ANTON VA QORBOBO
Anton yana qo‘lqopchalarini izlashga tushdi. Ular ko‘m-ko‘k edi. Nihoyat u chapini topdi
va suyunib ketdi. Chunki bir qo‘lini jaketining cho‘ntagiga tiqib yursa ham bo‘lardi-da.
“Men yangi yil tomoshalarini ko‘rishga ketyapman”, - ogohlantirdi u. Onasi indamay
boshini qimirlatdi. U keyingi kungacha bir ishni qilib tugatishi kerak edi.
Anton ko‘cha bo‘ylab ketarkan, kul rang qor etiklariga chalpillab yopishib qolayotgandi.
“Quturgan qo‘y”, - dedi bir yoqimsiz ovoz. Yo‘l chetiga mashinasini sozlayotgan
haydovchi shunday deb yo‘lda ketayotgan haydovchiga ta’na qilib qoldi. Unisi esa yon
derazadan boshini chiqarib, - “Yangi yilingiz bilan!” – deya javob qildi-da, o‘tib ketdi.
Birinchisi uning ortidan qarab qoldi. Shundan so‘ng u og‘zini sekin yopib, yuzini qattiq
burushtirdi. Anton miyig‘ida kulib qo‘ydi va yo‘lini davom ettirdi.
“G‘arch-g‘urch”. Anton qor ustida etiklari bilan mana shunday tarzda qadam tashlab
ketayotgandi. Ko‘cha eniga chiroqlar zanjiri tortilgandi. Peshtaxtalarga archalar,
o‘yinchoqlar va qorbobolar qo‘yilgandi.
“Qayerga ketyapsan?” - so‘radi kimdir. U maktabda Antondan uch qator ortda
o‘tiradigan Markus edi.
“Yangi yil tomoshalarini ko‘rishga, - dedi Anton, - senchi?”
“Pochtaga ketayotgandim, - javob berdi Markus, - onam pul jo‘natishga yubordi. Vaqti
yo‘qligi uchun, u yangi yil arafasida do‘kondan chiqolmaskan”.
Markus kapyushonli kurtkasining cho‘ntagidan bir yashil konvert chiqardi.
“Anchagina pul”, - dedi u ta’kidlab.
“Biz pulimizni hech qayerga jo‘natmaymiz, balki xarajat qilamiz”, - dedi Anton. Pul uni
uncha qiziqtirmasdi.
Markus yashil konvertni ehtiyotkorlik bilan joyiga solib qo‘ydi.
“Men universal do‘konga kiraman, - dedi Anton, - bu yil u yerga qorbobo kelgan.”
“Aslida bunaqalar kiyimlarini almashtirib olgan kishilar bo‘ladi, ularga buning uchun
universal do‘kon pul to‘laydi”, - dedi Markus bepisand holda.
“Senga kim aytdi?” - so‘radi Anton.
“Dadam. Uning aytishicha, ular xaridorlar ko‘proq pul xarajat qilishlari uchun
qo‘yilarkan”.
“Men pul xarajat qilolmayman, - dedi Anton, - chunki menda yo‘q”.
Anton bo’rini uchratgan kecha (qissa). Edith Shrayber-Vike
Dostları ilə paylaş: |