www.ziyouz.com kutubxonasi
84
qishlog‘i Qoraqo‘ng‘iz masjidida turganimizda, tungon og‘aynilarimizdan sovetga qarshi
qo‘zg‘algan Qorabolta, Oqsuv voqeasi sabablik bir qancha kishilar qochib kelmish edilar.
Xudo saqlab ularni ziyon-zahmatsiz, eson omon uzatib yuborgan edim. Bo‘lgan voqea bu
kitobning boshida yozilib o‘tildi. Bu ikki voqea orasida shu qadar uzun yillar o‘tgandan
so‘ngra, biz bilan birga G’uljaga o‘tgan tungon og‘aynilarimiz ustida yana shu kabi
qo‘rqinchli kunlar bo‘lib o‘tmish edi. Shundoqki, G’uljada To‘ram mahallasida o‘ltirgan
qo‘ramiz tashqarisida va mahalla masjidida So‘quluq va Pishpekli tungon
og‘aynilarimizdan oz deganda 20 kishini asramish edim. Xudo saqlasa balo yo‘q
degandek, yo‘qsa, tungon izlashgan xunxo‘zo va oq rus askarlari eshik oldimizga necha
yo‘l «davay»lashib, ba’zilari devordan oshib tushmoqchi bo‘lib turganlarida har xil
bahonalar bo‘lib, ularni xudo saqlamish edi.
Mening qaramog‘imda yoshirincha bularning saqlanayotganligidan dushmanlarimiz
xabar topib qolganligi bizga ma’lum bo‘lgach, ko‘z oldimizda biror turlik ko‘ngilsiz yomon
bir ish bo‘lib qolmasin deb, buning chorasiga qattiq kirishdim. «Mo‘min mo‘minga xolis
xudo uchun yordam berishiga niyat qilsa, Alloh uning yordamida bo‘lg‘ay», degan
payg‘ambarimizning so‘zlariga ishonib, Allohning o‘ziga tavakkal qildim. Qip qizil o‘t
yonib, tungonlar ustida o‘lim o‘ynab turgan shundoq qo‘rqinchlik chog‘da, ajal hidini olib
yotqan joylaridan o‘zimga qarashlik tungonlarni chiqarib, o‘z qo‘ramizga yig‘dim. Yo‘g‘on
salla o‘ragan holda «Alloh» yodi bilan bismilloh deb, bular oldida o‘t oralab yo‘l
boshlaganimcha, yangi qurilgan hukumat idorasiga salomat yetib keldim. Bu ishga
hamma hayronlikda qoldilar. Ayniqsa, tungon qoniga tashna bo‘lib qutirgan xunxo‘zo
xitoylar, ko‘zlari bilan yegudek holda tikilib turgan bo‘lsalar ham, hech qaysilari
yomonliq yo‘liga jur’at qilolmadilar. Qisqasi, bu kabi qo‘rqinchlik o‘rinlarda necha
martaba bu ojiz qulini asrab o‘rgatgan ulug‘ qutratli Egam, bu yo‘li ham asramish edi.
«Bandam meni qanday o‘ylasa, unga o‘zi o‘ylaganday ish qilurman», degan Alloh
so‘zining haqligini shu kuni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmish edim. Baxtimizga yara-sha, o‘sha
kunlarda o‘z To‘qmoqlig‘imiz Turdioxun vaqtlik bo‘lsa ham siyosat talabicha hukumat
oldida obro‘si ancha ko‘tarilmish edi. Bo‘lgan voqeani bayon qilib, o‘z yaqinlaridan bir
kishini kirgizib edim, men olib borgan yigirma odamning hammasiga omonlik xati
yozdirib chiqardi. Ularni olib borgan kishilarimizning ko‘kraklariga qadatib qo‘ydim.
Shuning bilan barilari bu qo‘rqinchdan qutulib, mendan rozi bo‘lganlaricha, o‘z joylariga
tarqalib ketdilar. Biroq atrofda qochib yurgan, uy uyida yoshirinib yotqan, biz tanigan
tanimagan tungon og‘aynilardan nohaq zulmga uchrab, tungon bo‘lgani uchun o‘ldirilgan
kishilar oz emas edi.
Shunga o‘xshash, 1920 yili Oqsuv ruslari boshliq 18 qishloq xalqi bolsheviklarga
qarshi qo‘zg‘olon chi-qarmish edilar. So‘quluq, Pishpek tungonlari ham shular ichida
bo‘lg‘onlikdan butun fojia boshqalarga ko‘ra ko‘proq shularga bo‘lmish edi. Mana shu
kunlari So‘quluq tungonlaridan Mesizbulis va ham Pishpek boylaridan Yusufhoji, Yorkent
uyg‘urlaridan Axtamboy G’uljaga qochib ketayotganlarida GPU jallodlarining qo‘liga
tushib, bir qancha vaqt turmada yotgan ekanlar. So‘ngra bularni o‘z xizmatlariga
solmoqchi bo‘lib, ming turli hiyla nayrang, yolg‘on yashiq va’dalar bilan o‘ziga bog‘lab
oladi. Bular ham jon qutqarish uchun, ular nima desa ma’qul deb, topshiriqlarini
bajarishga so‘z bergan bo‘lsalar ham, bu yoqqa o‘tgach, o‘zlarini uning tahtididan
qutilgan hisoblashib, sovet elchixonasiga yo‘lamay qo‘yadilar. Shuning uchun bu qonxo‘r
zolimlar 34 yili yuqoridagi Shing Duban voqeasi orqalik G’uljaga o‘tganlarida o‘sha 20 yili
o‘tgan ishni eslab, bularning qastiga tushmishdur. Bechora Mesizbulis o‘zidan hadiksirab
ko‘zdan yiroqroq turish uchun, G’uljadan ot yurishida uch kunlik narida bo‘lgan
To‘qqiztaraga qochgan ekan, ortidan u jallodlar izlab borib qo‘lga tushirgach, 18 20
yoshlik ikki o‘g‘li bilan uni nayzalab o‘ldirib, xalq suv ichib turgan quduqqa tashlab