www.ziyouz.com kutubxonasi
30
qoldi. Buyrug‘idan chekina olmaydi. Endi jazo muqarrar edi.
Yuzboshi Erdene yarim kechaga yaqin shoshilinch topshiriqlar borligini bahona qilib, mingboshi
huzuriga borishini aytdi, bu esa sevgilisi bilan shu kechasi qochib ketish uchun bahona topib qo‘nim
joyidan chiqishning yo‘li edi. Erdene xoqonning bu voqeadan xabari borligini, u o‘zining bolani olib
Do‘g‘ulang bilan qochib ketaolmasligini hali bilmas edi.
Yuzboshi Erdene bir otni minib, ikkinchisini ovchi itni ergashtirib olganday yetaklab qo‘shinlar dam
olayotgan yerdan eson-omon o‘tdi. Do‘g‘ulangning o‘tovi yaqinidagi aravaga yaqinlashganda Xudodan
faqat bir narsani: «poko parvardigoro, no‘yon soqchilarining yuzini nari qil» deb iltijo qildi. No‘yon
soqchilari boshqalar orasida eng injiq, eng qattiqqo‘l soqchilar edi, bordiyu suvoriylardan birontasi
bo‘za ichib mast yurganini sezsa bormi, hech qachon ayashmaydi, uni ot o‘rniga aravaga qo‘shib,
qamchi bilan urib haydashadi.
Erdene o‘z qo‘mondonligi ostidagi yuz chamasi jangchini tashlab qochib ketar ekan, ushlab olishsa
oliy jazoga hukm qilishlarini, kigizga o‘rab dimiqtirib yoki osib o‘ldirishlarini bilar edi. Faqat boshqa
o‘lkalarga, o‘zga mamlakatlarga qochib keta olgandagina joni omon qolishi mumkin edi.
Bu kechasi ham oy dashtga sutday oq yog‘du sochib turibdi. Qayoqqa bormang lashkar
qo‘nimlari, gulxanlar atrofida uzala tushib yotgan askarlar, uyur-uyur yilqilar. Ana shunday odamlar
bilan aravalar dengizida birovning qayoqqa ketayotgani bilan kimning nima ishi bor. Yuzboshi Erdene
yo‘lga chiqishdan oldin shuni nazarda tutgan edi, uning Do‘g‘ulang bilan o‘g‘lini olib qochib ketishi
hech gap emas edi, lekin peshonaga bitilgani boshqacha ekan.
U falokat ro‘y berganini ustalar qarorgohiga yaqinlashishi bilan payqadi. Yuzboshi shartta otdan
tushdi-da, otlarini jilovidan ushlab soyada qotib turdi. Ha, falokat yuz bergan edi. Chekkadagi o‘tov
yonida lovillab yonib turgan gulxan atrofga qandaydir tashvishli nur taratayotganday. O’nga yaqin
yasovullar gulxan atrofida ot ustida turib qattiq-qattiq gapirishyapti. Uch kishi shosha-pisha aravaga
ot qo‘shayotgan edi. Do‘g‘ulang kechasi ana shu aravada qochib ketishi kerak edi. Shundan so‘ng
yasovullar o‘tovdan Do‘g‘ulangni bolasi bilan olib chiqishdi. Do‘g‘ulang o‘zining suvsar po‘stinini kiyib
bolasini bag‘riga bosgancha, rangi o‘chgan, qo‘rqqan, najotsiz bir holda gulxan yonida turar edi.
Yasovullar undan nimalarnidir so‘rar edi: «Javob ber? Senga aytayapman, javob ber! Manjalaqi,
fohisha!» degan qichqiriqlar quloqqa urildi. Shundan so‘ng xizmatkor Oltunning chinqirig‘i eshitildi.
Ha, bu o‘sha ayolning ovozi edi. Oltun ovozi boricha baqirib der edi: «Men qayoqdan bilay?! Nega
meni urasanlar? Uning kimdan tug‘ib olganini qaydan bilaman! Ha, yaqinda bola tug‘ib olgani rost,
o‘zlaring ko‘rib turibsanlar. Xo‘sh, voqeaning bundan to‘qqiz oy oldin bo‘lganiga aqllaring yetmaydimi?
Buning qachon va kim bilan nima qilganini men qayoqdan bilishim mumkin?! Nega meni urasanlar.
Bechora ayolni nega qo‘rqitasanlar, sho‘rlikning yuragi chiqib ketdi-ku! Uning emizikli bolasi bor-ku!
Yo‘q deganda sho‘rlik ayolning xizmatlarining yuzini qilsalaringchi — senlar yurish qilayotganda dast
ko‘tarib yurgan hamma harbiy bayroqlarni shu ayol tikkan-ku! Nega endi uni o‘lguday urayapsanlar,
nega?»
Sho‘rlik Oltun oyoq ostida qolgan nimjon niholday nima qila olar edi, hatto yuzboshi Erdene ham
aralashishga jur’at eta olmadi. Aralashganda qo‘lidan nima ham kelar edi?! Ulardan ko‘p deganda
bitta-ikkitasini o‘ldirib keyin o‘zi o‘lar. Bundan na hojat! Yasovullar shu yo‘l bilan yen-gib kelishgan.
Ular chiyabo‘riga o‘xshab gala-gala bo‘lib hujum qilishadi, odamlarning tit-pitini chiqarib qon
to‘kishadi.
Oradan sal o‘tmasdan yasovullar Do‘g‘ulangni bolasi bilan sudrab kelib aravaga tiqishdi. Oltunni
ham turtkilab olib kelib ularning yoniga o‘tqazishdi-da, qayoqqadir olib ketishdi.
Chor atrof birpasda tinchib, jonzotdan darak qolmadi.
Shundan keyin uzoqdan itlarning vovullashi, ot-toylarning kishnashi, yana qandaydir ovozlar
quloqqa chalina boshladi.
Kashtachi Do‘g‘ulang yashab turgan o‘tov yonida yoqilgan gulxan yonib bo‘lib o‘chay-o‘chay deb
qolgan edi. Osmoni falakda g‘am-tashvish nima ekanini bilmasdan jimgina yog‘du sochib turgan
yulduzlar odamlarning tinimsiz yugur-yugurlariyu ayovsiz kurashlarini sezmaganday, ovloq qolgan
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov