KALOBODIY (yoxud al-Kaloboziy), Abu Bakr Muhammad ibn Ishoq al-Buxoriy (? - 990/
995 y.) - hanafiy mazhabining mashhur faqihi, tasavvufga doir arab tilida yozilgan eng
dastlabki tartibli asarlardan birining muallifi. Buxorodaga Kalobod mahallasida tug‘ilib,
shu yerda yashagan va vafot etgan. Muhammad ibn Fadldan huquqdan ta’lim olgan va
so’fiy shayx Qosim Forisning shogirdi bo‘lgan. K. yozgan besh yoki olti asardan bizgacha
ikkitasi yetib kelgan: Payg‘ambar (as)ning axloqqa doir ba’zi hadislariga yozilgan
qisqacha sharh - "Ma’oniy al-axbor" va "at-Ta’arruf li-mazhab ahl at-tasavvuf" -
islomning dastlabki uch asri davrida islom tasavvufini o‘rganishda asosiy hisoblangan
asarlardan biri. Kitob keyingi davr so’fiylari tomonidan yuqori baholangan, xususan,
shayx Yahyo as-Suxravardiy al-Maqtul (1191 y. v.e.) bu hakda "Agar at-Ta’arruf
bo‘lmaganda edi, biz so’fiylikni (tasavvufni) bilmagan bo‘lardik", degan. Bu bizgacha
yetib kelgan so’fiylar qarashlari tizimi va tajribasi bayon etilgan birinchi asar bo‘lib, unda
tasavvufdagi g‘oyalarni islomdaga u bilan tutashmagan qoidalar bilan kelishtirishga
harakat qilinmagan, sufizm to‘lig‘icha musulmonchilik doirasidaligi va tizim sifatida u
o‘zining dindorligi bilan shubha tug‘dirmasligini tushuntirishga harakat qilingan.
Asar 75 bobdan iborat bo‘lib, ularni uch qismga ajratish mumkin: 1-(1-4, 64-75-boblar)
tarixiy: so’fiy va tasavvuf tushunchalarini belgilash, eng muhim shaxslar, ularning
so’fiylikdagi jasoratlari haqidagi hikoyalar va afsonalar; 2-(5-30-boblar) apologetik
(madh etuvchi): sufizm qarashlari tizimi, uning "chinislomiy"ligini isbotlash; 3-(31-63-
boblar): sufizm amaliyoti, zohidlik yo‘lining asosiy bosqichlari, darvishlar orasida qabul
qilingan texnik atamalar. K. asariga ko‘plab sharxdar yozilgan. Ayniqsa, uning
zamondoshi va ehtimol shogirdi Abu Ibrohim Ismoil ibn Muhammad al-Mustammiy
(1042 y. v.e.) tomonidan fors tilida yozilgan "Nur al-muridin" kitobi mashhur bo‘lgan. Bu
sharh sufizm tarixi bo‘yicha manba sifatida original asardan deyarli qolishmaydi. Uning
nusxalaridan biri 1081 y. ko‘chirilgan bo‘lib, u bizgacha yetib kelgan fors qo‘lyozmalari
ichida ikkinchi eng qad. qo‘lyozma hisoblanadi.