www.ziyouz.com kutubxonasi
5
tor mor qilinib, asrlar bo‘yi zolimlar asorati ostida yotgan bechora vatan ahllari
o‘zlarining halol meroslari ona vatanlari bo‘lgan Turkiston o‘lkasiga shunda, albatta, ega
bo‘ladilar».
Umumjahon siyosatining o‘zgarishi, millatlarning milliy uyg‘onishlari kuchayishi
natijasida mazlum xalqlarning o‘z milliy yetakchilari ham yetishib chiqishini bobomlar
orzu qilib aytadilar: «Yer usti insonlari yer osti ma’danlari kabi turlikcha yaratilganlikdan
har qaysilari har turlik qobiliyatga egadurlar. Bular ichida temir-ko‘mirlari ko‘p
bo‘lg‘andek, oltin-olmoslari ham oz emasdir. ...Agar shundoq kunlar to‘g‘ri kelar ekan
siyosat maydoniga millat yetakchilari, albatta, chiqadi va shunda Turkiston xalqi o‘z
hukumatini birinchi navbatdayoq qurib olishi, albatta, lozimdir. Har millatning o‘z
hukumati o‘z qo‘lida bo‘lmas ekan, cho‘poni-qo‘ychiboni yo‘q bir to‘da qo‘y kabi yirtqich
qushlarga, och bo‘rilarga yem bo‘lib, oxiri inqirozga uchrab yo‘qoladi».
Asarda kelajakda quriladigan milliy davlat va jamiyat asoslari haqida ham fikr
bildirilgan. Islom dini bilimdoni Alixonto‘ra Sog‘uniy qarashlaricha, ular umuminsoniy
haq-huquqlar himoyalanib saqlanadigan, din erkinligi kafolatlanadigan, islom axloqi va
madaniyatiga tayanadigan, kuchli ilmiy, askariy quvvatga ega bo‘lgan dunyoviy davlat
va jamiyatdir. Shunday bo‘lganda keyingi asrlarda Turkiston xalqi boshiga tushgan
qo‘rquvparast ruhiy muhitdan qutilmoq, qudratli qo‘shni davlatlar siyosatining qurboni
bo‘lishdan saqlanmoq, zamonaviy taraqqiyot to‘g‘ri yo‘lida tez rivojlanmoq imkoniyatlari
yaratiladi. «Endi shuni bilmak kerakkim, deydi Alixonto‘ra, Qur’onning hukmiga,
Rasulullohning yo‘liga yaxshi tushunmay dinga xiyonat qilgan, o‘z Vatanini boshqalar
tasarrufiga qoldirib, ikki dunyosidan ajrab xorlik bilan yashagan yolg‘on musulmonlardan
ilm, fan, madaniyatni o‘zlashtirib, butun huquqlariga ega bo‘lgan kofirlar, albatta,
ortiqdur».
Kitobda Turkiston xalqlarining ittifoqi masalasi ham har tomonlama keng yoritilgan.
«Mustamlaka zulmi ostiga tushib qolishimiz sabablarining birinchisi xonliklar vaqtida
yuzaga kelgan ittifoqsizlik shumligidir. Xozirgi davrda millatimiz manfaatini dunyo
siyosati darajasida to‘la himoya qilish uchun Turkiston xalqlari, davlatlari, birinchi
navbatda, mintaqaviy ittifoqqa birlashmoqlari zarur. Shundagina bu ittifoqning
yaratadigan qudratli siyosiy va iqtisodiy salohiyati dunyo siyosatdonlarini undagi
davlatlar manfaatini hurmat qilishga majbur qilishi mumkin. Bo‘lmasa ma’lum bir tarixiy
sharoitda qudratsiz davlatlar yana kuchli davlatlarning qurboni bo‘ladi. Turkiston
davlatlari birlashishlari uchun tabiiy asos mavjud. Bu tarix, yurt va madaniyat birligi,
umumiy din va til borligidur. Qur’on mo‘minlarni birlik, ittifoqlikka qattiq undaydi».
Shu bilan birga, bu asarda Markaziy Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlardan XIX
asr oxirigacha bo‘lgan davr ichida qurgan davlatlari, sohibqiron Amir Temur haqida,
turkiy xalqlar madaniyati, turmushi, etnografiyasiga oid qimmatli tarixiy, ilmiy
ma’lumotlar mavjud. Ayniqsa Sharqiy Turkiston o‘lkasida shu paytdagi ijtimoiy-siyosiy
vaziyat, milliy mustaqillik uchun uyg‘ur xalqining olib borgan kurash tarixi keng
yoritilgan. Milliy tariximizni qoralab sovet davrida «bosmachilar harakati» deb
nomlangan, aslida Vatan ozodligi uchun kurashgan millat qahramonlari to‘g‘risida ham
fikr bildirilgan. Albatta, muallif bu harakatga o‘zining shaxsiy munosabatini bildiradi va
ular mag‘lubiyatining asosiy sabablaridan biri buyuk ozodlik g‘oyasi atrofida millatni
birlashtirgan, zamon siyosatini yaxshi tushungan, ongli rahbariyat yoki millat yetakchisi
bo‘lmaganligini ko‘rsatadi.
Kitob nihoyatda tiniq, badiiy go‘zal, ravshan tilda yozilgan. Jumladan, tabiat
manzaralarining tasvirlari o‘quvchi qalbida ona Vatanimizga chuqur muhabbat va mehr
uyg‘otadi.
«...Bu tarixiy so‘zlarni yozishdan ko‘zlagan mening tubgi maqsadim, deydi Alixonto‘ra,