Asosiy vositalarni buxgalteriya hisobida hisobga olish uchun quyidagi hisobvaraqlar ochilgan:
0110 - «Er»;
0111 - «Erni obodonlashtirish»;
0112 - «Moliyaviy lizing shartnomasi bo’yicha olingan asosiy vositalarni o’zlashtirish»;
0120 - «Binolar, inshootlar va uzatuvchi moslamalar»;
0130 - «Mashina va jihozlar»;
0140 - «Mebel va ofis jihozlari»;
0150 - «Kompyuter jihozlari va hisoblash texnikasi»;
0160 - «Transport vositalari»;
0170 - «Ish hayvonlari va mahsuldor hayvonlar»;
0180 - «Ko’p yillik ekinlar»;
0190 - «Boshqa asosiy vositalar»;
0199 - «Konservatsiya qilingan asosiy vositalar».
Ushbu hisobvaraqlar aktiv bo’lib, ularning debet tomonidagi saldo korxonada mavjud asosiy vositalarning dastlabki qiymatini aks ettiradi. Asosiy vosita ob’ektlarining ko’payishi hisobvaraqlarning debet tomonida, kamayishi esa kredit tomonida aks ettiriladi.
Asosiy vositalarning kirim qilinishi quyidagi ko’rinishlarda bo’ladi:
Asosiy vositalarni muassislar tomonidan korxonaning ustav kapitaliga ularning ulushi tarzida yoki aktsiyalarning haqini to’lash hisobiga kiritish.
Asosiy vositalar korxonaga qabul qilinayotganda maxsus tuzilgan komissiya tomonidan asosiy vositalarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasini tuzish bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu dalolatnomada asosiy vositalarning dastlabki bahosi, eskirish summasi, qabul qilinayotgan vositaning qisqacha tavsifi, komissiya a’zolarining ismi-sharifi, moddiy javobgar shaxs tomonidan qabul qilinishi ko’rsatiladi. Bunda ushbu dalolatnomaga ta’riflovchi texnik va boshqa hujjatlar ilova qilinadi, dalolatnoma esa korxona rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Asosiy vositalarni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tasdiqlangandan so’ng korxona buxgalteriyasiga beriladi, shu dalolatnoma asosida har bir ob’ektga inventar varaqasi ochiladi.
Tegishli shartnomalar asosida korxona mutaxassislari va chetdan jalb etilgan mutaxassislar kuchi bilan barpo etilgan asosiy vositalar ob’ektlari 0810-«Tugallanmagan qurilish» hisobvarag’ining krediti bilan korrespondentsiyada 0110-0190-hisobvaraqlar debeti bo’yicha haqiqiy tannarxiga qarab asosiy vositalar sifatida kirim qilinadi.
Korxonaning o’z kuchi bilan qurilgan asosiy vositalar ob’ektlarining balans qiymatiga o’sib boruvchi yakun bilan barcha bevosita xarajatlar: material, ishchi kuchi va boshqa xarajatlar, shuningdek qurilish jarayoniga bevosita daxldor bo’lgan qo’shimcha xarajatlar kiritiladi.
O’sib boruvchi yakun bilan hisoblangan xarajatlar qurilish davomida 0810-«Tugallanmagan qurilish» hisobvarag’ida aks ettiriladi. Qurilish tugallanguniga qadar bino 0120-«Binolar, inshootlar va uzatuvchi moslamalar» hisobvarag’ida hisobga olinmaydi, chunki u hali foydalanishga topshirilmagan. Qurilish tugallanganidan keyin va foydalanishga topshirilganida 0810-hisobvaraqda jamlangan barcha xarajatlar summasi 0120-«Binolar, inshootlar va uzatuvchi moslamalar» hisobvarag’iga o’tkaziladi hamda keyingi oydan boshlab undan amortizatsiya hisoblanishi lozim.
Misol. «Bobur» hissadorlik jamiyati tsex binosini o’z kuchi bilan qurib, foydalanishga topshirdi. Qurilishga sarflangan jami xarajat 92179000 so’mni tashkil qildi. Ushbu muomalaga hisobda quyidagicha provodka beriladi:
D-t 0120 - «Binolar, inshootlar va uzatuvchi moslamalar» - 92179000 so’m;
K-t 0810 - «Tugallanmagan qurilish» - 92179000 so’m.
Boshqa korxona va shaxslardan sotib olingan asosiy vositalarni 0820-«Asosiy vositalarni sotib olish», 0840-«Asosiy podani shakllantirish», 0890-«Boshqa kapital qo’yilmalar» hisobvaraqlarining krediti bilan korrespondentsiyada 0110-0190-hisobvaraqlar debeti bo’yicha kirim qilinadi.
Misol. «Bobur» hissadorlik jamiyati yangi ishlab chiqarish faoliyati uchun bino sotib oldi, uning xarid qiymati - 2000000 so’m, broker xizmati uchun 20000 so’m hamda yurist xizmatiga 15000 so’m to’lagan, hujjatlarni rasmiylashtirishga 25000 so’m xarajat qilingan.
Ushbu muomalaga hisobda quyidagicha provodka beriladi:
D-t 0120 - «Binolar, inshootlar va uzatuvchi moslamalar» - 2060000 so’m;
K-t 0820 - «Asosiy vositalarni sotib olish» - 2060000 so’m.
Foydalanishga qabul qilingan asosiy vositalar bo’yicha QQS ularning dastlabki qiymatini ko’paytiradi hamda eskirish qiymatini oshirgan holda, korxona xarajatlariga sekin-asta o’tkaziladi.
Boshqa korxona yoki jismoniy shaxslardan tekinga, shuningdek, hukumat organlarining subsidiyasi sifatida olingan asosiy vositalar 8530-«Tekinga olingan mol-mulk» hisobvarag’i bilan korrespondentsiyada 0110-0190-hisobvaraqlar debeti bo’yicha kirim qilingan sanada ekspert yo’li bilan, bozor qiymati bo’yicha belgilangan bahoda aks ettiriladi.
Misol. Transport vositasi bepul olindi. Ushbu muomalaga hisobda quyidagicha provodka beriladi:
D-t 0160 - «Transport vositalari»;
K-t 8530 - «Tekinga olingan mol-mulk».
Amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq, bepul olingan asosiy vositalarning qoldiq qiymati (idora ichida beriladiganidan tashqari) foyda (daromad) solig’ini hisoblash bazasiga kiritiladi va undan soliq undiriladi.
Ta’sischilar ustav kapitaliga ulush sifatida kiritgan yoki aktsiyalar haqini to’lash hisobiga bergan asosiy vositalarni kirim qilish 4610-«Muassislarning ustav sarmoyasiga ulushlar bo’yicha qarzlari» hisobvarag’i krediti hamda 0110-0190-hisobvaraqlar debetida aks ettiriladi.
Misol. Kompaniyaning muassislaridan biri ustav kapitalini shakllantirish bo’yicha qarzini transport vositasini qo’shish yo’li bilan uzdi. Qiymati - 2000000 so’m. Ushbu muomalaga hisobda quyidagicha provodka beriladi:
D-t 0160 - «Transport vositalari» - 2000000 so’m; K-t 4610 - «Muassislar qarzlari» - 2000000 so’m.