www.ziyouz.com kutubxonasi
275
TAVAKKUL ("tavakkal" so‘zidan - "biron-bir zotga umid bog‘lash", "ishonish") - o‘zini
Alloh irodasiga topshirish, faqat u beradigan rizqqa umid bog‘lash. T. amallari zohidlar
va so’fiylar orasida keng yoyilgan. Ular Qur’onga asoslanib, T.ni imon bilan bog‘lashgan,
Allohdan chinakam umidvor bo‘lgan insongana kundalik turmush tashvishlaridan voz
kechishga, Alloh yo‘lida xolis xizmat qilishga qodir, deb hisoblashgan. Keyinchalik
so’fiylik yo‘li (tariqat)ning boshlang‘ich maqomlaridan biri T. istilohi bilan atala
boshlandi. T. so’fiylikning boshqa bir maqomi - "qoniqish" (rido) bilan ham bog‘langan.
T.ga amalda rioya etish so’fiyning deyarli har qanday mehnat faoliyatini to‘xtatib
qo‘yishida ham namoyon bo‘lardi. Faqixlar va ilohiyot olimlarining aksariyati bu
masalaga boshqacha yondashgan. Ular fikricha, T. mehnatdan butunlay voz kechishni
bildirmaydi, ya’ni inson ishlashi, tijorat bilan shug‘ullanishi mumkin. Ammo, bu kabi
ishlarni hayotning asosiy maqsadi qilib qo‘ymay, shu bugungi ehtiyojlarni qondirish
uchun yetarli darajada ishlab topish, ertanga kun haqida o‘ylamaslik kerak va h.k.
TAVBA (arab. - qaytish, pushaymon bo‘lish) -tasavvufda soliqning tariqat sari qadam
qo‘yishidan oldin qilgan barcha gunoxlaridan tavba qilib, kelajakda biror gunoh ishni
qasddan qilmaslikka azmu qaror etishi. T. solikning 1-maqomi sanaladi. Alloh tomonidan
T. qabul bo‘lishining 2 sharti bor: 1) yomonlikni bilmasdan qilish; 2) T.ni kechiktirmaslik.
Kimki T.ni kechga sursa, insoniy fazilatlardan mahrum va aksincha T. qilishga shoshilsa,
o‘zini isloh qilgan bo‘ladi. T. - insonning o‘zini o‘zi tarbiyalashida muhim axloqiy vosita
sanalib, yomonlikdan yuz o‘girib, yaxshilik sari qadam qo‘yishga, ezgu ishlar qilishga
undab turuvchi xislat sanaladi.
TAVOF (arab. - atrofida aylanmoq) - Ka’ba atrofida aylanish jarayoni. Haj va umra
marosimlari tarkibiga kiradi. Umra qiluvchilar 1 marta, hajga kelganlar 3 marta (T. al-
qudum, T. az-ziyora va T. al-vado’) T. amalini ado etadi. Bundan tashqari, Makka ahli va
uning mehmonlari Ka’baga yuksak izzat-ehtirom yuzasidan boshqa paytlarda ham,
ayniqsa, juma kunlari va ramazon oyida uni T. qiladi. T.ning shartlari namozning
shartlari kabidir. T. qiluvchi Ka’baga Bob as-Salom darvozasi orqali o‘ng oyog‘i bilan
kiradi. T. qilishda masjid sahnining o‘rtasida turgan Ka’baga yaqinlashilgach, uning Qora
tosh joylashtirilgan burchagaga kelib, qo‘lini unga qarata cho‘zadi va imkoniyat bo‘lsa
o‘padi (taqbil yoki istilom qiladi). Shundan so‘ng Ka’ba atrofida soat miliga qarshi tarzda
yetti marta aylaniladi. Har safar maxsus duolar o‘qiladi. Keyin Ka’ba eshigi oldidagi
Multazam degan joyga suyanib, Allohga iltijo qilinadi. Gunoxdar kechirilishi so‘raladi.
Pirovardida ikki rakaat nafl namoz o‘qiladi.
TAVROT (qad. yahudiycha "Tora" - qonun) -islom akddasi bo‘yicha Allohning Muso
(as)ga Jabroil orqali tushirgan ilohiy kitobi. Qur’onda T. haqida bir qancha oyatlar bor.
Ulardan birida quyidagilar aytiladi: "Biz Tavrotni nozil qildik. Unda hidoyat va nur bor. U
bilan U zotga taslim bo‘lgan Payg‘ambarlar, Allohning kitobini muhofaza qilishga
mukallaf bo‘lgan robboniylar va axborlar yahudiy bo‘lganlarga hukm yuritarlar. Ular bu
kitobga guvoh qilinganlar. Odamlardan qo‘rqmanglar, Mendan qo‘rqinglar. Mening
oyatlarimni arzon bahoga sotmanglar. Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa,
o‘shalar kofirlardir". (Moida 44) Qur’onga ko‘ra, Injildagi kabi T.da ham Ahmad ismli
"yahudiylardan bo‘lmagan payg‘ambar"ning dunyoga kelishi haqida aytilgan. 8-10-
a.larda T. bir necha bor yunon (mas., Xunayn ibn Ishoq), qad. yahudiy (Saadiya Gaon)