www.ziyouz.com кутубхонаси
53
ZAFAR DIYOR (1912—1946) O’zbek bolalar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Zafar Diyordir. U 1912
yili Namangan viloyatining Chust tumanida kambag’al dehqon oilasida tug’ildi. Avval eski
maktabda, so‘ng Sho‘ro davri bolalar uyida ta’lim oldi.
Bo‘lg‘usi shoir 1927 yilda Narimonov nomli o‘zbek Erlar bilim yurtiga o‘qjshga kirib,
uni 1933 yilda a’lo baholarga tugatib, o‘sha yerda adabiyot muallimi bo‘lib xizmat qildi.
1941 yilda esa Toshkent Davlat pedagogika oliy bilimgohini tugatdi.
Shoir ijodi garchi erta boshlangan va ko‘pgina she’rlari «Lenin uchquni», «Yosh
leninchi», «Yosh kuch», «Kolxozchi bolalar» kabi ro‘znomalarda chop etilgan bo‘lsa ham,
uning «Qo‘shiqlar» nomli birinchi she’riy to‘plami 1933 yilda nashr etiladi. Jurnalistika
shoir faoliyati bilan chambarchas bog’liqdir. U avval «Lenin uchquni» (1936-1941)
ro‘znomasida mas’ul kotib, 1941 yildan umrining oxirigacha «Qizil O’zbekiston»
ro‘znomasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlaydi.
Shoirning «Qo‘shiqlar» to‘plamidan so‘ng «Tantana» (1938), «She’rlar» (1939),
«Bizning qurolimiz», “Bizning oila” (1942), «Sovg‘a» (1944) kabi she’riy majmualari
bosiladi.
Zafar Diyor Ikkinchi jahon urushi yillarida (1941-1945) rang-barang janrlarda
samarali ijod qildi. Uning «Ona allasi» (1942) qo‘shig‘i o‘z vaqtida yozilgan qo‘shiq edi.
Uning «Qurol bering menga ham!» she’ri Hamid Olimjonning «Qo‘lingga qurol ol!»
asariga hamohang edi. Shuningdek, «Orzu», «Timurchilar maktubi», Otam kelar
yaqinda», «Tabassum» «To‘qqizinchi may» kabi she’rlari yoshlarni qahramonlik,
vatanparvarlik va birodarlik ruhida tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi.
Zafar Diyor mohir bolalar shoiri bo‘lishi bilan birga bolalarning suyukli dramaturgi
ham edi. Uning uch qismdan iborat «Baxtli yoshlik», «Uch og‘ayni» p’esalarida bolalar
o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik ardoqlanadi. U adabiy-tanqidiy madolalar muallifi sifatida
“Nabi Rahimov”, «Abay o‘lanlari», «Ashulalar» kabi ko‘plab maqolalar chop ettirgan. U
tarjimon va nosir ham edi.
Zafar Diyor 1946 yil 14 aprelda bevaqt vafot etdi. Uning vafotidan keyin «Kichkina
bog’bon haqida doston» (1947), «Chaman» (1948), «Gunafsha» (1952), «Asarlar»
(1954), «Qanotli do‘stlar» (1958), «Suv bilan suhbat» kabi to‘plam va saylanmalari
nashr etildi.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993