www.ziyouz.com kutubxonasi
59
Magar, bog‘ning nomini olmay, tayin qilmay pul bersang, men muomala qilay. Men
dedim: Qabul qildim. Keyin o‘sha miqdor xurmoning qiymati uchun sakson misqol nakd
tilla berdim. Janob mendan tillani olib, so‘z qilgan badaviyga berdilar va dedilar:
“Birodar, insof bilan ish qil. Hammalarining xojatlarini ravo qil”. Zayd bin Sa’na dedi:
Endi, Xurmoni Janobdan qabul qilib olishga bir-ikki kun qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam sahobalar bilan bir janozadan forig‘ bo‘lib, bir tarafda turgan ekanlar. U yerda
Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo ikkilari ham bor ekanlar. Men u jamoaga bordim
va Janobning kuylak chodralarini tutib, turib nihoyatda achchiq va qo‘pollik bilan dedim:
Muhammad, sen mening qarzimni bermaysanmi? Xudo nomiga qasam ichib deymanki,
men senlarni - avlodi Abdulmutallibni hammalaringni yaxshi bilaman. Senlar birovning
haqqini olasizlar, lekin bermaysizlar. Umar roziyallohu anhu g‘azablari kelib, meni
turtdilar va dedilar: “Ey, Xudoning dushmani, nimalarni aytib aljirab turubsan? Agar men
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qo‘rqmasam, vallohi boshingni uzib tashlar
edim”. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum bilan menga boqib turar
edilar. Umar roziyallohu anhuga nihoyatda yaxshi bir iltifot bilan boqib dedilar: “Ey,
Umar, men bir narsaga va bu haqdor yana bir narsaga ziyoda muhtoj edik. U narsa shu
edi-ki: Menga yaxshilik bilan xaqni ado etishga va bunga yaxshilik bilan xaqni talab
qilishga nasixat qilsang bo‘lar edi. Endi, ey Umar, bu odamni olib bor, haqqi qancha
bo‘lsa topshir, va ozor berganliging uchun yigirma so’ ortiq bergin”. Keyin Umar meni
olib ketdilar va haqqimni tamom topshirdilar. Ustiga yana yigirma so’ ziyoda berdilar.
Men dedim: Bu yigirma so’ nima uchun berilyapti? Umar dedilar: Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam shunday hukm berdilar. Keyin men dedim: Yo, Umar, sen meni
taniysanmi? Umar dedilar: Men seni tanimayman. Men dedim: Zayd bin Sa’naman.
Umar dedilar: Shu nomda yahudlarning bir katta allomasi bor, deb eshitar edim, o‘sha
odam senmisan? Men dedim: o‘sha odam menman. Keyin Umar dedilar: Sen agar o‘sha
buyuk alloma bo‘lsang, ne uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shunday
odobsizlik qilding? Men dedim: Nubuvvat alomatlarining hammasini Janobda mavjud
topdim. Magar ikki alomatni topolganim yo‘q edi, va ularni ham imtixon qilmoqqa navbat
kelgan yo‘q edi. Endi har ikkisini ham imtihon qildim. Janobda mukammal bor ekan. Biri
– hilmlarining g‘azablariga g‘olib kelishi, ikkinchisi – nodonning jaholatidan
tahammullarining ziyoda bo‘lishi. Bugungi muomala bularni isbot qildi. Endi, ey, Umar,
men musulmon bo‘lganligimga seni guvoh qilaman, va deymanki, mening yarim molim
ummati Muhammadiyyaga sadaqadir.
Bu so‘zni deb Zayd ibn Sa’na Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga qaytib
keldi. Qo‘llarida musulmon bo‘ldi. Keyingi barcha g‘azotlarda ishtirok etdi. Tabuk
g‘azotida shahid bo‘ldi. Roziyallohu anhu (manbaa: “Jam’u-l favoidi jam’u-l vasoil”).
272. Oisha roziyallohu anho dedilar: Janobi Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Alloh
yo‘lidagi jihoddan boshqa maqomda muborak qo‘llari bilan xech kimni urmadilar. Na bir
xodimni va na bir xotinni.
273. Oisha roziyallohu anho dedilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir kishi
zulm qilgan bo‘lsa, shu zolimdan o‘chlarini olganliklarini biror marta ham ko‘rmadim.
Magar, bir kishi Alloh Taolo harom qilgan narsalardan birini poymol etgan bo‘lsa, uning
uchun xammadan ziyoda g‘azablari kelar edi, va Janobga qachon ikki ishdan birini
qilmoqqa ixtiyor berilgan bo‘lsa, u holda qaysi biri osonroq bo‘lsa (agar ma’siyat
bo‘lmasa), shuni ixtiyor etar edilar.
Shamoili Muhammadiy. Muhammad at-Termiziy
Dostları ilə paylaş: |