www.ziyouz.com kutubxonasi
79
Fuzayl aytdilar: «Chiroyli xulqli fojir kishining menga hamsuhbat bo‘lmog‘i yomon xulqli
obid kishiga hamsuhbat bo‘lmoqlikdan ko‘ra yaxshiroqdir».
Ibn Muborak yomon xulqli kishi bilan hamsafar bo‘lib qoldilar. Safar davomida uning
aziyatlarini ko‘tarar va u bilan murosa qilar edilar. Ajrashishgan vaqtlarida yig‘lagan
ekanlar. U kishiga «Nima sababdan yig‘ladingiz?» deyildi. «Unga rahmim kelganidan
yig‘ladim. Men undan ajraldim-u, lekin uning xulqi ajralmay, o‘zi bilan qoldi», dedilar.
Junayd aytadilar: «To‘rt narsa bandani oliy darajalarga ko‘taradi, garchi uning amali va
ilmi oz bo‘lsa ham: tavoze’lik, halimlik, saxiylik va chiroyli xulq. Bular esa iymonning
mukammalligidir».
Kanoniy aytadilar: «Tasavvuf bu - xulqdir. Kim sizdan xulqda ziyoda bo‘lsa, sizdan
tasavvufda ziyoda bo‘libdi».
Umar roziyallohu anhu aytadilar: «Insonlarga (chiroyli) xulqlar bilan aralashinglar.
Ulardan (yaxshi) amallar bilan ajrab turinglar».
Yahyo ibn Muoz aytadilar: «Yomon xulq bir yomonlikki, u bilan yaxshilikning ko‘pi ham
foyda bermaydi. Husni xulq bir yaxshilikki, u bilan ko‘p yomonliklar ham zarar
qilmaydi».
Ibn Abbos roziyallohu anhudan «Ulug‘lik nima?» deb so‘raldi. U kishi dedilar: «Ulug‘lik
Alloh O’zining aziz Kitobida bayon qilgan narsadir. Ya’ni, Alloh taolo aytadi:
«Albatta sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir» (Hujurot surasi, 13-oyat). Yana «Obro‘-martaba nima?» deyildi. «Sizlarning xulqi
chiroylilaringiz obro‘-martabada afzallaringizdir», dedilar. Yana aytdilar: «Har bir
binoning poydevori bo‘ladi. Islomning poydevori husni xulqdir».
Ato aytadilar: «Yuksalgan kishi faqat husni xulqi bilan yuksaldi va mukammal husni
xulqqa esa faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam erishganlar. Insonlarning Alloh
azza va jallaga yaqinrog‘i chiroyli xulq bilan Rasulullohning izlaridan yurganlaridir».