RAMZ BOBOJON (1921) Shoir, dramaturg, tarjimon Ramz Bobojon 1921 yili Toshkent shahrida xizmatchi oilasida tug‘ildi.
Ta’lim-tarbiya texnikumini tamom qilgandan keyin Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika
institutining adabiyot fakultetiga kirib o‘qiydi.
1939—1948 yillarda u «Lenin uchquni» muharririyatida bo‘lim boshlig‘i, O’zbekiston Davlat
nashriyotida, O’zbekiston Radio komitetida muharrir bo‘lib ishladi. O’zbekiston Yozuvchilari
uyushmasida adabiy maslahatchi, kotib, «Vatan» jamiyati rahbari sifatida faol mehnat qildi.
Ramz Bobojon 1936 yildan ijod qila boshlagan. Shu vaqtgacha «She’rlar» (1939), «Hadya»
(1940), «Oltin kamalak» (1949), «Vodiy bo‘ylab» (1949), «Tanlangan asarlar» (1958), «Sevgi
sirlari» (1963), «Serdse ne spit nikogda» (1963), «Dvajdi jivyot poet» (1966), “Da — ya aziat”
(1973), «Senga sevgilim» (1969), «Bi-rinchi parvoz» (1989), «Muhabbatga ta’zim» (1980) kabi
bir necha to’plamini va «Saylanma»larini nashr ettirdi.
Shoirning “Qadrdon do‘stlar” poemasi urush va undan keyingi davrdagi sovet xalqlarining
do‘stligini ko’rsatishga bag’ishlangan. Dramaturgiyamiz taraqqiyotida Ramz Bobojonning o’ziga
yarasha xizmatlari bor. 1961 yilda “Tog’a va jiyanlar” komediyasini yaratdi. «Lo‘lilar” pyesasi
Moskva teatrlarida namoyish qilindi.
Qoloq shaxslar keskin fosh etilgan “Insu jins yoki tirik murdalar” (1972) komediyasi ham
muxlislar tomonidan iliq kutib olindi.
Dramaturgning «Yusuf va Zulayho» (1981) dramasi, ayniqsa, tomoshabinlar va keng kitobxonlar
olqishiga sazovor bo’ldi.
Ramz Bobojonning adabiyot shinavandalari faqat shoir sifatida emas, balki yaxshi tarjimon
sifatida ham bilishadi. A. S. Pushkin, M.Yu. Lermontov, N.A.Nekrasov va boshqa klassiklarning
asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.
Ramz Bobojon o’zining barakali ijodiy faoliyati uchun “Hurmat belgisi” ordeni bilan
mukofotlangan.
1972 yilda O’zbekpston SSRda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Xalq shoiri unvoni va «Obi
hayot» poemasi uchun Davlat mukofotini olishga sazovor bo‘lgan. Ko’p yillar davomida «Vatan»
jamiyatini boshqarib kelgan.