www.ziyouz.com kutubxonasi
113
Obilmirob inisidan eshitib, hayron bo‘lib tursam, o‘zimizga qarashlik yana bir kishi:
«Vay, hojim, uch to‘rt kun bo‘lsa ham, bu yerdan boshqaroq joyga yo‘tkalmasak
bo‘lmaydi», deb maslahat ko‘rsatib, shu damdayoq meni yashirin yo‘l bilan 10
chaqirimcha qumliq ichidagi birovning qo‘rg‘oniga eltib qo‘ydi. Soq bo‘l bek bo‘l bilan
kechani shu yerda o‘tkazib, ortiq turishga imkoniyat bo‘lmagach, ertasigayoq qaytib
mozorga keldim. Qarasam, ishlar boshqacha bo‘lib, har xil so‘zlar ko‘payganini sezdim.
Shu kechalab Obilmirob oilasiga ko‘ngil aytgani va ham ulardan o‘z to‘g‘rimda maslahat
so‘ragani borib edim, ko‘rishgan do‘st kishilar bu yerdan tezroq ketishimga maslahat
berdilar. Shuning uchun Obilmirobning qaynisi bilan bu joyga kelganimizdan beri
oshnoligimiz bor edi, bu voqeani anglab, ahvol so‘ragani kelgan ekan, bu kishi mening
hijolatimni ko‘rib: «Domlahojim, ko‘p xafa bo‘lmang, shu kechadan qoldirmay sizni
Kucharga yetkazib, o‘z uyimda saqlayman. Bu ishlar biroz jimiqqandan keyin maslahat
bilan siz aytgan joyga yetkazib qo‘yishga ham yaraymiz», degan so‘z qilib edi,
anchagina ko‘nglim ko‘tarildi.
Shu kecha va’dalashgan joyga mirobning o‘gay o‘g‘li boyagi maqtovlik xachir
qo‘shgan mapani (Xitoy aravasini) keltirgach, cho‘ng yo‘lni qoldirib, cho‘l bilan to‘xtovsiz
yurib tong otar vaqtida manzil joyimizga yetib keldik. Yo‘l bilan, kishilarning aytishicha,
100 chaqirimcha yurgan o‘xshaymiz. Ichkari Xitoydan mapa bilan bir kunda 100
chaqirimdan ortiq yo‘l yuradigan 10 yombulik asl xachirlar borligini eshitgan edim, shu
safarimda o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Yo‘l yurganda g‘amza bilan raqsga tushganday
quloqlarini o‘ynatib, oyoq bosgani bilinmay yelkan kema ketgandek, qamchi ursa
uchgandek, bechora mirob bunga 10 ot emas, har qancha baho qo‘ysa ham arzir ekan
deb, Xdndiston safari yodimga tushgach, afsuslanib ko‘nglim buzilmish edi.
Kechagina birga yurgan jon yo‘ldoshimizni o‘g‘riga oldirib, uzun safarga atalgan 10
otliq ulog‘ini men minib, qochgan joyimga qaytishim qaysi baloni mening boshimga
keltirur ekan, degan qayg‘ulik o‘y bilan belgilangan uyga kirib o‘ltirdim. U yoq bu yoq
ko‘cha ko‘yga chiqishni qo‘yib, chilla o‘ltirgan kishilardek, toat ibodatga kirishgani
turdim.
Mozorda turgan kunlarimda asli ko‘na (eski) turponlik, Koshg‘ar madrasalarida
o‘qigan, o‘ziga yarasha ilmi bor, xalq og‘zida «qozioxun» atalmish Mullaniyoz nomli bir
kishi mendan dars o‘qib yurgan edi. Mozor mahalla odamlari bu voqea bo‘lib bizdan
ajraganlari uchun qayg‘urishib, xafalangan ekanlar. Biz ketib 10 kuncha o‘tgandan keyin
har qandoq bo‘lsa ham yo‘qlab kelishimiz kerak deb, qirq ellik so‘m pul bilan qozn
oxunni bizga yuboribdilar. Biz bilan ko‘rishib borgandan so‘ng qarasa, hukumat
tomonidan ortiga tushgan kishi bo‘lishi kerak: «Qayoqqa bording, pul bergan olgan
kishilarni ko‘rsat, u bilan kimlar aloqa qilgan?», deb oxunim bechorani qattiq qiynab
so‘roq qilgan ekan, qiynovga chidayolmoy jon achchig‘ida hamma so‘zni ortig‘i bilan
aytib beribdi. So‘ngra Go‘nangjuza xitoy jallodlari mozor mahallaga kelib, biz bilan aloqa
bog‘lagan kishilarni qiyin qistovga olib: «Qani, u odamni topinglar?» deb siyosat qilsa,
ko‘rqishib turgan qishloq xalqi: «Shu kishi bo‘ladi», deb qozini ko‘rsatibdilar.
Bu voqeadan xabarim yo‘q, qozi kelib biror hafta o‘tgandan so‘ng, qo‘shxonamda
yolg‘iz qolib zerikkanimdan, bizga yaqin mahallada ko‘p yillardan beri turg‘un bo‘lib
qolgan bir andijonlik kishi bor ekan, uni ko‘rishga xumor bo‘lib, bog‘iga bordim. U ham
o‘z yurtligini sog‘ingan bo‘lishi kerak, akauka topishgandek quchoqlashib muhabbat bilan
ko‘rishdik. Yana o‘z og‘aynilarimizdan g‘uljalik Tursunboy men bilan ko‘rishib G’uljaga
qaytmoqchi ekan, u ham kelib biz bilan o‘ltirdi. Mana shu orada o‘zaro g‘imir shivir
bo‘lib, qulog‘imga sovuqroq so‘z eshitilib qolgach, hadik olib tashqariga chiqdim. Ikki
yosh bola oldimga yugurganicha kelib: «Sizni izlashib yuribdilar, Go‘nangjuza kishilari
qo‘shxonangizga kirib ketdi», deb xabar berishib qoldi.