Yigirmanchi majlis
SHAVVOL OYIDA OLTI KUN RO‘ZA TUTISHNING FAZILATI HAQIDA
Alloh taolo aytadi:
∩⊇∉⊃∪ βtθϑßn=ôàƒãωŸΝöδèρu$yγn=÷WÏΒ ω”)Î4“jtșøä† ξŸsù Ïπy∞ÍhŠ¡¡9$$Î/ u™h!`y⎯Βtuρ ($yγ9Ï$WsøΒr& ¸ç³ôãt…ãssù ÏπΖu¡|tp:ø$$/Îu™!hy` ⎯Βt
"Kim biron chiroyli amal qilsa, unga o‘n barobar qilib (qaytarilur). Kim biror yomon ish qilsa, faqat o‘shaning barobarida jazolanur va ularga zulm qilinmas" (An’om surasi, 160-oyat).
Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat: "Kimki menga juma kunida yuz marta salovot aytsa, qiyomat kunida u shunday nur bilan keladiki, agar o‘sha nur mahshargohdagi xaloyiq orasida taqsimlansa, ularning hammasiga yetadi".
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kim menga bir marta salovot aytsa, amal daftarida zarracha gunohi qolmas, o‘chirilur" ("Zubdatul vo’iziyn").
Imom Muslim Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qiladilar: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kim ramazon ro‘zasini tutib, ortidan shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgan savobini oladi".
Bu gap Alloh taoloning: "Kim biron chiroyli ish qilsa, unga o‘n barobar qilib (qaytariladi)", degan so‘zining ma’nosidir. Chunki bir yil uch yuz oltmish kundan iboratdir. Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kundir. Bu esa, uch yuz kunga to‘g‘ri keladi. Demak, oltmish kun qoladi. Agar shavvolda olti kun nafl ro‘za tutsa, oltmish kunga barobar bo‘lib, bir yil to‘liq bo‘ladi. Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam): "Kim ramazon ro‘zasini tutib, keyin shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, u yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘lur", deganlari shu ma’noda. Ba’zilar bu ro‘zani makruh, deyishgan, boisi farzga ziyoda qilish bordir, bu esa "ahli kitoblar"ga o‘xshashlikdir, deb aytishgan. Biroq bu gap xatodir. Chunki o‘rtada bayram kuni bor. Shu bois yuqoridagi o‘xshashlikka o‘rin yo‘q ("Durratul vo’iziyn").
Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilindi: "Kim shavvolning olti kunida ro‘za tutsa, Alloh taolo unga o‘zi yaratgan har bir maxluq adadicha yaxshilik yozgay va uning gunohlarini o‘chirib, darajasini ko‘targay".
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Albatta, jasadning olti yuz a’zosi bor. A’zolaridan har birida mingta og‘iz bor. Faqat qalbdagina og‘iz yo‘q, chunki u ma’rifat o‘rnidir. Kimki bu olti kun ro‘zasini tutsa, chanqoq odam muzdek suvni ichgani kabi Alloh taolo unga o‘lim mashaqqatlarini oson qilib qo‘yadi" (Durratul vo’iziyn).
Demak, bu amallarning qabul qilinishi alomati banda ramazondan keyin ham toatu ibodatlarda bardavom bo‘lishdir ("Hayotul qulub").
Sufyon Savriy (r.a.) aytadilar: "Uch yil Makkada bo‘ldim. Makka ahlidan bir kishi Baytul Haramga har kuni peshin vaqtida kelar, Baytni tavof qilar va namoz o‘qir edi. So‘ng menga salom berib, qaytib ketardi. Hattoki u menga do‘st bo‘lib qoldi va men ham unga do‘st bo‘ldim. Kunlardan bir kuni shu odam kasal bo‘lib qoldi va meni chaqirib aytdiki: "Agar o‘lsam, menga janoza o‘qib, dafn qiling. Va meni o‘sha kechada qabrda yolg‘iz qoldirmang. Qabrim oldida tunab qoling va meni Munkar-Nakir so‘roq qilayotgan paytda "Tavhid kalimasi"ni talqin qilib turing". Men unga so‘z berdim. U menga buyurgan narsalarni qilib bo‘lganimdan keyin qabri oldida tunab qoldim. Men uyqu bilan uyg‘oqlik orasida edim. To‘satdan bir nido qiluvchining: "Ey Sufyon, sening nidosini eshitdim bu yerda turishingga va talqin qilishingga u kishining hojati yo‘q", degan. "Nega?" dedim. Nido qilguvchi: "Ramazon ro‘zasini, ketidan shavvoldan olti kun ro‘za tutishi sababli", deb aytdi. Uyqum ketib qarasam, atrofda hech kim yo‘q, tahorat qilib namoz o‘qidim va yana uxlab qoldim. So‘ngra shu narsani uch marta tushimda ko‘rdim. Bu narsa shaytondan emas, Rahmondan ekanini bilib, uning qabri
oldidan ketdim. Ketaturib o‘zimga: "Allohim, meni ramazon va shavvolning olti kuni ro‘zasini tutishga muvaffaq qil", dedim. Alhamdulillah, Alloh taolo meni shu ne’matga muvaffaq qildi" ("Badrid durar"). Imom Bayhaqiy Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilganlar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Ramazondan keyin nafl ro‘za tutuvchi odam urushdan chekinib, yana jangga qaytgan odam singaridir. Ya’ni, kim ro‘zadan forig‘ bo‘lgach, yana unga qaytsa, jangdan chekinib, so‘ngra yana unga qaytgan kishi kabi bo‘lur". Bu hadisdan murod qilinayotgan narsa shavvol oyida olti kun ro‘za tutishdir.
Shuning uchun ham Imom Sha’biy aytar edilar: "Ramazondan keyin bir kun ro‘za tutish, men uchun yil bo‘yi ro‘za tutishimdan yaxshiroq" ("Ma’naviy").
Abdulvahhobdan rivoyat qilindi: "Bu kunlarda ro‘za tutishning mashru’ bo‘lishidagi sir shuki, gohida nafs bayram kunida har xil shahvatlarga qiziqishga yuzlanadi va unda g‘aflatu hirs paydo bo‘ladi. Olti kunlik ro‘za ramazon ro‘zasidagi ayblarni va ado qilishdagi noqisliklarni to‘ldiradi. Xuddi farz namozlaridan keyingi sunnatlar yoki sajdai sahv kabi. Shavvol oyidagi ro‘za tutishning kayfiyati esa, uni paydar-pay – uzmasdan tutishdir".
Muhaqqiq ulamolar va aziz zotlardan ba’zilari aytganlarki: "Afzali olti kun ro‘zani ketma-ket tutishdir. Chunki mana shunday ketma-ketlik bilan ro‘za tutgan kishining botinida ravshanlik ko‘proq bo‘ladi.
"Shir’atul Islom" shorihi sayyid Alizoda bu haqda: "Bu olti kunlik ro‘za ham ramazon ro‘zasi kabi tutiladi. Chunki nafl ro‘za farz ro‘zaning aybu nuqsonlarini to‘ldiruvchidir. Bordi-yu, bu ro‘zaning orasini ajratsa yoki oyning avvalidan kechiktirib, o‘rtasida yo oxirida tutsa, bu ham bo‘laveradi, ya’ni ro‘za tutuvchida ramazondan keyin ro‘za tutganlik fazilati hosil bo‘laveradi", deganlar.
Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Kimki ramazon ro‘zasini tutib, ortidan shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, gunohlaridan xuddi onasidan tug‘ilgan kunidagidek forig‘ bo‘lgay" ("At-targ‘ibu vat-tarhib").
Ka’bul Axbordan rivoyat qilinadi: "Fotima (r.a.) kasal bo‘lib qoldilar. Hazrati Ali (r.a.) kelib aytdilar: "Ey Fotima! Dunyo shirinliklaridan qalbingiz nimani tusaydi?" Fotima aytdilar: "Anorni xohlayman". Hazrati Ali (r.a.) andak o‘ylanib qoldilar, chunki anor olgudek mablag‘lari yo‘q edi. So‘ngra turib, bozorga borib bir dirham qarz olib unga bir dona anor sotib oldilar. Uylariga qaytayotganlarida, yo‘l bo‘yida yerda yotgan kasal bir odamni ko‘rdilar. Hazrati Ali (r.a.) to‘xtab bu odamdan so‘radilarki: "Ey qariya! Ko‘nglingiz nimani istayapti?" Shunda haligi shaxs: "Ey Ali! Mening bu yerda besh kunlik kunim bor, holbuki, men tashlandiq odamman, mening oldimdan odamlar o‘tib ketyapti. Ammo biror kishi menga iltifot qilib qaragani yo‘q. Alloh sizdan rozi bo‘lsin! Mening qalbim anorni xohlayapti", dedi. Hazrati Ali (r.a.) bir oz o‘ylab qoldilar va o‘zlaricha aytdilarki: "Men bir dona anorni Fotima uchun sotib oldim. Agar uni bu odamga bersam, Fotima mahrum qoladi. Bermasam, Alloh taoloning: "Tilanchini quruq qaytarmang!" degan oyatiga xilof ish qilgan bo‘laman, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) ham: "Tilanchini rad qilmanglar, garchi u ot ustida kelsa ham", deganlar. So‘ng, "Alloh rizosi uchun", dedilar-da, anorni bo‘lib, qariyaga yedirdilar. Qariya esa o‘sha zahoti darmonga kirdi, tuzalib o‘rnidan turdi. Hazrati Ali (r.a.) uyalib, Hazrati Fotimaning oldiga keldilar. Fotima (r.a.) Hazrati Alini xursand qarshiladilar. Hazrati Ali bo‘lgan voqeani so‘zlab berdilar. Hazrati Fotima: "Allohning izzati va ulug‘vorligiga qasamki, Siz o‘sha qariyaga anorni yedirganingizdan keyin, mening qalbimda anorga bo‘lgan ishtaha yo‘qoldi", dedilar. Fotimaning so‘zlarini eshitib, Ali (r.a.) xursand bo‘ldilar. Shu payt eshiklari taqilladi, Ali (r.a.): "Kimsiz?" dedilar. "Eshikni oching, men Salmon Forsiyman", degan javob bo‘ldi. Ali (r.a.) turib eshikni ochdilar. Qarasalar, Salmon Forsiyning qo‘llarida ro‘mol yopilgan bir idish bor. Salmon Forsiy idishni Hazrati Alining oldiga qo‘ydilar. Hazrati Ali: "Ey Salmon! Bu kimdan?" deb so‘radilar. Salmon (r.a.) aytdilarki: "Allohdan Rasuliga va Rasulidan sizga". Ali (r.a.) ustini ochib qarasalar, ichida to‘qqizta anor bor. Ali (r.a.) aytdilar: "Ey Salmon! Men uchun bo‘lganida, bu anorlar o‘nta bo‘lishi kerak edi. Chunki Alloh taolo o‘n barobari qilib qaytaraman, deb marhamat qilgan". Salmoni Forsiy
kulib yubordilar va yenglaridan bir anorni chiqarib, idishga qo‘yib, aytdilarki: "Ey Ali! Allohga qasamki, bu anorlar o‘nta edi, lekin men bu bilan sizni sinamoqchi bo‘ldim" ("Ravzatil muttaqiyn").
Naql qilishlaricha, bu ummatga yaxshiliklarni ko‘paytirishdagi hikmat uchtadir:
Birinchisi – o‘tgan ummatlarning umrlari uzun, toatlari ko‘p bo‘lgan. Bu ummatni Alloh taolo o‘tgan ummatlardan ko‘ra fazilatli qildi, amallarini ko‘paytirdi va vaqtlari ham fazilatlik, toat- ibodatlari ko‘proq bo‘lishi uchun "Laylatul qadr"ni ham ato qilgan. Rivoyat qilinishicha, Muso (a.s.): "Ey Rabbim! Men Tavrotda yaxshiliklari o‘n barobar, yomonliklari xuddi shunday yoziladigan ummatni topdim. Ularni mening ummatim qilgin", deb iltijo qilganlarida, Alloh taolo marhamat qilib aytdi: "Ey Muso! Bu oxirgi zamonda keladigan Muhammad (alayhissalom) ummatidir".
Ikkinchisi – Muhammad (alayhissalom) ummatlaridan boshqa ummatlar jannat darajotlariga xolis toatlari bilan haqli bo‘ladi. Bu ummatning toat-ibodatlarida esa, qusurlar bordir. Alloh taolo fazli- karami bilan bu qusurlarni berkitur va har bir ezgu amallariga ko‘pdan-ko‘p ajri mukofotlar berur. Sababi ular jannat darajalariga mana shu ortiqliklar bilan yetishganlari bilinsin.
Uchinchisi – Alloh taolo bu ortiqliklarni bir necha barobar ziyoda aylagay. Buning boisi qiyomat kunida xusumatchilar aybdorlarga osilib oladilar va ularning amallari savobini olib qo‘yadilar. Ana shunda ularda Alloh tomonidan berilgan ortiqcha ajru savoblar qoladi. Xusumatchilar ayturlarki: "Ey Rabbimiz! Bizga uning ortiqcha savoblaridan ham olib ber!" Alloh taolo aytur: "Bu ungagina berilgan ajrlardir, bular Mening rahmatimdandir. Men undan aslo rahmatimni olib qo‘ymayman".
Ey Rabbimiz! Bizlarga bu dunyoda ham, u dunyoda ham faqat yaxshiliklar ato qilgin ("Ravzatul ulamo").
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Sizlardan birortangiz musulmonchiligini chiroyli qilsa, uning har bir yaxshi ishiga o‘n barobaridan yetti yuz barobarigacha ajr yoziladi va har bir gunoh ishi ham, albatta, yoziladi. Toki banda Alloh azza va jallaga yo‘liqqunicha".
Dostları ilə paylaş: |