35. Biz aql yurgizadigan qavmga (ibrat uchun) u (qishloq)dan aniq asorat qoldirgandirmiz. 36. Madyan (qavmi)ga o'z birodarlari Shuaybni (payg'ambar qildik). Bas, u aytdi: "Ey, qavmim, Allohga ibodat qilingiz va oxirat kunidan umidvor bo'lingiz hamda Yer (yuzi)da buzg'unchilik qilib yurmangiz!" 37. Ular (Shuaybni) yolg'onchiga chiqarishgach, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida murdaga aylandilar. 38. Od va Samud (qabilalarini ham halok qildik). (Bu) sizlarga ularning maskanlaridan (xarobalardan) ko'rinib turibdi. Shayton ularga (qilayotgan) amallarini chiroyli ko'rsatib, ularni (haq) yo'ldan to'sdi. Holbuki, ular aql-idrokli kishilar edi. 39. Qorun, Fir'avn va Homonni ham (halok qildik). Muso ularga (payg'ambar ekaniga) hujjatlarni keltirganida, ular yer (yuzi)da kibrhavo qildilar va (lekin) o'zib ketuvchi bo'lmadilar. 40. Biz (ularning) har birini o'z gunohi bilan tutdik. Bas, ularning orasida Biz ustiga tosh yog’dirganlar ham, ular orasida dahshatli qichqiriq tutganlar ham, ular orasida Biz yerga yuttirganlar va ular orasida Biz (suvga) g'arq qilgan kimsalar ham bordir. Alloh ularga zulm qiluvchi bo'lmadi, lekin ular o'zlariga jabr qiluvchi bo'ldilar. 41. Allohdan o'zgalarni do'st tutgan kimsalarning misoli xuddi in qurib olgan o'rgimchakka o'xshaydi. Inlarning eng nimjoni esa, albatta, o'rgimchak inidir, agar bilsalar! 42. Albatta, Alloh ularning Uni qo'yib, iltijo qilishayotgan narsalarini bilur! U qudrat va hikmat egasidir! 43. Ushbu masallarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar.
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur