www.ziyouz.com kutubxonasi
103
otto‘nni, xurjun xalashni qoldirib, jardan sakrab suv suzib u tomonga o‘tsammi ham
dedim. Biroq bu ishim o‘zim suvdan o‘tgan taqdirda ham xatarlik bo‘lgani uchun, bundan
voz kechib yana «Alloh» deb otimga mindim. Mening uchun shu chog‘da ot izini ko‘rmak,
yor yuzini o‘pmakdan ham ortiqroq ko‘rinar edi.
B a y t: Yor yuzini zavqini rohat ahli bilgaylar, Yo‘l yo‘qotgan odamlar ot izini so‘rg‘aylar. Qaytadan otimga mingach, tizzaga chiqqan cho‘plar ichida iz izlab ketayotganimda
xudo o‘nglab, bulut ichidan chiqib kelgan oydek «yalt» etib, taqali ot izi qo‘zimga
ko‘rindi. Agar buning o‘rnida oltin tuyoq yotgan bo‘lsa ham, bunchalik suyunmas edim.
Bu izni ko‘rib ko‘zimga surtgach, buning boshchiligi bilan yo‘l topib, daryo kechigi orqalik
u tomonga o‘tmoqchi bo‘lib suvga kirdim. Biroq u tomondagi bir tog‘ning tumshug‘i
osilib, suvning yarmigacha kirib turmish edi. Suv yo‘li esa shu tumshuqning o‘ng yog‘ida
ekan, men bo‘lsam buni bilmasdan so‘l yog‘iga qarab yurib, qattiq oqayotgan suv epkini
(to‘lqini, oqimi) bilan qarshimdagi tog‘ tubiga chiqib qoldim. Qarasam, tog‘ etagida jar
bo‘lib eshilib yotgan 30 40 gazcha shag‘al qum bor ekan. Uning ustidan ketgan katta yo‘l
borligini bilgach, to‘g‘ri yo‘lga kesib chiqmoqchi bo‘lib, hayhaylaganimcha tog‘ga qarab
ot soldim. Qiy qassuron bilan yarim beliga chiqayozganimda ot oyog‘i to‘xtamay, qum-
shag‘al aralash ko‘chki ko‘chgandek sirpaganimcha suv bo‘yiga yetib to‘xtadim. Shu
bilan 2-3 soat suv ichida ovora bo‘lib hayronlikda qolgach, yo‘lni mo‘ljallash uchun yana
suvning u tomoniga kechib o‘tdim. Axir Alloh yordami yetib ikkinchi kirganimda yo‘l
topib, qarshimdagi katta tog‘ yo‘liga kelib chiqdim. Mana shu chog‘da yer ko‘k bir xilda
ko‘karib, bulutlar tarqalgan, havo ochilib, quyosh yaraqlamish edi.
Suvga cho‘kkan kishidek ho‘l bo‘lgan egin bosh, ot jabduqlarimni kunga solib, qoq
tushgacha shu yerda yotdim. Lekin bu yotishda ko‘kargan yeru ko‘kdan, havodagi
bulutdan, osmondagi quyoshdan boshqa biror narsa ko‘zga ko‘rinmas edi. Bu yerda ikki
uch soatlarcha yotib, hordig‘im chiqib, usti boshlarim qurigach, yana ot ustiga minib
yo‘lga gushdim. Ne ajab sirdurkim, bu yo‘lda kelayotganimda adashganimni otim
bilgandek, bosgan oyog‘i orqaga tortib, o‘z ixtiyoricha bir qadam yo‘l olg‘a bosmay,
qamchi ostidagina kelmish edi. Endi qaytar vaqtida qarasam, jonivor bir turlik
quvonchlik bildirib, qamchiga qaramay o‘z erki bilan olg‘a intilmoqda edi.
Tajribaga ko‘ra hayvonlarda, ayniqsa, otlarda ilohi tomondan berilgan bir turlik sezgu
bo‘lishi kerakdur. Bu yo‘li qaytib ketayotganimda odatdagicha yurmasdan, otimning
intilishicha tasqaqlatib (o‘ziga qo‘yib choptirmoq), qattiq yurishga to‘g‘ri keldi. Chunki
borar joyim olis bo‘lganlikdan tun qorong‘usiga qolish qo‘rqinchi bor edi. Ikki
tomonimdan bulutga tiralgan egiz tog‘ orasidagi so‘qmoq yo‘l bilan ot jilovini
qo‘yganimcha soldirib ketayotsam, yiroqdan bir kishi boshini shunday ko‘tarib, yana
yoshirindi. Buni ko‘rgach, bu kishi yolg‘iz emas, yo‘lto‘sar qaroqchilardan bo‘lishi kerak,
degan vahima bilan ko‘nglimga qo‘rqinch tushdi.
Islomiyat qonuni bo‘yicha ziyondur, xayondur (foydadur) insonga har ishning sababini
qilmoqlik lozim bo‘lg‘onlikdan darhol otdan tushib, ayil ulanlarimni (egarni otda ushlab
turadigan tasmalar) qattiq tortib, egar taqimlarimni (egar tagidan solinadigan maxsus
kiygiz parchasi) o‘ngladim. Choponimning ikki yengi uchini bo‘g‘ib boylab, ichiga 5 10
tosh solib yana qo‘yin-qo‘ltiqlarimni toshga to‘ldirib oldim, qolganini Allohga topshirib
otga mindim ersa, o‘g‘ri quvgandek ot qo‘yib, 5-6 chaqirim chamasi yurganimcha
to‘xtamay chopdim. Qanday bo‘lsa ham, shu bilan qo‘rqinchlik mendan ko‘tarildi. Yo‘lda
ko‘ringan kishining sharpasi chiqmay, kim ekanligi bilinmay, eson omon u yerdan o‘tib,
cho‘ng suv bo‘yidagi qalmoqlar tikkan Tiklixon archasiga yetib keldim.
Mo‘g‘ullar odatlaricha katta suvlarning bo‘ylariga, dovon oshuv tog‘lar cho‘qqilariga