www.ziyouz.com kutubxonasi
23
— Gaping to‘g‘ri, Erdene, — sekingina javob qildi ayol. Sen haqsan, so‘z bo‘lishi mumkin emas.
O’lish kerakmi, yashash kerakmi — shu to‘g‘rida o‘ylab turibman. Men o‘zimni aytayotganim yo‘q. Sen
bilan baxtliman, men o‘zimga shunday so‘z berganman, o‘lsam o‘lamanki, lekin sendan bo‘lgan mana
shu norastaning nobud bo‘lishiga ikki dunyo yo‘l qo‘ymayman. Bu ishga qo‘lim bormadi — to‘g‘ri ish
qildimmi, noto‘g‘ri ish qildimmi — bilmadim.
O’zingni ko‘pam qiynayverma, yashash kerakmi-yo‘qmi deb o‘zingni azobga solma. Biz bola
tug‘ilsa yo‘q qilamiz deb bir yostiqqa bosh qo‘yibmidik? Ikkalamiz ham o‘g‘il bola bo‘lishini xohladik.
Endi ana shu go‘dak uchun yashashimiz kerak. Quloq eshitib ko‘z ko‘rmagan yoqlarga ketishimiz
shart.
— Men o‘z taqdirim haqida emas, boshqalar taqdiri haqida o‘ylayapman. Qani menga ayt-chi —
ana shu qilgan ishimiz uchun meni o‘ldirishib, sen bilan o‘g‘ilchamizni omon qoldirishlari mumkinmi?
— Bunday dema. Bu bilan meni haqorat qilyapsan, Do‘g‘ulang. Hozir gap bu haqda emas. Undan
ko‘ra o‘zing haqingda gapir — o‘zing bardammisan? Yo‘lga chiqa olasanmi? Oltun ikkalang aravada
bo‘lsalaring, men otda senlarni qo‘riqlab ketaman.
— Sen nima desang shu, — qisqacha javob berdi kashtado‘z. — Yoningda yursam bo‘ldi.
Ikkalasi ham belanchakka engashib bolaning yuziga termilgancha jim bo‘lib qolishdi. Bir ozdan
keyin Do‘g‘ulang so‘z qotdi:
— Qo‘shinlar yaqinda Yoyiq
2
daryosi sohiliga yetarmish, shu gap to‘g‘rimi? Oltunga shunday
deyishibdi.
— Bir kunlik, ikki kunlik yo‘l qoldi shekilli, har holda uzoq emas. Ertagayoq daryo yoqasidagi
chakalaklar, buta-lar, siyrak o‘rmonlar boshlanadi, naryog‘i Yoyiq degan so‘z.
— Yoyiq katta daryo bo‘lsa kerak-a?
— Idil daryosiga boraverishda eng katta daryo. Ana shu Yoyiq.
— Chuqurmi?
— Chuqurlikka chuqur, hamma-ham o‘tavermaydi, ot ham o‘tolmaydi. Tarmoqlari sayoz, albatta.
— Demak, chuqur bo‘lsa, sekin oqar ekan-da?
— Jimirlab sekin oqadi, tez oqadigan joylari ham bor. O’zing bilasan-ku, mening yoshligim Yoyiq
dashtlarida o‘tgan. Biz shu yerlik tug‘di-bitdimiz. Bizning qo‘shiqlarimiz ham Yoyiq haqida. Oydin
kechalari ota-bobolarimiz daryo yoqasiga kelib qo‘shiq aytishar edi.
— Esimda, — dedi o‘ylanib turib ayol. — Bir qo‘shiq aytib berib eding, hamon unuta olmayman,
sevgilisidan ayrilib qolgan qiz qo‘shig‘i edi. Keyin bu qiz Yoyiqqa cho‘kib ketgan.
— Bu juda ko‘hna qo‘shiq.
— Men o‘sha qizning armonini oq shoyiga kashta bilan tiksam deyman. Erdene. Qiz cho‘kib ketdi,
bilinar-bilinmas to‘lqin halqalari tarqalyapti, atrofda esa o‘simliklar, qushlar, kapalaklar ko‘zga
tashlanadi, lekin qizdan darak yo‘q, u ayriliqqa bardosh bera olmadi. O’sha tasvirni ko‘rgan odam
mungli daryo ustida yangrayotgan mungli qo‘shiqni tinglayotganday sezsin o‘zini.
— Bir kundan keyin o‘sha daryoni ko‘rasan. Gaplarimga diqqat bilan quloq sol. Do‘g‘ulang. Sen
erta kechqurun tayyor bo‘lib turishing kerak. Qochib ketamiz. Men ot yetaklab keldim deguncha
belanchakni ko‘tarib chiqasan, kechiktirib bo‘lmaydi. Bu yog‘iga hayallash mumkin emas. Menga qolsa
senlarni bugun, hoziroq boshim oqqan tomonga olib ketgan bo‘lur edim. Lekin aksiga olib shu kunlari
kechalari oydin, buning ustiga kaftday tekis dashtda yashirinish amri mahol. Aravada esa qochib
qutulib bo‘lmaydi. Yoyiq yoqasiga yetib olsak marra bizniki, chakalakzorlarda boshpana topish hech
gap emas.
Ikkalasi uzoq gaplashishdi. Ilgarilari ikki kishi bo‘lsa, endi uch kishi. Uch odamning taqdiri haqida
o‘ylash osonmi? Beshikda yotgan norasta «meni ham unutmanglar» deganday kuchukchaday
g‘ingshib, yig‘lab yubordi. Do‘g‘ulang bolani olib iymanganday yarim o‘girilib uning og‘ziga ko‘kragini
soldi. Yuzboshi necha martalab hidlab o‘pgan ana shu oppoq silliq mamma endi Erdenega shahvoniy
hirs uyg‘otish manbai emas, balki chaqaloqning hayot bulog‘i vazifasini o‘tamoqda edi. Endi mamma
2
Ёйиқ
—
Урал
дарёси
.