KULINIY (yoki al-Kulayniy), Muhammad ibn Ya’qub Abu Ja’far (? - 941 y. may) -
imomiylar muhaddisi va faqihi, imomiylik (ja’fariya) huquqini birinchi bor ishlab chiqqan
alloma. Rey sh. yaqinidagi Kulin, yoxud Kulayn qishlog‘ida tug‘ilgan, bu yerda uning
otasining mozori mashhur bo‘lgan. Hayotining asosiy qismini Rey va Qumda o‘tkazgan,
bu shaharlar o‘sha davrda shia ulamolari markazlari sanalgan. Umrining so‘nggi yillarini
Bag‘dodning Bob al-Kufa r-nida o‘tkazgan va o‘sha yerda vafot etgan. Imomiylar
an’anasi K.ni 'imomiylik tariqatini "yangilovchi" (mujaddid), iloqiyot va fiqh sohasida
yirik olim sifatida biladi. Bunday yuksak bahoga u 20 yil umrini bagishlagan asosiy asari
- "al-Kafi fi usul ad-din" tufayli erishgan. Bu shialik (imomiylik)dagi hadislar to‘plami
bo‘lib, unda 16 mingga yaqin hadis bir tizimga solingan. Asar saqlangan bo‘lib, bir necha
bor nashr qilingan. U 30 kitobdan iborat bo‘lib, har bir "kitob" ko‘plab boblarga
ajratilgan, ularda hadislar mavzuga qarab taqsimlangan. Mavzuga qarab taqsimlanmay
qolgan hadislar har bir "kitob" so‘nggida alohida bobga - "Bob an-navodir"ga
birlashtirilgan. K. asari imomiylar mafkurasining g‘oyaviy asoslarini ishlab chiqishda juda
muhim rol o‘ynagan. Shialikda u, "Sahih Buxoriy" sunniylikda o‘ynagan roldan xam
yuqoriroq mavqeiga ega bo‘ldi, zero u shia imomiylar tomonidan turmushning barcha
sohalari bo‘yicha eng e’tiborli qo‘llanma deb qaralgan. Manbalar "al-Kafi"dan tashqari al-
K.ning yana besh asari nomini, jumladan "Kitob ar-radd ala-l-karamita" va "Kitob ar-
rijal"ni qayd etishgan, bular saqlanmagan. Hoz. shia olamida, avvalo Eron va Iroqda "al-
Kafi" va uning muallfining nufuzi baland; K.ning Bag‘doddagi qabri hanuzgacha saqlanib,
qadamjoga aylangan.
KULOH - qad. bosh kiyim. Qalin, dag‘al (ko‘pincha jun) matodan konussimon shaklda,
ichiga paxta solib tikilgan. K.ni ko‘pincha qalandarlar, shayxlar kiygan.