QORA YOPING‘ICHLI ERKAK
Anton kitob do‘konining sarguzasht kitoblar bo‘limida kitob varaqlab ko‘rish bilan
mashg‘ul edi. Keksa sotuvchi ayol unga baqrayib qarab turardi. U bolalarning kitoblarni
varaqlab turishlarini xush ko‘rmasdi. Uning fikricha, bolalarning qo‘llari kir, pullari esa oz
bo‘larkan. Anton bir g‘alati sarlavhali qalin kitobni qo‘liga oldi. Kitob “Yashil tosh siri”,
deb atalgan ekan. Anton dastlab uning oxirini o‘qidi: “Juda kech. Ular juda
kechikishgandi. Murda yashil toshni barmoqlari bilan qisib ushlagan holda yotardi”.
Anton seskanib ketganidan “brrrr” deb qo‘ydi. U voqeaning yakuni murdaning qisilgan
barmoqlarida nimadir borligi bilan emas, balki yaxshi natijalar bilan tugashini ma’qul
ko‘rardi.
Bir erkak do‘konga kirib keldi. U juda baland bo‘yli, keng yelkali bo‘lib, enli qora
yoping‘ichga o‘ranib olgandi.
“Qiziq, shunday issiq kunda ham shunaqa narsaga o‘ranib olibdi”, – deb o‘yladi Anton.
Sotuvchi ayol u bilan quyuq so‘rashdi. U qo‘li kir va puli ozlarga o‘xshamasdi-da.
“Janob, nima istaydilar?” – so‘radi ayol.
“Komikslar” (tagida matnchalari bo‘ladigan rasmli jurnallar), — dedi erkak qisqagina
qilib.
Anton unga qaytadan nazar tashladi. ”Bular unga nima uchun kerak bo‘lib qoldiykan”, –
o‘yladi u hayron bo‘lib. Sotuvchi ayolning ta’bi bir oz xiralashganday bo‘ldi. “Chapdagi
ikkinchi javonda”, – dedi u. Haligi joy Antonning yonginasida edi. Erkak komikslarning
birinchi jildini javondan olayotganida, Anton uning qo‘llari titrayotganini ko‘rdi. “Yashil
tosh siri” endi Antonni umuman qiziqtirmay qo‘ydi. Uning butun e’tiborini qora
yoping‘ichli erkakning sirli qiyofasi o‘ziga tortardi.
“Tushunarli, — o‘yladi Anton, — u ta’qib qilinayotganga o‘xshaydi”.
Komikslarning jildlaridan biri pastga tushib ketdi.
Uning tovushi butun do‘konga taraldi. Sotuvchi ayol jahd bilan qarab qo‘ydi. Anton
kitobni olish uchun egildi, erkak ham egildi. Shu payt uning yoping‘ichi sirg‘alib tushdi.
Anton erkakga tikilib qoldi.
“Supermen”, – dedi u hayratlanib. Erkakning yoping‘ichi ostidagi ko‘k-qizil tusdagi ichki
kiyimidagi S yozuvi ko‘rinib turardi.
Anton bo’rini uchratgan kecha (qissa). Edith Shrayber-Vike
Dostları ilə paylaş: |