ME’ROJ - q. Isro va me’roj.
MEHROB (arab. - sajdagoh) - 1) masjidning Makka (Ka’ba) tomonidagi devori ichiga
taxmon shaklida qurilgan joy. M. islom dinining dastlabki davrlaridan har bir masjidda
mavjud. U namoz o‘qiladigan tomon (qibla)ni belgilash uchun xizmat qiladi. 2) Arablarda
majlislarning to‘ri. 3) Uyning to‘ri.
MIKOIL, Mekoil - islomda to‘rt bosh farishtadan biri (Azroil, Jabroil, Isrofil bilan birga).
Diniy an’anada koinotni moddiy ta’minlovchi farishta hisoblanadi. U Qur’onda Jabroil
bilan bir qatorda tilga olinadi (2-sura 92-oyat). Rivoyatlarda aytilishicha, M. Jabroil bilan
birga Odamatoga birinchi bo‘lib sajda qilgan, Muhammad (sav)ning ko‘ksilarini yorib,
yuraklarini poklagan. Musulmonlarga Badr jangda boshqa farishtalar bilan birga yordam
qilgan.
MILLA - din, diniy jamoa. Qur’onda M. istilohi bilan majusiylik (18:20/19; 14:13/16),
yahudiylik va xristianlik (2:120/114), Ibrohim (as)ning haqiqiy dini, uni yahudiylar,
xristianlar va majusiy-arabiylar tomonidan buzilgani (6:161/162; 2:128/122; 130/124;
3:95/89; 4:125/124 va b.), Muhammad (sav) tomonidan tiklangani va u zotning
izdoshlarini birlashtirgani anglatilgan. M. Rasululloh (sav) tomonidan diniy belgilariga
ko‘ra birlashgan kishilar uyushmasini anglatgan (q. Umma), Qur’ondagi istilohlar
qatorida turadi. M. istilohining ikki xil ma’noda (din -uyushma) ekani Muhammad (sav)
zamondoshlari bo‘lgan shoirlar ijodida, o‘rta asr musulmon adabiyotida (mas., Tabariy,
Ibn Xaddun), o‘rta asr hukmdorlari unvonlarida (mas., ilk G’aznaviylarda) ko‘zga
tashlanadi. Istiloh "yo‘nalish", "tariqat" ma’nosida ham ishlatilgan [mas., al-Hallojda].
Usmoniylar saltanatida 15-a. 2-yarmidan M. istilohi bilan (millat shaklida) davlat
tomonidan rasman e’tirof etilgan va cheklangan muxtoriyat huquqini olgan diniy
jamoalar (grek-pravoslav, arman-figorian va yahudiylar jamoasi) anglatilgan. Yangi
davrda M. istilohi eski, Qur’ondagi ma’nosi bilan birga "xalq", "millat" kabi ma’noga ega
bo‘ldi.