www.ziyouz.com kutubxonasi
141
odamlar ko‘pincha shol yoki qaltiroq kabi qo‘rqinchlik dardga yo‘liqqaylar». Yana
Rasululloh aytdilar:
«Al xamru jammoul ismi va ummul habois». Ya’ni «Aroq gunohning xazinasi va barcha
yomonlikning onasi». Agar bir kimsa o‘zi bilaturib, qiz farzandini aroqxo‘rga bersa, ul
kishi o‘z qizini zinoga tutib berganning gunohini topgay, dedilar. Endi bundoq bo‘lgach,
har bir mo‘min musulmonlar bu oyat-hadis mazmuniga amal qilib, bundog‘ ulug‘
gunohdin o‘zlarini saqlasinlar va bir necha soatlik bosh og‘rig‘ini kayf qilish xayolini xush
ko‘rib, dunyo va oxiratlarini xarob qilmasinlar.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Makkadin Madinaga Rasululloh hijrat qilib kelganlaridan
so‘ngra yigirma yetti qatim o‘zlari askarga bosh bo‘lib, urushga chiqdilar. Qolgan
urushlarga o‘zlari Madinada turib askar chiqardilar. Payg‘ambarimiz boshchi bo‘lib,
urushga chiqqan bo‘lsalar, uni g‘azot safari deb aytilur. Agar o‘zlari chiqmagan bo‘lib,
oz-ko‘p askar yuborgan bo‘lsalar, uni ilg‘or safari deyilur.
Uhud urushi o‘tib, bir necha oydin keyin Rasulullohga shundoq xabar keldikim, Bani Asad
qabilasining raislaridan Talha va Salama degan kishilar bosh bo‘lib, urush qilmoqqa
askar to‘plamoqdadurlar. Buni eshitib, darhol bir yuz ellik kishilik bir bo‘lik cherik (askar)
chiqarib, Abu Salamani askarga boshliq qildilar. Bu safarlari esa, hijratning to‘rtinchi yili,
Muharram oyining boshlarida edi. Bu askar ildamlik bilan dushman yeriga yetib borib,
tuyuqsizdan ular ustiga chopul qildilar. Qarshi turmoqqa dushmanlarning qudratlari
qolmadi. Mol boqib yurgan uch qullarini qoldirib, qolganlari esa tog‘u toshlarga tarqalib
qochdilar. Alarning tashlab qochgani qo‘y-echki, tuyalarini haydashib, o‘n kun ichida
salomat Islom askari Madinaga qaytib kelishdilar.