www.ziyouz.com kutubxonasi
109
domla ham qochoq bo‘lmish ekan, kelib bizga qo‘shildi. Har tomondan kelgan qochoqlar
topishib oldik.
Pishiqchilik vaqti bo‘lganligidan bog‘ sayli ziyofatlarida birgalashib yurib, tinchlik bilan
10-15 kunni o‘tkazdik. Bu o‘rtada mulla Hoshim degan Buxoroda men bilan birga o‘qigan
kishining kuchorlik ta-labalaridan biri kelib, u kishining uyiga taklif qildi. Shahar
tashqarisida oqar suvlik, bog‘u bo‘stonlik kelishgan bir qishloq masjidida imom ekan.
1921 yili Buxorodan qaytib To‘qmoq orqalik ketayotganida yo‘ldoshlari bilan biznikida bir
hafta mehmon bo‘lishib o‘tgan edilar. Salayoxun domla boshliq hammamiz kelib, bu
kishi uyida bir kecha kunduz mehmon bo‘ldik. Izzat hurmat ko‘rsatib, qo‘y so‘yib, o‘z
odatlaricha oliy ziyofatlar qildi. Ichimizda bir-ikki ilmlik kishilar bo‘lganligi uchun
vaqtimiz ko‘proq kitob o‘qish va ilmiy munozaralar bilan o‘tmoqda edi. «Uzoq yaqindan
olim mehmonlar keladilar», deb uy egasi xabar qilgan bo‘lishi kerak, mahalla boshliqlari
va boshqalardan bo‘lib yana besho‘n kishi bizning suhbatimizga qo‘shilishdi. Ertasi kuni
xursandlik bilan bu yerdan chiqib, har qaysimiz joy joylarimizga tarqashdik. Turdiqori
eshaklik, men otliq edim.
Shahardan 15-20 chaqirim yerdagi bir qishlokdan ikkovimiz mevalik bir bog‘ olib, yoz
ichini shu yerda o‘tkazmoqchi bo‘lgan edik. Shu qishloqda qorimning ishonimlik bir
og‘aynisi bor bo‘lib, shom vaqti bilan u kishining uyiga kelib tushdik. Yaxshi odam ekan,
ilgari ko‘rishib tanishmagan bo‘lsam ham, hurmat bilan mehmondo‘stligini bildirib, bizni
yaxshi qarshiladi. Borliq ovqatini oldimizga qo‘yib, topqanini keltirdi. Keyin qorini bir
chetga tortib, uzoqdan uzoq shivirlashkani turdi. Men ham gumonga tushib: «Hay, bir
voqea bo‘ldimi, bu kishining xabari borga o‘xshaydi?», deb qarab turdim. Birozdan keyin
Turdiqori o‘zgargan holda yonimga kelib: «Voy taqsir, balo qoshimizga kelganga
o‘xshaydi. Biz chiqqan kuni kechqurin Go‘nangjuza bosqinchilari bizning uyni bosib: «Bu
yerga yot kishilardan kim keldi? Ering qori qayoqka ketdi? Sen bilishing kerak», deb
bizning xotinni qiynashib turgan chog‘da, bu do‘stimiz bizdan xabar olmoqchi bo‘lib,
tuyuqsizdan bu ishning ustiga kirib qolibdi. Bu kishini ko‘rgach: «Sen bularning yaqini
o‘xshaysan, bu uyga kelgan kishilardan xabaring bo‘lishi kerak», deb buni ham
qiynamoqchi ekan, yerlik bir qancha tanish kishilar guvohlik berishgani so‘nggida, ular
qo‘lidan arang qutulib, hozirgina kelib o‘ltirmish ekan. Endi maslahat shulkim, balodan
hazar, ish chorasini ilgari qilishimiz lozim, kelib qolmasdan burunroq bu yerdan
ketaylik», dedi.
Shoshilinch ravishda otlarimizni yetaklaganimizcha yo‘l bilan emas, bog‘dan boqqa
tun qorong‘usida turtinib yurib, ikkinchi bir qishloqqa o‘tdik. Ungachalik tun yarimdan
og‘ib, qayon borib, kimning eshigini qoqishni bilmasdan hayron bo‘ldik. Oxiri Turdi
qorim: «Shu yerda bir xo‘ja kishi bor edi, chala tanish bo‘lsa ham shunikiga boraylik,
boshqa choramiz yo‘q», deb unikiga bordik. U bechora har yili tog‘ ichlaridagi qirg‘izlarga
borib, murid ovlaydigan xo‘jalardan ekan. Muridlaridan topgan qo‘y echkilarini haydab
kelgan kechasida, kelishmaslikni qarang, biz ham kelib eshik taqillatibmiz. Bechora
xo‘ja: «Ustimdan Go‘nangjuza bosqinchilari meni bosqani kelishgan ekan», deb jon-moni
qolmabdur. Qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinur degandek, o‘z qo‘rqishlarimiz ham yetarlik edi,
buning ustiga tinch yotgan birovlarni qo‘rqitishga sabab bo‘lishimiz bizga ortiqcha bo‘ldi.
Qora chiroq yoqilgan uyda qo‘rqqanidan hali o‘ziga kelmagan xo‘jamdan hol so‘rashib,
biroz o‘ltirgandan keyin tashqariga chiqib yotdik.
Hatarlik kun qursin! «Ertagi kunda qayoqqa borarmiz, kimning uyiga sig‘armiz?»,
degan tashvishli o‘y bilan tong otguncha uxlayolmay chikdim. Tong yorishi bilan otlanib
yo‘lga chiqqanimdan keyin kengashib: «Kechagi mehmon bo‘lgan uy egasi Hoshim
domlanikiga boraylik, qanday bo‘lsa ham ilmi bor, qadr bilgan odam, biz uchun biror
maslahatlik ish ko‘rsatsa ajab emas», deb kechagi chiqqan joyimizga keldik.