SHAROF RASHIDOV (1917—1983) Adib, yirik davlat arbobi Sharof Rashidov 1917 yilning 5 noyabrida Jizzaxda dehqon oilasida
tavallud topgan, Narimonov maktabida tahsil ko‘rdi. 1934 yilda Jizzaxdagi pedagogika
texnikumini, 1941 yilda Samarqand dorilfununini tugatadi. Shundan so‘ng
muallim va muxbir sifatida o’z faoliyatini boshlaydi.
1938-1941 yillarda Samarqand viloyatining «Lenin yo‘li» ro‘znomasida ishlaydi. 1941-1942
yillarda Ulug‘ Vatan urushida qatnashadi. Frontdan qaytgach, 1944-1947 yillarda rahbarlik
ishiga o‘tadi. Samarqand viloyat partiya kotibi bo‘lib faollik ko‘rsatadi,
1947—1949 yillarda «Qizil O’zbekiston» ro’znomasiga muharrirlik qiladi. 1940-1950 yillarda
O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasi raisi, 1950-1959 yillarda O’zbekiston Oliy Kengashi
Rayosatining raisi, 1959-1983 yillarda O’zbekiston Kompartiyasining Birinchi kotibi bo‘lib ishladi.
Toki umrining oxirigacha Respublika partiya tashkilotiga rahbarlik qildi. Shuningdek, Ittifoq
Partiya Markaziy qo‘mitasi Siyosiy Byurosi a’zoligiga nomzod ham edi. U o’n bir marta «Lenin
ordeni», ikki marta (1974, 1977) «Mehnat qahramoni Oltin yulduzi» va Lenin mukofoti sovrindori
ham bo‘lgan.
Uning ijodi asosan 30-yillarning ikkinchi yarmida boshlangan bo‘lib, dastlab she’riyatda qalam
tebratgan. Uning birinchi she’riy to‘plami «Samarqand kuylari” nomi bilan bosilgan. So‘ng esa
«O’lkam», «Orzuimiz» (1939) kabi she’rlari chop etilgan. Ulug’ Vatan urushi davrida fashizmga
qarshi g’alabaga yetaklovchi she’rlar yozib, 1945 yilda «Qahrim» nomi bilan to‘plam sifatida
chop ettiradi. U ayni chog’da adabiyotshunos va munaqqid sifatida ham qalam tebratgan edi. U
jang maydonlarida:
Agar jangdan qaytsam orqamga, La’nat o‘qing, yashashim bekor, —
degan ahd bilan ona-Vatan dushmanlariga, fashizmga qarshi qahr-g‘azab tuyg’ularini to‘kib
sochadi.
Sharof Rashidov maqolanavis — publisistlikdan kamolga yetgan adib darajasiga ko‘tarildi.
Shuning uchun ham uning badiiy ijodi namunalarida bu ruh yetakchi o‘rinni egallaydi. Adibning
katta nasr namunalari bo‘lgan «G’oliblar», «Bo‘rondan kuchli», «Qudratli to‘lqin” romanlarida
urushdan keyingi O’zbekiston xalqini, tiklanish yillaridagi mehnat jasoratlari badiiy ifodasini
topgan.
Ijodkorning «Kashmir qo‘shigi», «Komde va Mudan” kabi lirik qissalari an’anaviy Sharq
dostonchiligi uslubida bitilgan bo‘lib, yoshlik, bahor, go‘zal hayot nashidasi madhiga
bag‘ishlangandir. Adib hayotining so‘nggi yillarida yaratgan «Dil amri» qissasi Vatan urushi
yillarida Belorus zaminida kechgan jang manzaralari, turli millat jangchilarining g’alaba yo‘lida
olib borgan hayot-mamot kurashi tasviriga bagishlangan.
Sharof Rashidov Sho‘ro hokimiyati davrining barcha davlat arboblari singari vafotidan keyin
qoralandi. Hayoti va ijodini o‘rganish ta’qiqlandi. Mustaqillik sharofati bilan kamtarin adib va
davlat arbobining nomi qayta tiklandi. U 1983 yilning kuzida to‘satdan vafot etdi.