www.ziyouz.com kutubxonasi
176
MAVLONO (arab. - bizning janob) - O’rta Osiyo, Afg‘oniston va Pokistonda eng yuqori
lavozimdagi amaldorlar, yozuvchi, olim va fozil kishilarni, ustozlarni ulug‘lab, ularning
nomlariga qo‘shib ishlatiladigan so‘z. M so‘zi hurmat ma’nosida shaxs nomlaridan avval
aytilgan (mas., Mavlono Alisher Navoiy, Mavlono Jomiy, Mavlono Muqimiy va b.). O’rta
Osiyoda o‘rta asrlarda qo‘llanilgan.
MAVLUD, mavludan-nabiy (arab. -tug‘ilish, payg‘ambarning tug‘ilgan kuni) -Muhammad
payg‘ambar(sav)ning tug‘ilgan kunlari, bayram. M. Rabi al-avval oyining 12-kuni
nishonlanadi. Musulmon mamlakatlarida M. kuni duolar, payg‘ambar(sav) sha’niga
madhiyalardan iborat she’rlar o‘qiladi, sadaqalar beriladi, ruhoniylarning yig‘ilishlari
o‘tkaziladi. Ko‘pgina arab mamlakatlarida, shuningdek, bizning diyorimizda ham M. kuni
va oyida Imom Barzanjiy qalamiga mansub arab tilida yozilgan "Mavludun-nabiy"
qasidasini o‘qish uchun masjid va xonadonlarda maxsus marosimlar o‘tkaziladi.
MADINA (arab. - shahar, to‘liq arab. nomi -Madinat Rasululloh yoki Madinat an-nabiy -
payg‘ambar shahri) - Saudiya Arabistonining shim.-g‘arbiy qismidagi shahar. Hijoz
viloyatida. Xalq uni M.i munavvara -Nurafshon shahar deb e’zozlaydi. Makkadan 400 km
shimolda joylashgan. M.ga asos solingan vaqt noma’lum. Qad. Yasrib (Yatrib) ilk o‘rta
asrlardan boshlab M. deb atalgan. 622 y. Muhammad (sav) Makkadan M.ga ko‘chib
o‘tganlar (q. Hijra) va qolgan umrlari shu yerda kechgan. Harbiy harakatlarga rahbarlik
qilish, Makka ziyoratiga borish uchungina shaharni tark etganlar. M.da musulmonlar
jamoasi (umma) tuzilib, islom mustaqil din sifatida shakllandi; 7-a.dan boshlab M.
musulmonlarning Makkadan keyingi eng katta ziyoratgohi hisoblanadi. M. 632-656
y.larda Arab xalifaligining poytaxti bo‘lgan. Umaviylar va abbosiylar davrida Hijozning
ma’muriy markaziga aylangan. 10-a.dan boshlab esa, Misrga tobe bo‘lgan. 1517 y.da
turklar Misrni bosib olgach, M. Usmonli turk saltanatiga, 1919 y.da esa, Hijoz qirolligiga
qo‘shib olingan. Oradan 5 yil o‘tgach, M.ni Ibn Saud qo‘shinlari zabt etdi. 1932 y. bu
shahar Saudiya Arabistoniga qo‘shib olingan. M. atrofi ilgari mudofaa devori bilan
o‘ralgan bo‘lib, sakkizta darvozasi bor edi. Hozir ular buzilib ketgan. Hojilarga hajdan
so‘ng M.i munavvaraga borib, Muhammad(sav)ning qabrlarini ziyorat qilish rasm
bo‘lgan. M. markazida Rasulullohning uylari (Harami sharif) va maqbaralari bor,
Maqbara ustiga katta masjid kurilgan (656). Shahar aholisi, asosan, savdo,
ziyoratchilarga xizmat qilish, ibodat qilish uchun zarur buyumlar (tasbeh, joynamoz,
ziyoratchilar uchun maxsus kiyimlar) i.ch. bilan mashg‘ul. Aholining bir qismi xurmo va
sabzavot yetishtiradi. Bugunga M. ham ko‘hna, ham navqiron shahar. Saudiya
Arabistonining deyarli barcha qatnov yo‘llari M. shahri bilan bog‘liq. Shahar eng
zamonaviy aloqa vositalari bilan jihozlangan. 1961 y. Islom universiteti ochildi.
Shaharning tub aholisi 0,5 mln. kishidan iborat. Shaharda aerodrom bor. M. shahriga
haj mavsumida jahonning turli mamlakatlaridan millionlab musulmon ziyoratchilari
qadam ranjida qilishadi.