Qozoqboy Yo‘ldoshev bilan bugungi suhbatimiz Tog‘ay Murod
asarlarining yosh avlod ta'lim-tarbiyasida tutgan o‘rni haqida bo‘ldi.
- Bir ko‘rgan tanish, deydilar, ikki ko‘rgan bilish.Tog‘ay Murod bilan qachon tanishdingiz-u, uni qachon kashf etdingiz? O‘sha paytlarga nima kechdi xayolingizdan, ilk taassurotlaringiz aldamadimi sizni? - Tog‘ay Murod bilan deyarli tengdoshmiz. Hayotning qiziqligini qarang, bir yurtda, bir shaharda
yashab yursak-da, shaxsan tanishish baxtga muyassar bo‘lmaganman. Buning ham o‘ziga yarasha
sabablari bor, albatta. Ayrim oshnalarim: "Tog‘ay Murod bilan tanishib baraka topmaysan, qaytanga
qalbingdagi unga bo‘lgan bor ixlosing so‘nadi. Uning tabiati judayam og‘ir", degandi. Qolaversa,
Tog‘ay Murod har xil davralarga kam qatnashardi. Ba'zida uning buyukligi ham shundan bo‘lsa kerak
deb o‘ylab qolaman. Lekin 1989 yildami... bir yig‘inda bir marta ko‘zimizga ko‘zimiz tushib edi.
Shunga qaramay men uning asarlarini bitta qoldirmasdan o‘qib borardim. Shunchaki oddiy asarlar
qatori emas, boshqacha yurak bilan, o‘zgacha bir mehr bilan mutolaa etardim. Shu jarayonda Tog‘ay
Murod siyrati va suratini chizib bordim. U juda mag‘rur va uncha-muncha odamlarni tan
olavermaydigan, birovga yoqimliroq ko‘rinishni xayoliga ham keltirmaydigan o‘jar odam bo‘lgan
bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
2001 yilda Tog‘ay Murod "Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi" romanini menga jiyanidan hech narsa
yozmasdan, bir og‘iz gap aytmasdan berib yuboribdi. Men anchadan beri uning ijodi haqida ozmi-
ko‘pmi yozib ham turardim.. Ammo o‘shanda Tog‘ay Murod meni ham bir o‘quvchi sifatida gaplarim,
qarashlarim bilan hisoblasharkan, qiziqarkan degan qanoat paydo bo‘ldi menda. Oradan ancha vaqt
o‘tib "Otamdan qolgan dalalar"ni ham xuddi shu tarzda berib yuboribdi.
Tog‘ay Murod bilan tanishishimiz asosan kitoblari orqali bo‘lgan. Ayniqsa, romaniga ilova qilingan
"Men" nomli so‘ngso‘z qattiq ta'sir qilgandi. Boisi, asarlari siyratini, ichki olamini teran ochib bergan.