www.ziyouz.com kutubxonasi
25
bugungiday gaplasha olmagan bo‘lur edik. Sen — yuzboshi, men cho‘riman. Farqini hamma biladi.
Lekin sen harbiy ish bilan bir qatorda diling amriga ham quloq solding. Men bu ishda ozmi-ko‘pmi
yordam qildim, yo‘q deganda otingni ushlab turdim. Sening Do‘g‘ulangingga ham xizmat qildim,
xabaring bor. Endi butun vujudim bilan unga mehr qo‘yib qoldim, mening nazdimda Do‘g‘ulang
go‘zallik ma’budasining qiziga o‘xshaydi. Ha, xuddi shunday! U go‘zallikda tengi yo‘q. Shunday. Lekin
gap bu haqda ketmayotir. Men bu ayolning boshqa bir fazilati haqida gapirmoqchiman. Uning qo‘lida
qandaydir mo‘‘jizakor kuch bor, ayol zoti borki, ip ishlatadi, nimalarnidir tikadi, lekin kashtado‘zlikda
hech kim Do‘g‘ulangning oldiga tusha olmaydi. Men buning guvohiman. Bayroqlarga tikilgan
ajdaholar tirikka o‘xshaydi. Yulduzlarning rasmi esa osmondagi yulduzlar kabi porlaydi. Xudo bergan
san’at. Undan hecham ajralmayman. Agar senlar ketsalaring men ham birga ketaman. Uning bir o‘zi
qochib ketolmaydi. Yaqinda bo‘shanganku, axir.
— Gap ana shunda-da, Oltun. Ertaga, yarim kechalarda tayyor bo‘lib turish kerak. Qochamiz. Sen
Do‘g‘ulang ikkalang bola bilan aravada ketasanlar, men esa bir otga minib, bittasini yetaklab olaman.
Yoyiq daryosi yoqasidagi chakalakzorga yetib olishimiz kerak. Eng muhimi tong otmasdan bu yerdan
ancha o‘zib ketishimiz shart, shunday qilmasak izimizga tushib topib olishadi.
Ular indamay qolishdi. Erdene otga minishdan oldin xizmatchi Oltunning burishib qolgan ozg‘in
qo‘lining kaftidan o‘pdi, bundan bir necha yil oldin Xitoy hududida bo‘lgan janglarda asirga tushib,
butun umri Chingizxon karvonlarida xizmatkor bo‘lib kelgan mushtdaygina bu keksa ayol Do‘g‘ulang
bilan Erdenening baxtiga bitgan qut bo‘ldi. Bo‘lmasa bu ayol Erdenega hech kim emas —
Chingizxonning G’arbga qilgan yurishida xizmat qilib yurgan ayollardan biri. Lekin jonini tahlikaga
qo‘yib sevishgan ikki yoshning birdan-bir ishonchli tayanchi bo‘ldi. Yuzboshi bu ishda faqat shu
ayolga, zahmatkash Oltunga ishonish mumkinligini, dunyoda boshqa biron insonga ishonib
bo‘lmasligini tushundi. Olamga dahshat soluvchi xitoblar bilan g‘arbga yurishda ishtirok etayotgan o‘n
minglagan maydondosh, taqdirdosh jangchilar ichida shu ayoldan boshqa Erdenening yonini oladigan
bironta odam topilarmikin — yolg‘iz ana shu Oltungina shunday qilishi mumkin edi. Shunday qildi
ham. Erdene tun qorong‘usida Oqyulduz laqabli qashqa otini minib olib, qo‘nishlarda va aravalarning
yon-verlarida uzala tushib yotgan harbiylarni chetlab o‘tar ekan, oldinda qanday qismat kutayotgani
haqida o‘yladi, va xudodan endigina yorug‘ dunyoga kelgan begunoh go‘dakning baxtini so‘radi, axir
har bir tug‘ilgan bola — Tangrining inoyatidir. Tangrining amri ila qachonlardir kimdir inson
ko‘rinishida insonlar oldida paydo bo‘ladi, bu esa Tangrining inson oldidagi zuhuridir. Shunda
odamning qanday bo‘lishi kerakligini hamma ko‘radi. Tangri degani cheksiz, mislsiz Ko‘k degani,
Osmon degani. Hammaning taqdiri — kimningdir tug‘ilishi, kimning yashashi, kimning o‘lishi Tangri
ixtiyoridadir.
Yuzboshi Erdene ot ustida turib yulduzli osmonni ko‘zdan kechirishga, Tangridan iltijo qilishga, o‘z
taqdirini bilishga urinib ko‘rdi. Lekin Ko‘k javob bermas edi. Oy bo‘lsa osmonda yolg‘iz o‘zi hukmronlik
qilar, tun zulmati ichra dong qotib uxlab yotgan Sario‘zak dashti ustida o‘zining ko‘kimtir nurini sochib
turar edi...
Saharda yana dovullar tilga kirib gumburlab hammani shirin uyqudan uyg‘otdi, qurol-yarog‘larni
taxt qilib otlanishga, asbob-uskunalarni aravalarga ortib yo‘l olishga buyruq berildi, xoqonning
shiddatli hokimiyatidan ilhomlangan va harakatga kelgan selday qo‘shin yana G’arbga tomon yo‘l oldi.
Yurish boshlanganiga mana o‘n yetti kun bo‘ldi. Sario‘zak dashtining yurish qiyin bo‘lgan bepoyon
bo‘shliqlari orqada qoldi, endi bir-ikki kun deguncha Yoyiq daryosi bo‘yidagi butazorlar boshlanadi,
undan narida buyuk Idil daryosi oqib yotibdi — Idil daryosi yer kurrasini ikki qismga — G’arb va
Sharqqa bo‘lib turadi.
Yurish odatdagiday davom etmoqda. Oldinda gijinglagan qora bedovlarda bayroqdorlar ketayotir.
Ularning ortida soqchilar va a’yonlar qurshovida Chingizxon. Xoqon o‘zining oq yolli yo‘rg‘a sevimli
Xubasiga minib olgan. Tepada bo‘lsa, xoqonning ko‘ziga quvonch, diliga shodlik baxsh etib, g‘ururiga
g‘urur qo‘shib har doimgiday ajralmas yo‘ldoshi — oq bulut suzib ketayotir. Xoqon qaerga borsa,
bulut ham o‘sha yoqqa boradi. Yerda esa butun borliqni to‘ldirib ikki oyoqlilar bilan to‘rtoyoqlilar