xabardor zotdir. 14. A'robiylar: "Imon keltirdik", - dedilar. (Ey, Muhammad, ularga) ayting: "Sizlar imon keltirganlaringiz yo'q, lekin sizlar "Islomga kirdik" denglar! (Chunki hanuz) dillaringizga imon kirgan emasdir. Agar sizlar Allohga va Uning Payg'ambariga itoat etsangizlar, U sizlarga (qilgan yaxshi) amallaringizdan (savobidan) biror narsani kamaytirmas. Albatta, Alloh mag'firatli va rahmlidir". Izoh: Shu oyati karimadan ma'lum bo'ladiki, imon bilan islom, mo'min bilan musulmon mazmun jihatdan farq qiladi. Imon - bu ilohiy ta'limotni tan olib tasdiq etish bo'lsa, islom ilohiy ko'rsatma va buyruqlarni amalda bajarishdir. Bu oyatda mo''minlik da'vo qilayotgan bir guruh a'robiylarga Alloh taolo raddiya berib, "Yo'q! Sizlarda imon yo'q, balki o'zlaringni mo'min-musulmon ko'rsatish uchun amal qilib turibsizlar", - degan mazmunda tanbeh beradi. 15. Haqiqiy mo'minlar Alloh va Uning Payg'ambariga imon keltirib, so'ngra shubha qilmagan va mollari va jonlari bilan Alloh yo'lida jihod qilgan zotlardir. Aynan o'shalargina (imonlarida) sodiqdirlar. Izoh: Tilidagina imon keltirib, dilida imon qaror topmagan a'robiylar (badaviy arablar) bilan komil mo'minlar o'rtasidagi farq bayon qilinmoqda. Jihod haqida Tavba surasi, 88-oyat izohiga qaralsin. 16. (Ey, Muhammad, a'robiylarga) ayting: "Sizlar Allohga diningizni bildirmoqchimisizlar?! Vaholanki, Alloh osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsani bilur. Alloh barcha narsani biluvchidir". 17. Ular Sizga islomga kirganlarini minnat qilurlar. Ayting: "Sizlar menga islomingizni minnat qilmangiz. Balki agar (imoningizda) sodiq bo'lsangiz, bilingizki, Alloh sizlarni imonga hidoyat qilganini minnat qilur. 18. Albatta, Alloh osmonlar va Yerdagi g'ayb (sirlar)ni bilur. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turuvchidir".
Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. Tarjimon: Abdulaziz Mansur