www.ziyouz.com kutubxonasi
13
U yunoncha gapira boshladi:
— Ibodatxonani vayron qilmoqchi bo‘lgan va bu ishga xalqni da’vat etgan senmiding?
Endi mahbus yana jonlandi, ko‘zlaridan qo‘rquv alomati g‘oyib bo‘lib, yunon tilida gapira boshladi:
— Mep, saxov... — sal bo‘lmasa og‘zidan chiqib ketayozgan bu so‘zdan mahbusning ko‘zlarida
dahshat vujudga keldi, — men, igemon, hech qachon xayolimga ham keltirmaganman ibodatxonani
vayron qilishni va hech kimni da’vat ham etmaganman bunday noma’qul ishga.
Pastak stolga bukchayib olib mahbus berayotgan guvohlikni yozib o‘tirgan kotibning yuzida taajjub
alomati paydo bo‘ldi. U boshini ko‘tardi, lekin shu zahoti yana pergamentga engashib oldi.
— Bu shaharda o‘tadigan bayram namoyishiga turli toifadagi odamlar kelishadi. Ular orasida
sehrgarlar, munajjimlar, folbinlaru qotillar bo‘lishadi, — derdi prokurator bir xil ohangda, — lekin ular
ichida yolg‘onchilar ham topiladi. Chunonchi, sen yolg‘onchisan. Xalqni ibodatxonani vayron qilishga
undadi, deb aniq yozib qo‘yilipti. Odamlar guvohlik bergan.
— Usha saxovatli odamlar, — deb gapira boshladi mahbus va shosha-pisha: — igemon, — deb
ilova qildiyu, gapini davom ettirdi: — savodi yo‘q omilardir, shu bois men aytgan gaplarni
chalkashtirib yuborishgan. Umuman, bu chalkashliklar hali juda uzoq vaqt davom etmasaydi deb
xavotirdaman. Hamma balo shundaki, mening gaplarimni u noto‘g‘ri yozib olyapti.
Sukunat. Endi Pilatning ikkala xasta ko‘zi mahbusga og‘ir tikilardi.
— Senga oxirgi marta takrorlayman: o‘zingni jinnilikka solma, qaroqchi, — mayin ohangda dedi
Pilat o‘sha-o‘sha xasta ovoz bilan, — ustingdan yozilgan dalillar ko‘p emas, illo shularning o‘zi ham
seni dorga osish uchun kifoya qiladi.
— Yo‘q, yo‘q, igemon, — dedi mahbus Pilatni o‘z gapiga ishontirish uchun astoydil urinib, —
bittasi bor, qo‘liga taka terisidan ishlangan pergament ushlab olib, orqamdan izma-iz yurgani-yurgan,
to‘xtovsiz yozgani-yozgan. Lekin bir marta o‘sha pergamentga ko‘z qirimni tashlab hangu mang bo‘lib
qoldim. Men u yerda yozilgan gaplarning birortasini ham gapirmagan-man. Xudo haqqi, yoqib yubor
bu pergamentingni, deb yolvordim unga. Lekin u pergamentni qo‘limdan yulib olib, qochib ketdi.
— Kim o‘zi u? — ijirg‘anib so‘radi Pilat va qo‘lini chakkasiga olib bordi.
— Leviy Matvey degan odam, — bajonidil izohlay boshladi mahbus, — u o‘lpon yig‘uvchi edi.
Men u bilan birinchi marta Viffagiyaga boradigan yo‘l yoqasidagi anjirzor muyulishida to‘qnash kelib
gaplashib qolgandim. Avvaliga u menga adovat bilan qaradi, hatto haqorat ham qildi, ya’ni meni it deb
atab, o‘zicha haqorat qildim deb o‘ylagan bo‘lishi kerak, — mahbus jilmayib qo‘ydi. — Shaxsan men
bu jonivorning hech qanday yomon jihatini bilmayman, shuning uchun undan xafa ham bo‘lmadim...
Kotib yozishdan to‘xtadi va zimdan, mahbusga emas, prokuratorga taajjub bilan bokdi.
— ... biroq gaplarimni eshitib, shashtidan qayta boshladi, — davom etdi Ieshua, — oxiri borib, u
yiqqan pullarini yo‘lga otib yuborib, sen bilan jahongashtalik qilaman, dedi...
Pilat sarg‘ayib ketgan tishlarini ko‘rsatib, bir yonog‘ini uchirib tirjaydi va butun gavdasi bilan kotib
tomonga o‘girilib dedi:
— O, Yershalaim shahri! Bu yerda ne-ne antiqa gaplarni eshitmaysan. O‘lpon yig‘uvchi, buni
qarangki, pullarini yo‘lga sochib yuborganmish!
Kotib bunga javoban nima deyishini bilmay, Pilatning jilvasiga taqlid qilishni lozim ko‘rdi.
— Negaki u, bugundan e’tiboran puldan hazar qilaman, deb aytdi, — deb izohladi Ieshua Leviy
Matveyning alomat raftorini izohlab va qo‘shib qo‘ydi: — O‘sha kundan boshlab u menga hamroh
bo‘lib oldi.
Prokurator hamon tirjayishini qo‘ymay mahbusga qaradi, so‘ng o‘zi o‘tirgan yerdan ancha uzoqda,
pastlikda bo‘lgan Hippodrom* va u yerdagi ot haykallari uzra muttasil yuqoriga ko‘tarilayotgan
quyoshga yuz tutdi-yu, birdan ko‘ngilni behuzur qiluvchi allaqanday dard bilan: «O‘zimni qiynab
o‘tirmasdan «Osilsin!» — degan bir og‘iz so‘z bilan bu notavon jinoyatchini ravondan haydab
yuborsam ham bo‘lardi-ku. Keyin, soqchilarni ham quvib, o‘zim qasrga kirganim, ko‘shkni
qorong‘ilatib, chorpoyaga yotganim, sovuq suv keltirishlarini buyurib, ayanchli ovoz bilan itim