www.ziyouz.com кутубхонаси
49
Agar gunoh ishlar anbiyo alayhissalomga ziyon qilmasa ular o‘zlarini nechukdin
taqvo uqubatiga solur erdilar. Tavotur (ishonchli hadislar) birla sobit bo‘libdurkim,
hazrati rasuli akram sallollohu alayhi vasallam xurmoni og‘izlariga solib erdilar, ma’lum
bo‘ldikim, ul sadaqa qilingan xurmo ekan, filhol og‘izlaridan tashladilar. Va agar
yesalar xalqg‘a hech ziyoni yo‘q erdiki, hammaga yemagi muboh (ruxsat etilgan)
erdi.
Ba’zi ahmoqlar ko‘za-ko‘za sharobni nabiz (xurmo va uzumdan tayyorlangan deb)
ot qo‘yib icharlar. Muning ziyonidin hech xabarlari yo‘qtur. Vaqti bo‘lurki, shayton
ahmoqlarga nayrangbozlik qilur. Jahon ablaxlari masxara bo‘lurlar.
Ammo buzulganlardin ul toifadurlarkim, agar odamning havoi nafsi
bo‘lmasa, ani odam qatorida ko‘rmabdurlar. Balki to‘rt oyoqlilar zumrasidin
sanabdurlar.
Bas, bilgilki, nafs andog‘ makkor va firibgardurki, hamisha yolg‘on da’vo qilur. Va
lof urarkim, shar’i sharifdan chiqmadik deb. Bu nafsning da’vosiga hukmi shar’i sharif
birla dalil izlamak kerak. Agar inson tab’i chin dildan ahkomi sharr’iyga mos bo‘lsa,
da’vosi rostdur. Agar ming hiylaga mashg‘ul bo‘lsa, shayton bandasidur! Bas, shar’i
sharifga bo‘ysunmoq hanuz musulmonchilikning avvalgi darajasidur.
Yettinchi vajh: shahvat g‘aflatning g‘olibligidan paydo bo‘lur. Jahldan ermasdur.
Bul ul toifadurlarkim, bularni qilg‘on shubhalik amallari o‘zlariga ma’lum bo‘lmas va
lekin guruhni ko‘rarlarkim, ibohat yo‘lida yurguchi, fisqu fasod qilguchi, makr va firib
so‘zlarini deguvchi, valiylik va tasavvuf da’vosini qilguchi, so‘fiyona liboslar
kiyguvchi. Bas, ul toifakim, anga Shahvat va batolat (bekorchi, yolg‘on,puch
xayollar) g‘olibdur, bu guruhning qilg‘on ishlari o‘zlariga xush kelur va qilg‘on
amallari fasodidan qo‘rqmaslar.
Balki ayturlar, bu fasod ermasdurkim, tuhmatdur. Na fasodning ma’nisini bilurlar va
na tuhmatning. Bas, bu toifa g‘ofildurlarki, shahvat va shayton bularga g‘olib kelibdur.
Pand va nasihat birla bular salohga kelmas. Bas, bu toifalarning ko‘pchiligi ul
qavmdindurlarkim, Haq taolo ular haqida xabar beribdurki:
Inna ja’alno ala qulubihim akinnatan. Ya’ni, Darhaqiqat, Biz (Kur’onni) anglamaganlarning dillarini pardalab, quloqlarini og‘ir qilib qo‘ydik. (Kahf, 57). Bas, ahli ibohatning g‘aflat, fazihat (rasvolik, sharmandalik) larini munchalik bayon
qilmoq kifoyatdur, bularning shubhasi Haq taoloni tanimaganidan yo shariatni
bilmaganidandur. Va johilligikim tab’ining xohishidadur, tuzalishi qiyindur. Ul sababdankim,
bu guruh shubhasiz ibohat yo‘lida yurar. Va ayturlarkim, bizlar hayratdadurmiz. Va agar ul
guruxdan so‘rasalarki, nechuk hayratdasen, aslo javob etaolmas. Charoki, ularda na talab
bo‘lg‘ay, va na shubha (gumon). Bu guruhning holi ul bemorning holiga o‘xsharkim, tabibga
aytur: men bemordurmen. Tabib so‘rasakim: na yering og‘riydur? Bilmas. Bu nav’ kasalga
iloj qilg‘ali bo‘lmas. Va bu toifaki, har ishda chora topmay hayrondir. Ammo sen inson -
sen va seni xalq qilguchi Olim va Qodirdurkim, harna xohlasa qilur. Bas, aning haqida
shak va hayratda bo‘lmag‘aysan. Va bu ma’nolarni dalil birla bilgaylar. Chunonchi, sharh
qilindi.