www.ziyouz.com kutubxonasi
27
jig‘iga tegib ketmay deganday goh otining jilovini tortar, hokimi mutlaqning so‘zlarini yaxshiroq
eshitib olish uchun u bilan yana otini qamchi bosib uzangima-uzangi bo‘lib olar edi. Ayg‘oqchi hech
narsaga tushunmay qoldi — Chingizxonning bu qadar uzoq javob qaytarmagani sababiga aqli
yetmadi, axir xoqon «ayol qatl etilsin» desa bas, qolganini bajo keltirishaveradi, — birpasda o‘sha
ayolni haromzodasi bilan birgalikda aravaning o‘zidayoq gum qilib tashlashadi-qo‘yadi — farmoni
oliyni oyoq osti qilganning jazosi shu. Uni kigizga o‘rab bo‘g‘ib tashlashsa bo‘ldi, o‘ladi-qoladi, — bu
boshqalar uchun saboq.
Birdan xoqon ayg‘oqchi tomonga keskin burilib:
— O’sha qanjiq aravada tug‘ib olguncha, ikkiqat bo‘lib yurganini hech kim sezmabdimi? Yoki bilsa
ham, bilmaslikka olibdimi? — deb edi, Arasan yuragi chiqqanidan, uzangisini tepib egarda tik
turganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Ayg‘oqchi Arasan voqeaning qanday sodir bo‘lganini xonga tushuntirib bermoqchi bo‘lib endi og‘iz
juftlagan edi, xon uning poyma-poy so‘zlarini qahr bilan kesib dedi:
— O’chir!
Oradan biroz vaqt o‘tgach xoqon jahd bilan so‘radi:
— O’sha manjalaqining eri-ku yo‘q ekan, aravada tug‘ib olgan xotin kim ekan o‘zi — oshpazmi,
go‘laxmi, molboqarmi?
Xoqon tug‘ib qo‘ygan ayolning bayroqlarga gul tikadigan kashtado‘z ekanini bilib juda hayron
qoldi, kimningdir bu ish bilan shug‘ullanishini, kimningdir shohona bayroqlarni bichib, zar bilan gullar
solib bezab tikishini, shuningdek kimningdir xon etigini tikkanini yoki umr bo‘yi rohatini ko‘rib kelgan
o‘tovlarning kimningdir oyoqqa turg‘izganini hech qachon o‘ylab ham ko‘rmagan ekan. Oldinlari
bunday ikir-chikir, mayda narsalar haqida o‘ylashni o‘ziga ep ko‘rmagan edi. Nima bo‘pti — bayroq
degani xoqonning qo‘shinlarida har doim bo‘lgan: askar qo‘nim olgan joylarda deysizmi, yurib
ketayotgan otliq askarlarning qo‘llarida yoki ziyofat berilayotgan joylarda deysizmi, bayroqlar yoqib
qo‘yilgan gulxanday xon kelishidan oldinoq yal-yal yonib hilpirab turgan. Hozir ham shunday —
xoqonga oq yo‘l tilab bayroqdorlar otlarini gijinglatib hammadan oldin borishmoqda. Jahongir G’arbga
tomon yurish qilib borayotgan ekan, o‘zgalarning bayroqlarini oyoq osti qilib, o‘z tug‘larini tikish
ilinjida ketayotir. Shunday bo‘ladi ham. Dunyoni zabt etish uchun xoqon bilan birga borayotgan har
qanday kishi bir oz bo‘lsa ham itoatsizlik qilsa, o‘lim jazosiga mubtalo bo‘ladi, vassalom. Itoat qildirish
uchun jazolash bir kishining ko‘pchilik ustidan hukmron bo‘lishining hamishalik qurolidir.
Lekin kashtado‘zning qilmishi aniq. U jazosini tortadi, biroq bu ishda yana kimdir arava yoki
qo‘shinda yurgan biron yigit aybdor albatta... O’sha kim ekan?
Endi Chingizxonning fe’li aynidi, qovog‘i osilib, rangi o‘chdi, silovsin ko‘zlariday qo‘rqinchlik
ko‘zlarini o‘qraytirib, uzangini chiranib bosdi-da, egarda dong qotganday o‘tirib qoldi. Har qancha
shoshilinch ishi bo‘lganlar ham xoqonning yoniga yo‘lay olmay qoldi, uning bu qadar jahli chiqishiga
sabab o‘sha kashtachi bilan qandaydir o‘ynashining qatag‘on shartlarini buzib gunohi azimga qo‘l
urganigina emas edi, bu voqea xoqonning dilida achchiq, o‘chmas va uyatli iz qoldirgan butunlay
boshqa bir tarixni esiga soldi.
Yoshligida bo‘lib o‘tgan voqeani eslab yurak-bag‘ri qon bo‘ldi. Otasiz o‘sgan Temuchin davri kelib
Rub’i maskunning hukmroni bo‘lishini hech kim, hatto o‘zi ham xayoliga keltirmagan. O’shanda bo‘z
bolalik paytida og‘ir bir isnodga qolgan. Bolaligidayoq ota-onalari unashtirib qo‘yishgan qaylig‘i
Bo‘rteni uylanganiga bir oy bo‘lmasdanoq qo‘shni merkit qabilasi bostirib kelib o‘g‘irlab ketgan.
Temuchin merkitlarga hujum qilib xotinini qutqarib kelguncha oradan talay kun o‘tadi, xon dunyoga
hukmron bo‘lmoq, taxtda o‘tirib o‘z nomi-ni abadiy yuksaklikka ko‘tarmoq uchun, hamma o‘tgan
narsalarni unutmoq uchun ko‘p ming qo‘shin bilan G’arbga yurish qilayot-gan hozirgi paytda ham
o‘sha mudhish kunlarni eslashga yuragi betlamadi. O’shanda kechasi merkitlar uch kunlik qon-li
jangdan so‘ng ayovsiz hujumga bardosh berolmay faqatgina o‘z jonlarini saqlab qolish uchun uyur-
uyur yilqilari-yu, qarorgohlarini tashlab qasosdan qo‘rqib tum-taraqay qochib keta boshladilar. Qasos
haqidagi qasamda bunday deyiladi.