www.ziyouz.com kutubxonasi
63
O‘ynoqlab turgan sochning halqasi ichidagi xol chambar ichida o‘ynab tomosha ko‘rsatayotgan
lo‘liga o‘xshatilyapti. Ma’lumki, bozigar lo‘lilar, ya’ni o‘ynab tomosha ko‘rsatuvchi lo‘lilar olomon
to‘plangan joyda o‘z san’atlarini namoyish qiladilar. Yor xolining lo‘lilar toifasiga o‘xshatilishida
mahbubaning husnini ta’kidlash bilan birga, soch halqasi va uning ichidagi xol o‘yinidan
boshqalarning bahramand bo‘lishi ehtimolidan tahlika ham seziladi. Binobarin bu misradagi
muqoisada oshkora tasvirdan tashqari yashirin bir rashk, pinhon bir ta’na bor.
Mana bu baytdagi muqoisa ham insonning jonivor bilan o‘ynashuviga asoslanganligi jihatidan
yuqoridagi misraga bir qadar o‘xshab ketadi:
Zohid bila nafs etsa tamasxur yo‘q ajabkim,
It sayd qilur vaqtda tulku bila o‘ynar.
Bu yerda gapni sal uzoqdan boshlashga to‘g‘ri keladi. Ma’lumki, tasavvuf ilmida insonning ilohga
intilishi hayotdagi bosh maqsaddir. Bu intilish butunlay xolis bo‘lishi lozim, g‘araz e’tiqodni chipakka
chiqaradi. Shuning uchun ham mazkur ta’limotda zuhd, ya’ni xudo jamoliga erishuvning
namoyishkorona yo‘li shartli ravishda g‘araz, nafs timsoli sifatida talqin qilinadi. Bobo sh-irlarimiz,
shu jumladan Alisher Navoiy ham mansub bo‘lgan tasavvuf poeziyasida bu obraz o‘zining yorqin
aksini topgan. Demak, bu baytdagi zohid nafsoniyatiga mukkasidan ketgan odam. Nafs esa an’ana
bo‘yicha itga qiyos etiladi. Bu qiyos Navoiygacha va undan keyingi she’riyatimizda ham mavjud.
G‘azalning maqta’si — yakunlovchi bayti:
Mug‘ dayrida mast bo‘lsa Navoiyni ko‘ringkim,
Bir olma kibi gumbazi miynu bila o‘ynar.
Mug‘ dayri — mayxona. Gumbazi miynu — zangori gumbaz, ya’ni osmoni falak. Bu baytda ishqiy
g‘alayon mayxonadagi mastning holatiga o‘xshatiladi. Tasavvuf poeziyasida
haqqa yetishmak
yo‘lidagi tuyg‘ular, kechinmalar shartli ravishda mastlikka o‘xshatiladi. Negaki, boshqa birovni
astoydil sevgan odam ham, mast bo‘lgan odam ham odatda o‘zini unutadi. Baytga qaytadigan bo‘lsak
mast odamning ko‘ziga ulkan narsalar kichik, muhim narsalar ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinadi. Qolaversa,
ichgan odam sho‘r, achchiq luqmalar bilan gazak qiladi. Demak, mast bo‘lgan qahramonning ko‘ziga
tor ma’noda mayxonaning‘ zangori gumbazi ham, keng ma’noda osmoni falak ham bir olma kabi
tuyulmoqda. Shuning uchun u osmoni falakni qo‘liga olib o‘ynaydi, charx urayotgan koinot o‘zining
muayyan o‘qi atrofida emas, balki oshiq qo‘lida aylanib turipti. Istasa, oshiq unga tish uradi, til
tekkizadi. Bu yerda shoir ma’lum darajada o‘zining oshiqligidan kulayotganday. Bu, albatta,
Navoiyning ixtiyoridagi masala. Lekin biz muxlislar shuni yaxshi bilamizki, Navoiy buyuk oshiqdir,
shuning uchun ham musaffo tuyg‘ulariga zamin tor kelib, ishi osmon sari tushgan.