www.ziyouz.com kutubxonasi
20
bag‘rida kamol topib, ko‘zga ayonlashdi. Buni me’morlik san’ati bilan qiyoslasa bo‘ladi: Samarqandu
Buxoro, Iroqu Nishopur, Balxu Hirot me’morchilik yodgorliklariga qarang, ularning naqshu nigori,
koshinlari, tarhu tarovatida o‘xshashlik bor. Ammo har biri yana o‘ziga xos salobat, husnu jozibaga
ega, har bir me’morning «dastxati»ni aniq his etasiz. She’riyat ham shu: qat’iy an’analar andozasi ichra
benazir ustakorlik, ulug‘ salaflar darajasiga ko‘tarilish va shu maydonda ihtirolar qilish, yangi yo‘l,
yangy ohanglar topib, elni qoyil qilish. An’anaviy usul-raviyada mahorat ko‘rsatish — bir mo‘‘jiza,
asrlar an’anasini yengib shoirona ixtirolar qilish — ikkinchi, yanada oliyroq mo‘‘jiza. Navoiyning har
bir g‘azalida an’anaviy mavzuni yangi ruh, yangi tuyg‘u va fikr bilan yangidan yangratish, g‘azalning
qadimiy shaklidan foydalanib, shoirona mo‘‘jizalar ko‘rsatish mahorati namoyon. Voqean, tahlilga
olgan g‘azalimiz ham «Erur ko‘ngilda safo ishq toza dog‘i bila» deb boshlanadi: ishqning ko‘nglida
har bir yangilanishi, toza dog‘lar qoldirish yangi ilhom va zavq olib keladi, yangi she’rni bunyod etadi.
Ushbu g‘azalni baytma-bayt sharhlab chiqsak, aytilgan fikrlar to‘laroq va aniqroq anglashiladi.
Birinchi bayt:
Erur ko‘ngulda safo ishq toza dog‘i bila,
Nechunki ko‘zda yorug‘liq erur qarog‘i bila.
Ishqning dog‘i — dardu alami, asorati, yarasi tozarishidan ko‘ngilda shodlik, surur va ravshanlik
paydo bo‘ldi. Zotan, bunga ajablanmaslik kerak, chunki ko‘zning qorachig‘i ravshanligi uning
qorachug‘idan. Baytning mazmuni shu. Ajoyib tashbih: ko‘z gavhari qora, ammo ko‘rishning quvvati,
yorug‘lik o‘shandan, demak, ishq ko‘ngilga dardu dog‘ solsa-da, lekin ko‘ngil ko‘zini
ravshanlashtiradi, olamni musaffo nigoh bilan idrok etishga chirog‘i hidoyat bo‘ladi. Navoiy shu
tashbih orqali tazod san’atining favqulodda yangi bir ko‘rinishini kashf etgan va inson ruhidagi
talotumlarni, qarama-qarshi holatlarni tushuntira olgan: ishq-muhabbatdan forig‘ odam tinch, xotirjam
yashashi kerak. Biroq hayotda buning aksi bo‘ladi, muhabbat dardiga giriftorlik xursandchilik,
farog‘atga sabab bo‘ladi. Ko‘ngil bu darddan yayraydi! Shoir oqlik va qoralikni (baytda «safo» va
«toza» so‘zlari ham o‘zaro mutanosiblikka kirishib, zavqli bir tuyg‘u bag‘ishlaydi), qullik va ozodlikni,
ishqiy bezovtalik lazzati va ishqsizlik badbaxtligini qiyoslaydi, sufiyning tan azoblari evaziga
tuyadigan ruhiy-ma’naviy huzurini olqishlaydi. Dog‘ — tamg‘a, nishon; dog‘ — anduh, g‘am; dog‘ —
jarohat, yara; dog — yurakdagi qora nuqta, suvaydo; dog‘ — lolaning qora rangi; dog‘ — qullik
belgisi. Safo esa «riyozat chekishdan ko‘ngilning poklanishi» («Mir’ot-ul ushshoq»), «poklik, ta’bning
nopisand, yomon xislatlardan tozalanishi... ko‘ngilning ag‘yor, ya’ni g‘ayri yordam, g‘addor dunyodan
yuz o‘girishi»dir («Mustalahoti urafo» 262-bet). Shunday qilib, ishq dog‘i ag‘yor domi, dunyo qudrati
qulligidan ko‘ngilni ozod etadi. Ilohni sevish, unga qul bo‘lish qullikdan ozod bo‘lishning chin yo‘li,
demak, bunday qullikdan xursand bo‘lish kerak. Shuning uchun ham oshiq mahbubasining tamg‘asini
ko‘ngilda asrab, unga qul bo‘lishdan boshi osmonda. Ishqning farah va farog‘at, safo va ro‘shnolik
keltirish xosiyatini shunday ajoyib, original toza tasvir bilan ifodalagan shoir ikkinchi baytda
mo‘‘jizakor taxayulining yana bir qirrasini ko‘z-ko‘z etadi:
Firoq shomi yengilmas o‘qung ko‘ngul yo‘lini
Ki, borur ul sari paykonidin charog‘i bila,
Birinchi baytdagi qorong‘u-yorug‘ tazodi davom ettirilgan, ammo ma’no boshqa. Birinchi baytdagi
tashbih asoslari dog‘ va ko‘z qorachig‘i ijobiy ma’nodagi rang edi, aniqroq qilib aytsak, bu qoraliklar
oqlik-ravshanlik keltiradigan edi, (riroq shomi esa oshiq uchun yorug‘lik emas, azob-iztirob olib
keladi. Oshiqning hijrondagi kunlari tun bilan barobar, hijronda oshiq uchun yorug‘lik yo‘q, uning
tongi zim-ziyo, quyoshi mahv etilgan, firoq shomi tariqat ahli nazdida solikni ilohdan ajratib turuvchi
parda, kasrat, deydi shoir ma’shuqaga qarab, o‘qing (kipriging) ko‘nglim yo‘lini adashmasdan topadi,
Alisher Navoiy g‘azallariga sharhlar
Dostları ilə paylaş: |