ASQAD MUXTOR (1920) Atoqli shoir, nosir va dramaturg, Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti laureati Asqad
Muxtor 1920 yili Farg’ona shahrida temir yo‘l ishchisi oilasida tug’ildi. U 11 yoshida otasidan
yetim qolib, bolalar uyida tarbiyalangan. Maktabni tugatgach, Asqad Muxtor Navoiy nomidagi
O’zbekiston Davlat universitetiga (1938) kirib o‘qidi. So‘ng Andijon pedagogika institutida o‘zbek
adabiyoti kafedrasining mudiri bo‘lib ishladi.
Asqad Muxtorning Toshkentga kelishi uning faoliyatida yangi sahifa ochdi. U «Yosh leninchi»
(1945), so‘ngra «Qizil O’zbekiston» ro‘znomasining muharririyatlarida bo‘lim mudiri, mas’ul
kotib, «Sharq yulduzi» oynomasida (1960—1965) bosh muharrir, O’zbekiston Yozuvchilari
uyushmasi kotibi (1957) bo‘lib ishladi. «Guliston» oynomasida, «O’zbekiston adabiyoti va
san’ati» haftaligida bosh muharrir bo‘lib ishladi.
Asqad Muxtor «Tilak», «Tong edi», «Totli damlar» singari ilk she’rlari (1935—1938) da
poeziyaning maqsad va vazifasini, shoirning jamiyat oldidagi burchini aniklab olishga intildi. U
poeziyaga «Qalbga qanot», «dardga davo» beruvchi deb qaraydi. Shoir Ulug’ Vatan urushi
boshlanishi bilan «G’alaba ishonchi», «Jangchining bayram kechasi», «Tug’ishganlar qaytdi»,
«Sog’inish», «Moskvaning qalbi» singari qator poetik asarlar yaratib, xalqni fashist bosqinchilari
ustidan g’alaba qozonishga undadi. Vatan go‘zalliklarini, tuganmas boyliklarini, xalq hayotidagi
katta o‘zgarishlarni tasvirlovchi «Po‘lat quyuvchi» (1947), «Hamshaharlarim» (1949), «Rahmat,
mehribonim» (1954), «Chin yurakdan» (1956) she’riy kitoblari shoirning katta ijodiy
yutuqlaridandir.
Asqad Muxtorning «Mardlik cho‘qqisi» (1948), «Yaxshilikka yaxshilik» (1949), «Samandar» kabi
p’esalari dramaturgiyamizda bolalar hayotining, shuningdek, ishchilar sinfi turmushining
yoritilishi jihatidan muhim ahamiyatga ega.
Yozuvchining «Daryolar tutashgan joyda» (1950), «Qoraqalpoq qissasi» (1958), «Buxoroning jin
ko‘chalari» kabi qissalari, «Opa-singillar» (1954—1955), «Tug‘ilish» (1963), «Davr mening
taqdirimda» (1964), «Chinor» (1973) romanlarida zamonamizning muhim muammolari o’z
ifodasini toptan.
“Chin yurakdan” (1956) she’riy kitobi, “Hayotga chaqiriq” (1956), “Dunyo bolalari” (1962)
hikoyalar to‘plami o’zbek bolalar adabiyoti xazinasini boyitdi.
“99 miniatura”, «Karvon qo‘ng‘irog‘i» she’riy kitoblari 60-70-yillar o’zbek Sho‘ro she’riyatida katta
voqea bo’ldi. Ularda inson qalbining tovlanishlari chuqur intellectual his-tuyg’u vositasida badiiy
barkamol talqin etilgan.
Asqad Muxtor tarjimasida Sofokl, Tagor, Pushkin, Lermontov, Mayakovskiy, Gorkiy,
Shevchenko, Blok, Korneychuk, Pavlenko asarlari o‘zbek kitobxonlarining _ma’naviy mulkiga
aylandi.
Lirik shoir, taniqli adib, mohir tarjimon sifatida Asqad Muxtor madaniyatimizni boyitishda o‘zining
munosib hissasini qo‘shib kelayotgan ijodkorlardandir.