Abu Hurayra roziyallohu anhuning qora tanli cho‘risi bor edi. Bir kuni u zot cho‘risiga
qamchi ko‘tardilar-da: «Agar qasos bo‘lmaganida, seni, albatta, savalar edim. Lekin seni
haqingni to‘la qilib beradigan Zotga sotaman. Allohning roziligi uchun ozodsan», dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim pok qulini badnom qilsa
(zinokor deb tuhmat qilsa), unga qiyomat kunida had joriy qilinadi. Magar aytgani rost
bo‘lsa (jazolanmaydi)» (Muttafaqun alayh).
Bir hadisi sharifda: «Qulga taomi va kiyimidan beriladi hamda toqati yetmaydigan ishga
buyurilmaydi», deyilgan (Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qullaringizdan o‘zingizga ma’qul
kelganlariga yeydigan narsangizdan yediringlar, kiyadigan narsangizdan kiydiringlar.
Ma’qul kelmaganlarini esa sotib yuboringlar, Allohning bandalarini azoblamanglar» (Abu
Dovud rivoyati).
Salmon Forsiy roziyallohu anhu Madoin shahrining amiri bo‘lib turgan davrida
huzurlariga bir jamoat tashrif buyurdi. U xamir qorib turgan edi. «Cho‘ringizga xamir
qordirsangiz bo‘lmaydimi?» deyishgan edi, u zot roziyallohu anhu: «Uni bir ishga
jo‘natgan edik. Unga yana bir ishni jamlab qo‘yishni ma’qul topmadik», deb javob
berdilar.
Salaflardan biri aytgan ekan: «Qulingni har bir gunohi uchun uraverma-da, xatolarini
esingda saqlab yur. Agar Allohga osiylik qilsa, uni ur va senga qilgan itoatsizliklarini
eslat».
Fasl
Qul va cho‘rini farzandi yoki ukasidan judo qilish ularga qilingan eng katta yomonlikdir.
Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlarki: «Kimda-kim ona bilan bolani
bir-biridan judo qilsa, qiyomat kunida Alloh uni suyganidan judo qiladi (Termiziy, Hokim
rivoyati).
Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga ikki aka-uka
g‘ulomlarimni sotishni buyurdilar. Men ularni boshqa-boshqa kishiga sotdim. Buni u zot
sollallohu alayhi vasallamga zikr qilgan edim: «Ikkalasini bitta odamga sot», dedilar»
(Ahmad rivoyati).
Qul, cho‘ri va hayvonlarni och qoldirish ham katta zulmdir. Zero, Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam aytganlarki: «Qaramog‘idagilarni o‘z holiga tashlab qo‘yish kishining
gunohkor bo‘lishiga kifoya qiladi» (Hokim, Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
Hayvonni qattiq urish yoki qamab qo‘yib, qarovsiz qoldirish yoxud toqatidan ortiqcha
narsani yuklash ham katta zulmdir.