www.ziyouz.com kutubxonasi
85
ketmish edilar. Bir nafas bo‘lsa ham otasiga dog‘ solish uchun, uning ko‘zi oldida ikki
o‘g‘li nayzalanib, so‘ngra o‘zi o‘ldirilmish edi. Bunday fojialik ishlarni bajarishga
dinsiz xudosiz vahshiylardan boshqa insonlar ko‘ngli qanday chidab turolsin!
2.
Bundan ham yomonroq, insoniyat olamida ko‘rilmagan, vahshat olamida ham
siyrak uchraydirgan vahshiylar qilig‘ini Pishpekdan qochib borgan tungon Yusufhoji
ustidan o‘tkazdilar. Shundoqki, urush kunlari uning Uchdarvozadagi qo‘rasida kuppa
kunduzida o‘t qo‘ydirib, butun mol mulki, katta kichik bola chaqalari bilan 13 jonlik bir
oilani kuydirib yuborishdi. U kunlari ko‘cha kuylarda askar kishilardan boshqalarga
yurish turish yasaq (ma’n bo‘lganlikdan, ruxsat bo‘lmaganlikdan) bo‘lganlikdan, bularga
yordam yetkazish mumkin emas edi. Shu qilgan vahshiyliklarini topshiruvchilari oldida
isbotlash uchun, ichida inson avlodi alanga olib yonayotgan o‘tning chirkin manzarasini
har yoqlama rasmga tushurmoqda edilar. Lekin Yusufhoji o‘zi 11 yoshlardagi o‘g‘li bilan,
nima bo‘lib shu kuni uyda yo‘q ekan; ajali yetmaganligi uchun bu kabi ko‘rilmagan
achinarlik fojiadan omon qolmishdur. Biroq bu dahshat vahshatlik xabarni onglab,
yugurganicha yetib kelsa, butun oilasi, holimoli bilan qip qizil o‘t ichida yonib yotkanini
ko‘radi; so‘ngra, bu fojiali balo qayoqdan kelib chiqqanini tushungach, birdaniga esi og‘ib
yiqiladi. Shunday bo‘lib, ajali yetmay o‘limdan qolgan bo‘lsa ham, umri ichida shu o‘tgan
fojiani eskarib, qolmish hayotini butunlay g‘am qayg‘u, hasrat bilan o‘tkazib
turmokdadur. Bu og‘ir musibatga chidayolmaganidan Shing Duban davrida, 1935 yili haj
yo‘li ochilishi bilan o‘limdan qolgan o‘g‘lini olib hajga ketmishdur.
3.
Bu voqea Axtamboy avlodi ustida bo‘lib, ular G’uljada sovet elchixonasining
ro‘parasidagi qo‘rala-rida turar edilar. Qizil askar shaharga kirgan kunlari GPU
jallodlaridan bir nechtalari yarim kecha, tun qorong‘usida devordan oshib kirib, katta-
kichik bir uy to‘la oilani birini qo‘ymay otib chopib o‘ldirib chiqqanlar. Nima bo‘lib, 12
yashar bir o‘g‘il yoshiringan joyida bu vahshiy qonxo‘rlar qo‘lidan qutulib qolmish
ekandur. Mana bu dinsiz, xudoga ishonmagan inson yuratlik yirtqich vahshiylarning
zulmlaridan ko‘rsatkich bo‘lg‘udek bir ozini, balki yuzdan, mingdan birini ibrat uchun bu
o‘rinda yozib qoldirdim.
Shunday bo‘lib, qo‘zg‘olonchilarga qarshi o‘n barobar kuchlik sovet askarlari kirgach,
boshqalarning umidlari butunlay uzilib, jon qutqazishga kirishdilar. Qish kunlari havo
sovuq, janub tomondan boshqa hamma tomon dushman askarlari bilan o‘ralmish edi.
Shunday bo‘lsa ham tog‘ yo‘llari, oshuvlari qor muzlar bilan qoplanganiga qaramay,
boshqa yo‘l yo‘qligi uchun Yulduz dovoni orqalik Kuchar, Qora shahar tomoniga
qochishga majbur bo‘ldilar. Lekin u bechoralarning bu qochishlari esa o‘lim qilichi
boshiga kelgan kishi, boshqa hech iloj topolmaganlikdan, qilich miziga (tig‘i, yuzi, o‘tkir
tomoni) qo‘lini to‘sgandek bir ish edi. Eshitishimizcha, bu ketganlar qish kunlari tog‘
tosh, qor muzlarning orasida sovuqda qolishib, ko‘plari halok bo‘lmishdur.
Shu bilan Jang Jun tarafdorlari eski xitoylar va Gasiling tarafdorlari tor mor bo‘lib,
sovet Rusiyasi siyosatiga moslashgan Shing Duban hukumati o‘rnashdi. Yerlik xalqning
huquqlari butunlay oyoq osti qilinib, yana butun ishlar xitoy bosqinchilarining qo‘liga
topshirildi. Idora ishlari xitoycha yurgizildi. G’ulja shahri bo‘lsa, bular oldida siyosiy
jinoyatchilar hisoblangan biz kabi kishilar bilan to‘lmish edi. Hozircha, bu jallodlar o‘z
zarur ishlaridan bo‘shanolmay turganlari uchun, boshqalar bularning qonlik qo‘llaridan
vaqtincha omonlik olib turgan bo‘lsalar ham, navbati kelganda bularning changalidan
qutulish imkoniyati yo‘q edi.
Boshimizdan ming turli mehnat mashaqqatlar kechirgan holda, bu jallodlar qo‘lidan
qochib, chegaradan o‘tmish edik. Ikkinchi bular qo‘liga tushar bo‘lsak holimiz nima
kechishligini yaxshi bilar edik. Shu sababdan bu yerdan ketmakka niyat qildim. Safar
yo‘ldoshim marhum Ilyos domla o‘g‘li marhum Abdusattor mahsum ikkovimiz otchi