www.ziyouz.com kutubxonasi
11
Duyshen.– O‘zim nimani bilsam, sizlarga ham shularni o‘rgataman...
Aytganiday, Duyshen bilganlarini ayamasdan, sabr-toqat bilan bizga ta’lim bera boshladi. Har
birimizning yonimizga kelib qalam ushlashni o‘rgatib bo‘lgandan keyin, biz eshitmagan gaplarni zo‘r
ishtiyoq bilan tushuntirib, qulog‘imizga quyib bordi. Hozir ham o‘ylab turib, yozilgan narsani o‘zi
zo‘rg‘a hijjalab o‘qiydigan bu chalasavod yigitning shunday buyuk ishga bel bog‘laganiga hayron
qolaman, axir uning qo‘lida bironta darslik, hatto oddiy alifbe kitob ham yo‘q edi-da! Ota-buvalari,
yetti pushti xat-savodsiz o‘tib kelgan bolalarni o‘qitish oson gap deysizmi! Duyshenning na dars
programmasi va na metodikadan xabari bor edi. Dunyoda bunday narsalar borligini bilmasdi ham.
Duyshen bizni bilganicha, qo‘lidan kelganicha o‘qitdi, ko‘ngliga nima kelgan bo‘lsa shuni
o‘qitaverdi. Uning sof ko‘nglidan chiqqan g‘ayrat-tashabbusi behuda ketmadi, o‘z samaralarini berdi,
bunga imonim komil.
U qahramonlik ko‘rsatdi-yu, lekin bu qahramonligidan o‘zi ham bexabar edi. Ha, bu chin
qahramonlik edi, nega deganda, o‘sha kezlarda ovulidan boshqa joyni ko‘rmagan qirg‘iz bolalari ko‘z
oldida, agar yoriq-teshiklardai qorli tog‘ cho‘qqilari ko‘rinib turadigan shu kulbani maktab deb atash
mumkin bo‘lsa, shu maktabda to‘satdan quloq eshitmagan, misli ko‘rilmagan yangi dunyo namoyon
bo‘ldi.
Lenin yashab turgan Moskva shahri Avliyo Otadan katta, Toshkentdan ham bir necha marta
kattaligini, dunyoda Talas vodiysiday keladigan ulkan-ulkan dengizlar borligini, bu dengizlarda
tog‘day-tog‘day kemalar suzib yurishini biz ana o‘shanda bilgan edik. Bilsak, bozorda sotiladigan
lampa moyini yer ostidan qazib chiqarishar ekan. Xalq boyib, turmushimiz yaxshilanganda maktabimiz
derazalari katta-katta oq uyda bo‘lib, bolalar partalarda o‘tirib o‘qiydigai bo‘lishiga biz o‘sha
vaqtdayoq ishongan edik.
Uncha-muncha harf taniganimizdan keyin, «Ota», «Ona» so‘zini bilmasak ham, birinchi yozgan
so‘zimiz «Lenin» bo‘ldi. Bizning siyosiy alifbemiz: «boy», «batrak», «sovet» degan so‘zlar edi.
Duyshen «revolyutsiya» so‘zini yozishni bir yildan keyin o‘rgataman, deb va’da qildi.
Duyshen, otasi temir yo‘lda ishlab yurgan kezlari, Mixail Semyonovich degan bir keksa
muallimning qo‘lida ikki qish o‘qigani, keyin armiyaga borib, oqlar bilan urushganlarini hikoya
qilganda, biz ham xayolimizda u bilan yonma-yon turib jang qilganday bo‘lardik. Lenin to‘g‘risida
xuddi uni o‘z ko‘zi bilan ko‘rganday hayajonlanib gapirardi. Uning aytganlarining ko‘plari, albatta,
buyuk dohiy haqida xalq og‘zida doston bo‘lib yurgan rivoyatlar edi. Bunga hozir aqlim yetib turibdi,
lekin bular o‘sha kezlarda biz, Duyshen shogirdlari uchun kundek ravshan haqiqatlar edi.
Bir kun oqko‘ngillik bilan:
– Og‘a, Lenin bilan qo‘l berishib ko‘rishganmisiz? - deb savol bergandik, muallimimiz bir xil
bo‘lib bosh chayqadi-da:
– Yo‘q, bolalar, Lenin bilan yuz ko‘rishish nasib bo‘lmagan menga, -deb bizning oldimizda
xijolat bo‘lganday xo‘rsinib qo‘ydi.
Har oyning oxirida Duyshen ish bilan volostga piyoda jo‘nab ketardi-yu, shu bilan ikki-uch kun
deganda qaytib kelardi.
Shu kunlarda biz uni juda sog‘inib qolardik. Bir tug‘ishgan akamni kutganday kelinoyimga
sezdirmay, tez-tez pastki yo‘lga qarab, muallimning xurjun ko‘targan qiyofasi ko‘rinarmikin,
yuragimni ilituvchi tabassumini qachon ko‘rarkinman, ma’rifatli so‘zlarini qachon eshitarkinman, deb
yo‘liga intizor bo‘lib kutardim.
Duyshenning shogirdlari ichida eng kattasi men edim. Shuning uchun ham boshqalardan uquvim
yaxshiroq edi, lekin, nazarimda, boshqa sababi ham yo‘q emasdi. Muallimning har bir so‘zi, ko‘rsatgan
har bir harfi men uchun tabarruk, muallimga ixlosim zo‘r edi. Duyshenning ta’limini qulog‘imga quyib
olnshdan ham muhimroq ilinjim yo‘q edi bu dunyoda.
Duyshenning bergan daftarini ayab-avaylab, yer ko‘kka ishonmay, yurgan yo‘limda o‘roq uchi
bilan yer chizib, ko‘mir bilan devorga, xivich balan qor ustiga harf suratini solib, so‘z to‘qib yurardim.