www.ziyouz.com kutubxonasi
110
Qarasak, Hoshim domlamdan darak yo‘q. Tol tagida quruq yerda hayron bo‘lib,
uzundan uzun o‘ltirdik. Shu orada ichki qo‘ra eshigidan bir xotin kishi bosh boqib qarab
qo‘ydi. O’tgan kuni kelgan mehmon ekanligimizni tanigan bo‘lishi kerak, birozdan keyin
bir yosh bola quruq bir kiygizni sudraganicha oldimizga keltirib tashladi. Dastlabda
kelganimizda qarindoshlarcha qizg‘inlik bilan ko‘rishgan bir ikki kishilar esa, bu
uchrashishimizda so‘li yo‘q, so‘zi yo‘q, qo‘l uchlari bilangina ko‘rishib, biror narsadan
qo‘rqqandek ko‘p o‘ltirolmay qaytib ketishdi. Endi bu ishlarni ko‘rgach, ko‘nglimizga har
turli xayollar kelib, bu yerda ham katta bir voqea bo‘lgan o‘xshaydi deb turgan edik,
birinchi kelganimizda ko‘rishgan hoji otaning o‘g‘li kelib qoldi va bu haqda bizga to‘liq
ma’lumot berdi. Shundoqki, Shing Duban hukumati qurilgan kundan boshlab, butun
O’yg‘uriston o‘lkasi Sovet hukumati nazorati ostiga olinmish edi. Ayniqsa Uchturpon,
Oqsuv, Kuchar shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri GPU tomonidan tayyorlangan, o‘z otasini
ham tanimaydigan tatar, uyg‘ur bolalarini keltirmish edilar. Ular har joyning ko‘zga
ko‘rinarlik kishilarini, o‘zlarining iflos odatlaricha, majburiy ravishda josuslik balosiga
bog‘lamish ekanlar.
O’tgan kuni ziyofat majlisimizda bulardan bir qanchalari bo‘lganlikdan, biz ketgan kuni
kechqurin uy egasi Hoshimoxun domlani Go‘nangjuza jallodlari tomonidan qamoqqa
olmish ekanlar. Bizlarni ham qo‘lga olish qasdida bosmachilardek Turdioxun uyini bosgan
bo‘lsa ham, bog‘ olamiz bahonasi bilan qishloqda qolganligimizdan, u kuni jallodlar
qo‘liga tushmagan ekanmiz. Ikkinchi qaerda ko‘rsanglar yoki eshitsanglar, darhol bizga
xabar bermas ekansizlar, ul chog‘da baringlar javob qaytarasizlar, degan mazmunda uy
oilalaridan va biz bilan ko‘rishgan kishilardan tilxat olmishdur.
Bu kabi dahshatli shum xabarni onglashimiz bilan hushimiz boshimizdan uchdi. Bir
kun bo‘lsa ham dinsiz, rahmsiz dushman ilkiga ilinmay, omon bo‘lish umidi bilan kelgan
kishilar edik. Bizni deb uy egasining shunday og‘ir kulfatda qolganini ko‘rib, qattiq
qayg‘urib, ko‘p xafa bo‘ldik. Bir zolimlardan, shu o‘xshash ahmoq nodonlardan
payg‘ambarlar ham qochgan ekanlar. Shuni eskargach, Hoshimoxun domlani zolimlar
qo‘lidan qutqarish uchun o‘zimizni taslim qilishlikni loyiq topmay, qochishni ortiqroq
ko‘rdik. Ilgargi kuni kelganimizda bolga uymalashgan chivinday bo‘lgan kishilar bugun
esa yirokdan qoralari ko‘ringan bo‘lsa ham, o‘zlari yaqinimizga yo‘layolmadilar. Buning
ustiga biz kelib otdan tushishimiz Bilan tegishlik o‘ringa xabar yetishi aniq bo‘lganlikdan,
har bir nafasda ushlanib qolish qo‘rquvi kuchaymoqda edi. Shunga ko‘ra, borliq odamlar
bizdan qo‘rqib tarqashgan vaqtdan foydalanib, ot uloqlarimizni qoldirgan holda
yayovlashib tubanda oqib yotgan katta soyga tushdik. Qarasak, soyning u tomonida
otliq odam kirsa ko‘rinmaydigan, o‘skandan o‘skan jo‘xori ko‘rindi.
Vahshiy dushmanlarimiz orqamizdan qoramiz uzulmay turib izlab chiqqan bo‘lsalar
ham, bu yerga kirganimizni o‘ylamas, deb suvdan chiqishimiz bilan qalin jo‘xori ichiga
kirib oldik. Ertalab, choy vaqti bilan kirgan bo‘yimizcha, 6 soat chamasi dimiq jo‘xori
ichida chirkayga (chivinga) talanib o‘ltirdik. Tush og‘ib, quyosh qizib turgan chog‘da,
aylana atrofimizni sinchiklab qarab hech kimni ko‘rmagach, jo‘xori ichidan chiqdik. Biroq,
qayoqqa borishimizni, qaerdan boshpana topishimizni belgilamasdan, oldimizda yiroqdan
ko‘ringan qalin qora daraxtzorni mo‘ljallab yurganimizcha, asr namozi vaqti bilan qishloq
chetidagi cho‘ng qopqalik (darvozalik) bir dehqon qo‘rasiga kelib kirdik. Biroq bu kishi
mehmon kutmagan, odamgarchilikni bilmagan kishi ekan. Oqshom namozi o‘tgandan
keyin: «Biz mehmon kutolmaymiz, boshqa bir joyga boringlar», deb bizni u joydan
chiqishga majbur qildi.
B a y t: Sog‘uniy, er qadrini bilmas ekan, deb qayg‘urma, Hazrat Muso qadrini ham bilmaganni esga ol!