www.ziyouz.com kutubxonasi
17
G’USL NIYATI G‘usl oldidan niyat qilmoq sunnatdir.
Birinchi marta suv quyganda quyidagicha niyat qiladi: “Navaytu an ag‘tasila g‘uslam
minal janobati raf’al lil hadasi va istibohatal lis-saloti va tahoratal lil badani va
taqarrubam minallohi taolo, Allohu Akbar”. (Ma’nosi: nopoklikni ko‘tarmoq, namoz va
boshqa ibodatlar uchun badanni poklamoq va Allohga yaqin bo‘lmoq uchun janobat
g‘uslini niyat qildim).
SUV MIQDORI Shariatda har qanday isrofgarchilik qoralanadi. Qur’oni karimning quyidagi oyatlariga
binoan isrof harom qilingan.
Alloh taolo “A’rof” surasining 31- oyatida: “...Va yenglar va ichinglar va haddan oshmanglar. Albatta Alloh taolo haddan oshguvchilarni do‘st tutmas”, deb
ogohlantiradi.
“Isro’” surasi 26-27-oyatlarida esa: “(Ey Muhammad), qavmu-qarindoshga, miskin va yo‘lovchiga (xayru ehson qilish bilan) haqlarini ado eting va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymang. Chunki isrof qilguvchilar shaytonlarning do‘stlari bo‘lgan kimsalardir. Shayton esa Parvardigoriga butunlay kofir bo‘lgandir”, deb
buyuradi.
Shuning uchun biz bu o‘rinda tahorat va g‘usl qilishda suvni isrof qilmaslik uchun uning
shariatda belgilangan miqdorini keltirib o‘tamiz.
Ma’lumki, har bir zamonda o‘ziga xos o‘lchov va tortish asboblari bo‘lgan. Masalan, man,
so’, ratl, qadoq va hokazo... “Saloti mas’udiy” kitobining g‘usl sunnatlari faslida va
mavlono Fariduddin Attor qoddasallohu sirrahuning “Chahor kitob”ida tahorat suvi
miqdorini bir yarim man, g‘usl suvini to‘rt man deb belgilangan.
“Farhang”da 1 man – 846 grammga teng deyilgan. Demak, tahoratdagi bir yarim man
suv 1 kg 269 grammga va g‘usldagi 4 man suv 3 kg 384 grammga barobar keladi.
Tahoratda belgilangan 1 kg 269 gramm miqdordagi suvni uchga bo‘lib ishlatish
ko‘rsatilgan.
Tahorat suvining uchdan biri 423 gramm, ya’ni yarim manga teng. Uchdan biriga istinjo
qilinadi. Yana bir qismiga og‘iz-burun, bet-qo‘lni yuvib, boshga mahs tortiladi. Qolganiga
esa oyoqlar yuviladi. Istinjo uchun bu miqdordagi suv bilan qalb taskin topmasa, u holda
to qalb taskin topguncha suv ishlatish joiz.
“Saloti mas’udiy” kitobida g‘usldagi to‘rt man suvning bir yarim maniga yuqoridagi
tartibda tahorat qilinsa, qolgan qismi, ya’ni 2 kg 115 gr.ga badanni tartib bilan yuviladi
deb tayinlangan. G‘usldan oldin badandagi najosatlarni yuvish uchun ishlatiladigan suv
bu miqdorga qo‘shilmaydi. Chunki najosatni ketishiga qarab suv ishlatiladi.