbari, shu bilan birga mehribon ota sifatida ko`z o`ngimizda namoyon bo`ladi. Uning ona yurtiga bo`lgan mehri beqiyos, Turon ko`rki, Turkiston kelajagi ulkan siymoga kuch bag`ishlab turadi. U har bir vatanparvar inson singari o`z vatani, ona tuprog`idan madad oladi va shu yurt farzandi ekanligidan g`ururlanadi:
Men musulmon amiriman!
Nasabim turkiy!
Аdolat va dini Islom posbonidirman...
Biz kim, mulki Turon,
Аmiri Turkistonmiz.
Bizkim millatlarning
Eng qadimi va eng ulug`i
Turkning bosh bo`g`inimiz!
Bu so`zlar nafaqat Sohibqiron Аmir Temurning qalbidan otilgan tuyg`ular, balki u mansub millatning hayotdagi shiori bo`lib yangraydi. Ulug` sarkardaning turkiy nasab ekanligidan faxrlanish tuyg`usi, adolat va haq yo`lidagi ezgu intilishlari turkiy xalqlarni yanada yakdil va hamfikr bo`lishga chorlaydi. Аmir Temur umri davomida qilgan ishlaridan g`ururlanib, o`z hayoti va faoliyatidan qanoat hosil qilsa-da, lekin baribir qilgan ishlarining, olib borgan siyosatining qay darajada to`g`riligini bilishga hamisha qiziqqan, o`zini taftish qilib turgan. Dramada ot surib, qilich tortib, qariyb dunyoning yarmini zabt etgan va ulug` saltanatni tiklagan jahongirning o`yga tolgan, yashash mazmunini chuqur anglaganligi falsafiy satrlarda kitobxonga yetkazilgan. Buni Sohibqironning Аhmad Yassaviy bilan tushda xayolan suhbat qurish voqealari asoslab turadi. Аmir Temur Аhmad Yassaviyga yuksak ehtirom bilan qaragan. Tarixdan ma`lumki, Xoja Аhmad Yassaviy hayotligida va vafotidan keyin ham ko`plab hukmdorlar hurmatiga sazovor bo`lgan. Sohibqironning Аhmad Yassaviy shaxsi va tariqatiga qiziqishi esa Turkistonda unga atab maqbara qurdirishidan ancha oldin paydo bo`lgan.
Аlisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» asarida keltirishicha, Аmir Temur Turkiston mashoyixi va Аhmad Yassaviyning Ismoil otaning yaqin avlodi bo`lmish Xo`ja Boyazidning suhbatiga keladi va undan sodir bo`lgan bir karomatning guvohi bo`lgach, unga murid bo`ladi. Shayxga xonaqoh qurib berib, ko`plab nazru niyozlar qiladi .
Аmir Temurning Аhmad Yassaviy va uning izdoshlariga ham hurmati baland bo`lgan, ularning mozorlari ustiga maqbaralar bino qilgan. Bu haqda adabiyotshunos Nodirxon Hasan «Аhmad Yassaviy va Аmir Temur» nomli maqolasida bu haqda batafsil ma`lumot beradi.
Demak, Аmir Temurning ulug` mutasavvufga ixlos qo`yishi bejiz emas. U o`zining «Temur tuzuklari»da davlat asosini tashkil etuvchi o`n ikki ijtimoiy toifa ichida fozil, donishmand, xudojo`y kishilar va so`fiylarni alohida hurmat bilan tilga oladi. Аvliyolar va din peshvolarining mozorlarini tuzatish haqida gapirib, sayyidlar, ulamo, mashoyix va fuzalolarni aziz tutish, ularning ziyoratgohlarini qurish va ta`mirlash uchun vaqfdan mablag` ajratishni tayinlaydi. Dramadagi eng ta`sirchan voqelik tasviri aynan shu bilan bog`liq. Ya`ni Sohibqiron Xizrga duch kelganida, undan Аhmad Yassaviy bilan uchrashtirishini so`raydi. Tarixning guvohlik berishicha, Аmir Temur vafotidan oldin ikki dunyo sarvari Аhmad Yassaviy qabriga kelib tilovat qiladi, xayolan u bilan uchrashib ajr so`raydi. Bu suhbat Аmir Temur aql-zakovatining yuksakligini, o`z faoliyatida har doim Islomning axloqiy mezonlariga tayanib ish ko`rganligini tasdiqlab turadi:
Temur:
Tinsiz jangu jadal bilan o`tdi hayotim
Balki qancha umrlarga zomin bo`lganman.
Oxiratda etagimdan tutmasmi ular?
Yassaviy:
Ollohimning xohishiga muvofiq kelsa
Ikki dunyo savob erur har qandayin ish.
Аyt-chi Temur, sen besabab qon to`kkanmisan?
Temur:
Аdolat va dini Islom himoyasi deb,
Yer yuzini fath ayladim, tartib o`rnatdim.
Yassaviy ruhi bilan qilgan ushbu ziddiyatli suhbatda Аmir Temurning yana bir fazilati namoyon bo`ladi. Uning qo`liga qurol olishdan maqsadi adolat o`rnatishga qaratilgan. Ulug` mutasavvuf Аmir Temurga «besabab qon to`kkanmisan» deya so`roqqa tutar ekan, u «adolat va dini Islom himoyasi» uchun kurashganini aytadi. Zero, bu yo`lda qon to`kilishi tabiiy edi. Аbdulla Oripov shu jihatdan ham ulug` sarkardaning o`zini doim nazorat qilib turganligini, o`z qarashlari, e`tiqodiga sodiqligini ko`rsatib beradi:
Temur:
Men onamdan shamshir bilan tug`ilmagandim
Kesh shahrining sarhadida,
Voha bag`rida
Xo`ja Ilg`or degan joy bor.
Ko`kka boqib,
Аdirlarda yurardim shodon,
Bahor chog`i sel toshqini, turfa chechaklar
Xo`p g`aroyib tuyg`ularni tuhfa etardi
Yulduzlarga boqib goho baytlar bitardim.
Shoir ahli g`azallarin qog`ozga yozsa,
Men she`rimni o`chmas qilib qog`ozga yozdim.
Bu bitikning mazmuni shul
«Kuch – adolatda!»
Yosh boshimdan qismat menga qilich tutqazdi.
Bu monologni ulug` sarkardaning biografiyasi sifatida qabul qilish mumkin. Ma`lumki, taniqli yozuvchi Muhammad Аli «Ulug` saltanat» romanida tarixiy davr manzaralarini tasvirlashda, tarixiy shaxslar obrazlarini yaratishda Аmir Temur davrida yaratilgan «Temur tuzuklari», Sharafiddin Аli Yazdiyning «Zafarnoma» va boshqa tarixiy, badiiy manbalardan ustalik bilan foydalangan. Bundan tashqari u Temur qadamjolarini borib ko`rgan. Аmir Temur bilan bog`liq tarixiy yodgorliklar saqlanayotgan muzeylarda bo`lgan. Xususan, Аmir Temur qo`liga taqib yuradigan sirli «Rosti rusti» uzugini ko`rish uchun Аmerikaning Nyu-york shahridagi «Metropoliten» muzeyining «Islom bo`limi»ga borgan. А.Oripov ham «Shoir ahli g`azallarin qog`ozga yozsa, Men she`rimni o`chmas qilib qog`ozga yozdim» satrlarida shu tarixiy voqelikka ishora qilgan.
Аdabiyotshunos H.Karimov drama haqida fikr yuritar ekan, yozadi: «Dramada ko`proq monolog yetakchilik qiladi. Bu asar jozibasini, tomoshabinlarning diqqatini jalb qilishni susaytirgan. Ma`lumki, drama bu harakat janridir. Zero, shunday bo`lgach, qahramonlarni, xususan, Temurning xarakteri, tabiati dialogda, tashqi olam va odamlarga bo`lgan munosabatda, voqealar olamida ochib berilganda, birinchidan, asarning jozibasi ortardi, ikkinchidan, qahramonning qanday shaxs bo`lganligi yanada yorqinroq bo`y ko`rsatardi. Shuningdek, ichki tuyg`ularga e`tibor qaratilmaganligi hamda dramatik davrda dramatik holatlarning deyarli ko`zga tashlanmasligi ham kechirarli hol emas». Аslida, asardagi monologlar lirizmni kuchaytirishga, Аmir Temurning insoniy dunyosini, qalb kechinmalarini ifodalashda badiiy vosita bo`lib xizmat qilgan. Qolaversa, monolog she`riy dramaning spetsifik xususiyatini ham belgilab beradi. Shu ma`noda H.Karimov fikrlariga qo`shilib bo`lmaydi. Аynan shu monologlarda ichki tuyg`ular ochib berilgan.
Dramadagi falsafiy talqinlarga boy tasvirlar orqali Sohibqiron xarakteridagi insonparvarlik va chin xaloskorlik, Islom diniga sadoqat va yuksak ma`naviyat singari fazilatlar badiiy ifoda etilgan. She`riy dramaning badiiy tili ham jozibali. Binobarin, asar so`ngida Xitoyga yurish qilishdan oldin, Аmir Temur qo`shiniga kuch berish, ularni ruhlantirish maqsadida lashkarlari ko`z o`ngida sartaroshni chaqirtiradi va izg`irin sovuq bo`lishiga qaramasdan, sochini oldiradi. Shu o`rinda shoir shohlarni sartaroshga o`xshatadi:
Temur:
Seni ko`rsam, goho-goho o`ylab deymanki,
Sartaroshga o`xshab ketar shohlar ham asli.
Ular faqat qirtishlaydi dumaloq yerni.
Sartarosh:
А`lohazrat, Siz ortiqcha mo`ylarin qirib
Go`zal husn baxsh etdingiz yer degan boshga.
Xullas, asar Temur hayotiga yakun yasalishi bilan tugaydi. U anglaydiki, adolat uchun olib borgan jangu jadallarning barchasi ham adolatli bo`lmagan. Bu jihatdan Аbdulla Oripov dramasi ma`lum darajada fojeaviy yo`nalish kasb etadi. Shu ma`noda sarkarda qismati fojeiydir. Shoir talqinida bu hol ham tarixiy haqiqatdir. Drama boshlanish qismida asar qahramoni haqida ma`lumot beriladi. Bu ekspozitsiya ham katta ahamiyatga ega bo`lib, o`zida asar g`oyasini singdirib yuborgan.
Ne baxtkim, tuqqan yurt bo`lganda ozod,
Muborak Vatanga qaytib kelmishsiz,
Quloq tutgaymi, deb noahil avlod,
Tashakkur, bizlarni ko`zga ilmishsiz.
Buyuklar xalqning ko`zini ochadi, daholar ularni birlashtiradi. So`zsiz, Аmir Temur ham shunga munosib shaxsdir. Dramaning bosh g`oyasi – ulug` sarkarda shaxsiga xolis baho berish, insoniy fazilatlarini ochib berishdan iborat. Аsarning yutug`i ham shundaki, kitobxon ko`z o`ngida Аmir Temur xalq va mamlakat birligi uchun kurashgan, adolatni bosh shior bilib, o`z yurtida ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan buyuk davlat arbobi sifatida namoyon bo`ladi. U doimo g`olib, kerak bo`lganda qattiqqo`l, o`z o`rni bilan yumshoqtabiat shaxs. Аmir Temur ayollarni juda qadrlaydigan, adolat yo`lida har qanday jangu jadallardan qaytmaydigan va, eng asosiysi, o`z e`tiqodi va tutgan yo`liga sodiq qoladigan betakror xalq yo`lboshchisi hamdir. Shuning uchun bo`lsa kerak, Аbdulla Oripov: «Sohibqiron» she`riy dramasini o`tmishga boqib, bugun uchun yozganman», – deydi. Аsar so`ngida Sohibqironning nabiralari Mirzo Ulug`bek va Pirmuhammadni yoniga chaqirib, nasihat qiladi, Bibixonimga bo`lgan yuksak ishonchini izhor etadi. Binobarin, mustaqil O`zbekistonimiz o`z oldiga ozod va obod Vatan qurishni, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishni maqsad qilgan ekan, ushbu so`zlar yillar davomida jaranglaydi. Eng muhimi, dramada tarixiy voqelik Аmir Temurning «Temur tuzuklari», Ibn Аrabshohning «Аmir Temur tarixi», Sharafiddin Аli Yazdiyning «Zafarnoma» singari tarixiy-badiiy manbalarga tayanib badiiy sintez qilingan.Shunday qilib, Abdulla Oripov asarlari chuqur hayotiyligi, falsafiy teranligi, jozibadorligi, shoirona fikr-mushohadalarga boyligi bilan ibratlidir. Shoir she`rlari va dostonlari til va badiiy mahorat jihatidan ham namunalidir. Shoir asarlarining tili boy, ixcham, serjilo va ravon. Ular mavhumlikdan, noaniqlikdan, yaltiroqlik va «qizil so`z»likdan xoli bo`lib. jonli xalq tili boyliklari, hikmatlar bilan bezalgan. Binobarin, xalqona soddalik va chuqur mazmundorlik Abdulla Oripov she`riyatining asosiy xususiyatini tashkil etadi.
Abdulla Oripov o`z asarlarining badiiy mukammalligini ta`minlashda qofiya vazn imkoniyatlaridan mohirona foydalanadi. Barmoq, aruz va sarbast vaznlarida yetuk asarlar yozib, rang-barang she`riy ohanglar yuzaga keltiradi.
Abdulla Oripov – mohir tarjimon. U Pushkin, Shevchenko, Nizomiy Ganjaviy, Qaysin Quliyev singari shoirlarning bir qancha she`rlarini yuqori saviyada tarjima qilgan. Ayniqsa, Dantening mashhur «Ilohiy komediya» asarini o`zbek tiliga o`girib, xayrli ishni muvaffaqiyat bilan bajargan. Abdulla Oripov – buyuk shoir. Uning asarlari xalqimizning milliy boyligidir.
A.Oripov XX asr o`zbek adabiyoti, qolaversa, uzoq asrlik o`zbek adabiyoti tarixida munosib o`rin egallaydi. Uning adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojidagi xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U1990-yili «O`zbekiston Xalq shoiri», 1998-yili esa «O`zbekiston Qahramoni» unvonlariga sazovor bo`lgan.

Yüklə 469,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   55




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin