Bajarilgan ish hajmiga ko’ra amortizatsiya hisoblash usuli ob’ektlardan foydalanish muddati, ularning tuzilish xususiyatlari bilan cheklangan hamda mazkur aktivlarning xo’jalik faoliyati hajmi yilma-yil o’zgargan hollarda qo’llaniladi.
Qoldiqli kamayish usulida amortizatsiya hisoblash. Kamayib boruvchi qoldiq usuli aktivdan foydalanish muddatida amortizatsiya summasining doimo kamayib borishini ifodalaydi. Ushbu usulda eskirish me’yori asosiy vositalarning qoldiq qiymatiga ko’paytiriladi. Odatda, bu usulda amortizatsiya me’yori ikki hissa qilib olinadi.
Kumulyativ usulda amortizatsiya hisoblash. Kumulyativ usul (yillar yig’indisi usuli)da har yilgi amortizatsiya me’yori amortizatsiya muddati yakuniga qadar qolgan amortizatsiyalanayotgan qiymatning bo’lagi sifatida belgilanadi. Bo’lak amortizatsiya hisobining tugagunicha qolgan to’liq yillar yig’indisini amortizatsiya muddatini belgilaydigan yillarning tartib soniga bo’lib aniqlanadi.
5 yil foydalanish muddatiga mo’ljallangan asosiy vositalar uchun yillik raqamlar yig’indisi quyidagicha bo’ladi:
5 + 4 + 3 + 2 + 1 = 15 yil.
Kumulyativ usulda amortizatsiya hisoblash jadvali
Yillar
Balans qiymati
Yillik amortizatsiya summasi
Jamg’arilgan amortizatsiya
Qoldiq qiymati
1 - yil
50000
(5 / 15 x 48000) = 16000
16000
34000
2 - yil
50000
(4 / 15 x 48000) = 12800
28800
21200
3 - yil
50000
(3 / 15 x 48000) = 9600
38400
11600
4 - yil
50000
(2 / 15 x 48000) = 6400
44800
5200
5 - yil
50000
(1 / 15 x 48000) = 3200
48000
2000
Jadvallardan ko’rinib turibdiki, amortizatsiya hisoblashning oxirgi ikki usulida asosiy vositalardan foydalanish muddatining boshida hisoblangan amortizatsiya ajratmalari ob’ekt xizmat muddatining oxirida hisoblangan amortizatsiya qiymatidan ortiq bo’ladi.
Ushbu usullar ishlab chiqarishga taalluqli asosiy vositalarni hisoblash uchun qo’llaniladi, chunki mazkur vositalardan foydalanishning birinchi yillarida samaraliroq foydalaniladi va ta’mirlashga xarajatlar unchalik ko’p bo’lmaydi. Keyingi yillarda amortizatsiya xarajatlari kamayadi, ta’mirlash xarajatlari esa odatda oshib boradi.
Asosiy vositalar bo’yicha amortizatsiya ajratmalari ular hisoblab o’tkazilgan hisobot davrida buxgalteriya hisobi va hisobotida aks ettiriladi. Asosiy vositalarning ayrim ob’ektlari bo’yicha ajratmalar tegishli summalarni jamg’arish yo’li bilan yoki ob’ektlarning dastlabki qiymatini kamaytirish yo’li buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Asosiy vositalarning eskirishini hisobga olish uchun hisobvaraqlar rejasida quyidagi hisobvaraqlar ochilgan:
0211 - «Erni obodonlashtirishning eskirishi»;
0212 - «Moliyaviy lizing shartnomasi bo’yicha olinib o’zlashtirilgan asosiy vositalarning eskirishi»;
0220 - «Binolar, inshootlar va uzatuvchi moslamalarning eskirishi»;
0230 - «Mashina va jihozlarning eskirishi»;
0240 - «Mebel va ofis jihozlarining eskirishi»;
0250 - «Kompyuter jihozlari va hisoblash texnikasining eskirishi»;
0260 - «Transport vositalarining eskirishi»;
0270 - «Ish hayvonlarining eskirishi»;
0280 - «Ko’p yillik ekinlarning eskirishi»;
0290 - «Boshqa asosiy vositalarning eskirishi»;
0299 - «Moliyalanadigan lizing shartnomasi bo’yicha olingan asosiy vositalarning eskirishi».
Ushbu hisobvaraqlarning kreditida asosiy vositalarga hisoblangan va hisoblanayotgan eskirish summalari ko’rsatiladi. Hisobvaraqlarning debetida asosiy vositani hisobdan chiqarish paytida unga hisoblangan eskirish summasining hisobdan chiqarilishi aks ettiriladi.
Asosiy vositalarga eskirish hisoblanganida, eskirish summalari xarajatlarga o’tkaziladi.
Eskirish summasi ishlab chiqarish xarajatlariga o’tkazilganida quyidagicha yozuv qilinadi:
D-t Ishlab chiqarish xarajatlari hisobvaraqlari
K-t Asosiy vositalar eskirishini hisobga oluvchi hisobvaraqlar.
Agarda eskirish davr xarajatlariga o’tkazilsa quyidagicha yozuv qilinadi:
D-t 9420-«Ma’muriy-boshqaruv xarajatlar»
K-t Asosiy vositalar eskirishini hisobga oluvchi hisobvaraqlar.