www.ziyouz.com kutubxonasi
8
va tarixi bilan tanishdik, o‘zlari fors tilidan tarjima qilgan mashhur Herman Vamberining
«Buxoro yoki Movarounnahr tarixi» asarini va ulug‘ sohibqiron Amir Temur
«Tuzuklari»ning birinchi tarjimasini qo‘lyozma holatda u kishining ishtirokida o‘qib
o‘rgandik. Islom falsafasi nimalarga ko‘proq urg‘u beradi degan savolga: «Sharq
falsafasi avval boshidan boshlaboq asosan inson ruhiyatini, uning ma’naviy olamini
bilishga, odamlarning o‘zaro munosabatlarini anglashga e’tibor bergan. Bu ta’limotda
odam qalbini hayvoniy hirslardan ozod etish, uni Allohga ishonch, iymon nuri bilan
yoritish, komil inson masalalari ustida ko‘proq fikr yuritiladi», deganlarini uqqanmiz.
Har doim 3 - 4 soatdan kam davom etmaydigan maroqli darslarimizda ko‘p tarixiy
voqealarga ul zotning ajoyib mukammal, siyosiy-ijtimoiy mantiq qonunlariga asoslangan
sharhlarini eshitishga muyassar bo‘lganmiz. Masalan, Vatanimiz mustaqilligi va erkining
yo‘qolishiga nobop kishilarning hokimiyat tepasiga chiqib qolishi ham sabab bo‘lganligi
to‘g‘risida gapirib, aytganlarini eslayman: «Har bir davlat arbobi siyosatda bilimdonlik,
sezgirlik, izchillik va jasorat kabi fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirmog‘i kerak. Bu
toifadagi hukmdorlar o‘zlari kuchli bo‘lganligi uchun atrofiga mard va ochiqcha so‘zlasha
oladigan kishilarni to‘plab ish yuritadi. Ulug‘ bobomiz sohibqiron Amir Temur shunday
zotlardan edi. Temur sulton ta’rificha, hukmdorga o‘z fikrini va mulohazalarini aytishga
botina olmaydigan hamda o‘z soyasidan cho‘chiydigan, qul tabiatli mansabdorlar
saltanatning eng xavfli dushmanlaridur. Chunki ular o‘zlarining ojizligi va jasoratsizligi
orqasida ikkiyuzlamachilik bilan ish yuritadilar, kezi kelganda esa o‘z hukmdoriga va
hatto vataniga xiyonat qilishdan toymaydilar. Shu boisdan buyuk Amir Temur qul tabiatli
amaldorlarni yoqtirmay, o‘z qadru-qimmati, vijdoni, or-nomusi va g‘ururini saqlay
oladigan kishilarni davlatning ustuni deb hisoblagan».
Ul zot yana shunday deganlar: «Agar mo‘min-musulmon bir nohaq ishni ko‘rsa,
albatta, ul ishga qo‘li bilan qarshi tursin. Agar bunga qudrati yetmasa, tili bilan
qaytarsin, bunga ham yaray olmasa, hech bo‘lmasa ko‘ngli bilan norozi bo‘lsin. Bu
so‘nggisi iymonning eng kuchsiz bo‘lishidandur. Agar ko‘ngli bilan ham ul ishga norozi
bo‘lganin sezmas ersa, bundin Alloh saqlasinkim, bu hol iymonsiz kishilarning belgisidur.
Ularni payg‘ambarimiz tiriklar o‘ligi deb aytganlar.
Payg‘ambar Muso alayhissalom ummati vujudiga singdirilgan qullik asoratini siqib
chiqarish uchun o‘z qavmini qirq yil Sahroyi Kabirda olib yurgan ekan. Chunki bu illat
millatning jasadlariga yopishgan vabo mikroblari kabidir. Agar unga qarshi chora
ko‘rilmas ekan, ko‘p uzoqlamayoq hayot olamidan oti o‘chirilib, u millat tub tomiri bilan
yutilib yuboriladi.
Insonning eng sevgan qadrlik, qimmatlik to‘rt narsasi bordur. Bu to‘rt narsaga ega
bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘ladilar.
Alarning eng birinchisi shuldurkim, har odam o‘z erk va ixtiyoriga ega bo‘lmokdur.
O’zida erki yo‘q, qo‘lida ixtiyori yo‘q odamlarning hayvondan nima farqlari bor?
Ikkinchisi — shar’iy yoki qonuniy kasblari orqali topgan molu dunyosi, qilgan
mehnatining mevasi shul topguvchining o‘z haqqi bo‘lgan xos mulkidur.
Uchinchisi — har bir millatning haqiqiy onasi, u millatning tug‘ilib o‘sgan, ota-
bobosidan meros qolgan Vatanidur. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq Vatan
avlodlarining kechirilmas og‘ir jinoyatlaridur, balki inson huquqlariga qilgan xiyonatidur.
To‘rtinchisi — har mamlakat xalqining asrlar bo‘yi asralib kelayotgan muqaddas
dinlaridur».
Bobomizning Naqshbandiya ta’limotiga e’tiqod qo‘yganlari ham ma’lumdir. «Hazrat
Bahouddin Naqshband tariqatlari Qur’oni karim va Hadisi sharifga asoslanadi. Ul zotning
«Dil ba yoru dast ba kor!», ya’ni ko‘ngil Alloh yodi bilan, qo‘l esa ish bilan band bo‘lsin,
degan shiorlari butun musulmon olamiga mashhurdir. Sohibqiron Amir Temur ham bu