Kshatriylar davlatlarining shakllanishi. Buddaviylik davri
«Mahabxorat»dagi afsonaviy janglar mil. avv. VI asrning o‘rtalarigacha Hindistonning jangovar urug‘-aymoqlari jang qilgan, savdo qilgan va podsholiklar ko‘rinishidagi yarim barqaror ijtimoiy tuzilmalar haqida hikoya qiladi.
Ushbu podsholiklarning o‘n oltitasi buddaviylik og‘zaki an’anasida saqlangan va keyingi davrlarda yozib olingan afsonalarda tilga olingan.
Ular ichida Kuru, Gandxar va Panchala davlatlari — Bxarata urushida jang qilgan qadimiy urug‘-aymoqlar ildizlaridan o‘sib chiqqan podsholiklar; uzoq janubda, Vindxya va Satpura tog‘ tizmalaridan quyida, Dekan nomi bilan ma’lum bo‘lgan quruq yassi tog‘da (platoda) joylashgan Ashuaka davlati hamda Gang daryosining burilgan joyidan quyida joylashgan Magadxa davlati hisoblanadi.
O‘n oltita podsholik «maxajanapada» deb nomlangan; bu so‘zning ildizlari yanada qadimgi davrlarga borib taqaladi. Qadimgi oriylar ko‘chmanchi jangovar urug‘-aymoqlari o‘zlarini “jana” (sanskritda – “qabila”) deb nomlaganlar; Gang daryosi vodiysiga ko‘chib borib o‘rnashgan va ushbu erlarni o‘ziniki deb e’lon qilgan jangovar urug‘lar bu so‘zni uzaytirib, o‘zlarini “janapada”, ya’ni “yerli qabilalar” deb nomlay boshladilar. O‘n oltita maxajanapada yoki «buyuk janapada» yerli qabilalar bo‘lib, boshqa qabilalarni o‘ziga singdirib yuborib, podsholiklarga aylangan. Ushbu podsholiklarda podsho, uning qarindoshlari va uning jangchilari hukmron, hokimiyat tepasida turuvchi urug‘ bo‘lib qoladi. Hukmron urug‘da tug‘ilgan odam “kshatriy” hisoblangan, va uning hokimiyat tepasida turgan elitaga mansublik huquqi bo‘lgan.
Kshatriylar siyosiy hokimiyatga ega edilar, kohinlar esa o‘zgacha kuch- qudratga ega edi. Oriylar janubga, Hindistonga ko‘chib borganlardan so‘ng ibodatlar va qurbonliklar ular kundalik hayotining ajralmas qismini tashkil qila boshladi: «Indra o‘z yordamini qurbonlik qilganlarga ko‘rsatadi, - deyilgan “Rigveda” madhiyalarining birida, - madhiyalar ijro etganga, qurbonlik qilinadigan taomni tayyorlaganga, muqaddas so‘zlarni aytib o‘zini mustahkam qilganlarga... va ibodat qiluvchi ruhoniylarga tortiq qiluvchilarga yordam beradi. Bu, ey odamlar, Indraning o‘zidir». Xarappaliklar va boshqa mahalliy qabilalar odatlari elementlari bilan aralashgan oriylarning qadimgi diniy amaliyotlari keyingi davrlarda
shakllangan induizm diniy amaliyotlari qadimgi shakllarining negizini tashkil qilgan. Qurbonliklarni amalga oshirgan kohinlar hind jamiyatining ilk aslzodalari bo‘lgan va o‘n oltita maxajanapalarda o‘z ta’sirlarini saqlab kelganlar. Hukmron kshatriylar singari kohinlar o‘z guruhlarini tashkil qilganlar: ruhoniy oilasida tug‘ilish - “braxman” bo‘lishni va qurbonliklar qilish imtiyozini meros qilib olishni anglatgan. Jamiyatning ushbu uch qismga bo‘linishi – ruhoniylar, lashkarboshilar va qolgan boshqalar (ular “vayshilar”, ya’ni “oddiy odamlar” deb nomlangan) – qadimgi vaqtlarda tez-tez uchrab turgan hol edi. Lekin Hindistonda ruhoniylar qolganlar ustidan hukmronlik qilganlar.
Aksariyat boshqa qadimgi jamiyatlarda boshqaruv tuzilishi tepasida podsholar va jangchilar (harbiylar) turgan. Lekin braxman cheklanmagan hokimiyatga ega edi. O‘n olti podsholik davrida kshatriy bo‘lib tug‘ilmagan inson, ruhoniylar hokimiyatni berish marosimini o‘tkazgan holda, podsho bo‘lish imkoniga ega edi, lekin braxman bo‘lib tug‘ilmaganlardan hech qaysi kishi kohin ishini bajarishi mumkin emas edi. “Manu qonunlari” deb nomlangan keyingi davrlarda hind tilida yaratilgan matnga ko‘ra, braxman umuman barcha yaratilgan tartiblarning “xo‘jayini” (“janobi”, “sohibi”), odamlarning eng a’losi edi: “u tirik mavjudotlarning yerdagi eng oliy “xo‘jayini” (“janobi”, “sohibi”), qonunlar butunligining himoyachisi bo‘lib tug‘ilgan; dunyoda mavjud barcha narsalar braxmanning mulki... ha, braxman hamma narsaga huquqli”. O‘n olti podsholik davriga kelib ko‘chmanchilar o‘rtasida muhim ahamiyat kasb etgan hayvonlarni qurbon qilish odati Hindistonda shahar aholisining ko‘payini bilan birga asta-asta yo‘q bo‘lib boradi. Lekin “yerda eng olijanob kishi bo‘lib tug‘ilganlar” qo‘lidagi hokimiyatning cheklanishi ehtimoldan uzoq edi.
Ruhoniylarning muhimligi harbiylar urug‘-aymoqlari (guruhlari) ongiga shunday singdirilgan ediki, ishini yo‘qotishdan uzoqda turgan braxmanlar – markaziy rolini saqlab kelgan. Endi qurbonlik qilmasdan ular qonsiz marosimlarni to‘g‘ri o‘tkazilishini boshqaradilar, chunki bu marosimlar qurbonliklar o‘rnini egallaydi: marosimlar kech kirish paytda uy o‘chog‘ining alangasiga
bag‘ishlangan, shuningdek, avliyolarga ham bag‘ishlangan, ya’ni ularning yaxshi ko‘rinishi ta’minlangan; to‘ylar va dafn marosimlarini o‘tkazishdan iborat bo‘lgan. Aftidan, O‘n olti davlatlar atrofida o‘n olti maxajanapadadan biriga qo‘shilishga qarshilik ko‘rsatayotgan qabilalar halqasi ham mavjud edi.
Podsholiklardan biriga qo‘shilish o‘rniga ular gana-sangxa deb nomlangan mustaqil ittifoqlar tuzadilar.
Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, gana-sangxa qabilalari oriylar avlodlari bo‘lmagan, ularning ildizlari jangovar qabilalar kelishidan avval Gang vodiysida yashagan aholiga borib taqaladi.
Gana-sangxa qabilalarida atigi ikki turdagi odamlar bo‘lgan: yerning asosiy qismiga egalik qilgan hukmdor oilalar hamda ularga xizmat qilgan xizmatkorlar va qullar. Muhim qarorlarni (urush boshlash, boshqa urug‘lar bilan savdo qilish, alohida dala maydonlaridagi irrigatsiya tizimida suv berishni to‘xtatish) hukmdor oila boshliqlari qabul qilganlar va bunda xizmatkorlar umuman ovoz berish huquqiga ega bo‘lmaganlar.
Maxajanapadalarning ham ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan xizmatkorlari bo‘lgan. Bular to‘rtinchi nav (sort) odamlar bo‘lgan: hukmdor kshatriylar yoki kohin braxmanlar emas, va hatto dehqonlar singari ishchilar, kulolchilar, duradgor yoki quruvchi ustalar kabi oddiy vayshi ham emas edi.
Mazkur ijtimoiy bo‘linishlarga (ierarxiyalarga) qarshi ovozlar ilk bor gana- sangxa tomonidan chiqdi. Taxminan mil. avv. 599 -yilda Ganga vodiysining shimoli-sharqida gana-sangxalar o‘rtasida, vrijya sifatida ma’lum qabilalar ittifoqida islohotchi Nataputta Vardxamana tug‘ildi. U jantrika qabilasidan kelib chiqqan, shahzoda va boy odam, hukmdor o‘g‘li bo‘lgan.
Vardxamana izdoshlari guvohligiga ko‘ra, uning islohotlari 569- yilda, yoshi o‘ttizda bo‘lganda boshlangan. Dastlab u boylikdan va kelib chiqishi bilan bog‘liq imtiyozlaridan voz kechdi, o‘zini bitta ko‘ylakdan boshqa barcha mol-mulkidan mahrum qildi hamda o‘n ikki yil sukut saqlaydi va zikr tushadi. Ushbu bosqichning oxirida kohinlardan xoli hayotni ko‘rishga muyassar bo‘ladi: uning koinotida braxmanlar yo‘q edi. Insonning yashashdan maqsadi ruhoniylar
vositachiligida xudolar bilan bog‘lanish emas edi. Shuningdek, induizm ko‘rsatmalari bo‘yicha, turli majburiyatlarni bajarish uchun tug‘ilgan inson ularni bajarish orqali xudolarni xursand qilishi shart emas edi.
Inson moddiy dunyoga bog‘lab turadigan ehtiroslarini (baxillik, shahvat, eb to‘ymaslik) rad etish orqali moddiylik zanjirlaridan qutulishi kerak. Taxminan m.a. 567- yilda u Hindiston bo‘ylab oyoq yalang sayohat qiladi va odamlarga besh tamoyilni o‘rgatadi, bular: «axisma» — barcha tirik mavjudotlarga jabr-zulm qilishdan voz kechish (hayvonlar huquqlari uchun kurashning ilk namunasi);
«satya» — rostgo‘ylik; «asteya» — har qanday ko‘rinishdagi o‘g‘rilikdan o‘zini tiyish; «braxmakxarya» — shahvoniy lazzatdan voz kechish; va «aparigraxa» — barcha moddiy narsalarga befarq bo‘lish (ushbu holatni bittagina ko‘ylagini yechib, yo‘lini yalag‘och davom ettirish orqali namoyish etgan). Uning atrofida izdoshlari to‘plangan, va buyuk ustoz sifatida Nataputta Vardxamana “Maxavira” (Buyuk Qahramon) bo‘lib tanildi.
Uning g‘oyalaridan birontasi yangi bo‘lmagan. Induizmning asosiy yo‘nalishi ham moddiy dunyodan turli yo‘llar bilan ozod bo‘lishni o‘rgatgan. Maxavira novator (yangilik yaratuvchi) emas, balki mavjud diniy amaliyotlarning islohotchisi bo‘lgan. Biroq uning inson o‘zini-o‘zi rad qilishining zaruriyatini va barcha tirik mavjudotlarni hurmat qilishning shartligini tushuntirishi juda ko‘p izdoshlar to‘plash uchun etarli darajada ishonarlili, asosli bo‘lgan. Uning ta’limoti jaynizm, izdoshlari esa jaynlar sifatida mashhur bo‘lgan.
Bir necha yildan so‘ng yana bir novator (yangilik yaratuvchi) paydo bo‘ladi, bu gal maxajanapadalardan tashqarida, lekin xuddi shunday gana-sangxa qabilalaridan biridan tug‘ilgan. Nataputta Vardxamana singari u bu dunyoga hokimiyat va pul uchun kelgan. Lekin u ham hayotidagi imtiyozlardan taxminan o‘ttiz yoshligida voz kechib, o‘zini o‘zi ixtiyoriy badarg‘a qilgan. U ham faqat o‘z ehtiroslari, nafsi, istaklarini rad qila oladigan insonlar haqiqiy ozodlikni topa oladi degan, xulosaga keladi.
Hindshunoslik adabiyotida mil. avv. I ming yilliknining ikkinchi yarmini- urbanizatsiya davri, buddaviylik yoki magadxa-maurya davri deb turlicha
nomlaydilar. Mazkur nomlanishlar ushbu davrning qandaydir muhim o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi.
Mazkur davr buddaviylik davri deb nomlanishining sababi Hindiston oldingi Vedalar-braxmanlar dinidan voz kechganligida emas, balki o‘sha davr tarixchisi buddaviylik bilan bog‘liq ma’lumotlardan keng foydalanganligidadir. Mil. avv. I ming yillikning o‘rtalarida mamlakatda oldingi dinlardan ahamiyatli darajada farq qilgan qator diniy oqimlar paydo bo‘ladi. Ulardan asosiysi buddaviylik edi, u keyingi davrlarda jahon dinlaridan biriga aylangan.
Buddaviylikda yangi dinning eng muhim elementlarini qamraydigan “uch qimmatbaho narsa (javohirot)” tushunchasi bor, bular – Budda, dxarma va sangxa.
Rivoyatlarga asosan, shahzoda Siddxartxa Gautama uzoq davom etgan izlanishlardan so‘ng haqiqatga va osoyishtalik, ravshanlikka erishadi (Budda bo‘ladi). Oldingi vedalar-braxmanlar dinidan (shuningdek Qadimgi Misr va Mesopotamiya dinlaridan) farqli o‘laroq va zardushtiylik, xristianlik, islom dinlari singari buddaviylik o‘zining asoschisini (ma’naviy ustozi yoki payg‘ambarini) biladi. Siddxartxa-Buddaning tarjimai holi asta-sekin rivoyat, avliyo haqidagi qissaga aylanadi.
Mil. avv. V–III asrlar davrini magadxa-maurya davri ham deb nomlanadi. Magadxa – qabilaviy podsholiklardan biri, u hozirgi Bixar shtati hududini egallagan (Gang oqimining o‘rtasi). Mil. avv. IV asrga kelib boshqa podsholiklar bilan shiddatli kurashdan so‘ng ustunlika erishadi, Gang vodiysini o‘z hokimiyati ostida birlashtiradi..
Hind tarixiy-afsonaviy an’anasida Magadxa podsholari kelib chiqishi past, bag‘oyat xasis va shafqatsiz, shuningdek lashkarlari juda ko‘p qilib ko‘rsatiladi. Bunday tavsifni, chamasi, Magadxa podsholari faqat shon-sharaf bilan qoniqmaganligi bilan tushuntirish mumkin. Bo‘ysundirilgan xalqlardan ularga moddiyroq narsa, ya’ni muntazam ravishda olinadigan soliq (o‘lpon) kerak edi. Magadxa podsholarining harbiy kuchlari qabila lashkarlari emas, balki maosh oladigan (yollanma) qo‘shin bo‘lganligi sababli, g‘aznani muntazam ravishda to‘ldirib turish talab etilardi. Bu podsholar Vedalarga tegishli ok suyaklar xulqi,
o‘zini tutish majmuini (kodeksini) buzganlar. Yagona davlat barpo etishga intilib, ular istilo qilingan mamlakatlar hukmdorlarini ayovsiz olib tashlab, o‘rniga o‘zining odamlarini qo‘ygan. Ana shu asosda Magadxaning qudratli podsholarining kelib chiqishi to‘g‘risidagi shubhali rivoyatlar paydo bo‘ladi: axir zodagon kshatriylar bunday qilarmidi?
Gang havzasi mamlakatlari Magadxa hukmronligi ostida birlashish jarayonini boshdan kechirayotgan bir paytda, Hindiston shimoli-g‘arbida bulardan ahamiyati kam bo‘lmagan hodisalar ro‘y berayotgan edi. Ahamoniylar saltanatini tor-mor qilib, Buyuk Aleksandrning Yunon-Makedoniya qo‘shinlari mil. avv. 327- yilda Hindiston yeriga kirib keldilar. Mahalliy aholining bir qismi qachonlardir forslarga bo‘ysungan, boshqalari esa o‘z mustaqilligini hech qachon yo‘qotmaganligi bilan faxrlanar edi. Bu erda yirik va jajjigina mamlakatlar bo‘lgan. Ba’zilarini podsholar boshqarar, boshqalarida monarxiyaga asoslanmagan boshqaruv bo‘lgan. Mahalliy hukmdorlar bir-biri bilan raqobat qilgan, va ba’zilari bajonidil chet ellik bosqinchilar tomoniga o‘tgan. Jangovar qabilalar makedoniyaliklarga keskin qarshilik ko‘rsatgan. Mashaqqatli va xavfli urush davomida Makedoniyalik Aleksandr ushbu hududni to‘laligicha bo‘ysundiradi, shu asnoda ilk bor uning tarqoqligiga barham beradi.
Aleksandr boshchiligidagi qo‘shinlarning asosiy qismi Hindistonni tark etganidan so‘ng, mazkur birlik saqlanib qoladi, biroq endi ularni Yunon- Makedoniya lashkarlarini quvib chiqarish yoki yo‘q qilish istagi birlashtirar edi. Bosqinchilarga qarshi harakatga Magadxadan kelib chiqqan aslzoda hind Chandragupta Maurya boshchilik qiladi. Mil. avv. 317- yilda Makedoniya qo‘shinlarining oxirgi qoldiqlari Hindistondan jo‘nab ketadi. Shunda Chandragupta mamlakatning ushbu qismida vaziyatni egallaydi. Yaqin orada u Magadxa hukmdori ustidan g‘alaba qozonadi va uning poytaxti Pataliputrada (hozirgi Patna) podshoning taxtga o‘tirish marosimini o‘tkazadi. Shu asnoda Maurya sulolasiga asos solingan edi, Chandragupta davrida u butun Shimoliy Hindistonga egalik qilgan.
Mil. avv. 297- yilda podsho Chandragupta Maurya o‘zining o‘g‘li Maurya shahzodasi Bindusara foydasiga taxtdan voz kechadi. Chandragupta jaynizm yo‘liga kiradi; an’anaga ko‘ra, u zohidlarga qo‘shilib, aparigraxani, ya’ni barcha moddiy narsalardan voz kechishni namoyish etadi va ro‘za tutishda jonbozlik qilib, o‘zini o‘limgacha olib boradi. Aftidan, Bindusara dinga asoslangan saltanat qura boshlaydi. Uning istilolari to‘g‘risidagi xotiralar faqat bir necha asrlardan keyin yozilgan buddaviylik matnlarida saqlanib qolgan. Lekin ushbu matnlardan birida Bindusara “ikki dengiz oralig‘idagi” erlarni bosib olganligi to‘g‘risida so‘z yuritiladi, bundan taxmin qilish mumkinki, Maurya saltanati janubga, Dekanga, Karnatakagacha surilib borgan. Bundan ortiq Bindusaraning yigirma besh yillik hukmdorligi to‘g‘risida juda kam ma’lumotga egamiz, faqatgina yunonlar unga Amitrokates, ya’ni «dushmanlar qotili” degan muvaffaqiyatli istilochilarga beriladigan ism qo‘yganlari ma’lum.
Maurya saltanati shimolda joylashgan bo‘lib, Janubda boshqa podsholiklar yotardi: Kalinga janubi-sharqda, Andxra yarimorolning markazida, Chera g‘arbda va bir oz janubda joylashgan edi. Subkontinentning eng cho‘qqisida Pandya podsholigi joylashgan bo‘lib, ularning mil. avv. 500- yilgacha tarixi haqida biz hech qanday ma’lumotga ega emasmiz. Shunga qaramasdan, Kalinga tili shimolroqda joylashgan podsholiklar (Mahabxoratda Kalinga podshosi Shrutayya Kauravlar tomonida kurashganligi haqida ma’lumot keltirilgan) aholisini bir-biri bilan bog‘laganligini, janubroqdagi podsholiklar boshqa ildizdan kelib chiqqan tilda so‘zlashganliklarini bilish mumkin.
Bindusara vafot etgan vaqtda (taxminan mil. avv. 272 -yilda), Kalinga istilo etilmagan edi. Uni bosib olish vazifasi Bindusara o‘g‘li Ashokaga meros bo‘lib qoldi. Podsho Ashoka bizga asosan butun saltanati bo‘ylab va, avvalo qoyalarda (“Farmonlar qoyasi”) va keyinchalik qumtoshdan yasalgan ustunlarda (“Farmonlar ustuni”) uning buyrug‘iga binoan o‘yib yozilgan tavsiflar orqali tanish hisoblanadi. Ushbu farmonlar Ashokaning yoshligini tasavvur qilish imkonini beradi. Yosh yigit bo‘lganida, otasi uni endi Mauryalar saltanatining qismiga aylangan Taksilaga isyonni bostirish uchun yuboradi. Shundan so‘ng uni saltanatning
boshqa, Ujain deb nomlanadigan tomoniga beshta “janapada” yoki tumanlardan biriga hukmdor qilib yuboradilar, Maurya saltanati ana shu beshta “janapadaga” bo‘lingan edi.
Bindusara vafot etgandan so‘ng, Ashoka taxt uchun aka-ukalari bilan kurashishga majbur bo‘lgan. To‘rt yil kurashdan so‘ng u raqiblaridan qutulgan. U ularni o‘ldirgani haqida isbotlarimiz yo‘q, lekin keyinchalik faqat bitta ukasi tilga olinadi. Ashoka bir o‘zi yana sakkiz yil hukmronlik qiladi va otasining bosqinchilik an’anasini davom ettiradi. So‘ng mil. avv. 260 -yilda u qo‘shinlarini janubga, qarshilik ko‘rsatayotgan Kalingani bosib olish maqsadida olib boradi.
«Ashoka farmoni» — jang natijalari haqida ma’lumotga ega yozuv – uning Kalinga aholisiga nisbatan shafqatsizligini namoyish etadi: «Yuz ellik ming kishi boshqa joyga ko‘chirib yuborildi, - deyiladi yozuvda, - yuz mingi o‘ldirildi, va yanada ko‘pi o‘lgan». Aftidan, bunday dahshatli shafqatsizlik Ashoka ko‘nglini qiynagan va unga katta ta’sir ko‘rsatgan. «So‘ng, - davom etadi yozuv matni, — meni vijdon azobi qiynadi. Qon to‘kish, o‘lim va odamlarni ko‘chirib yuborish – juda g‘amgin hodisalar... va yurakka og‘ir botadi».
Shu ondan boshlab uning davlatni boshqarish tarzi o‘zgaradi va siyosatdan yiroqlikni namoyish etadi. Aftidan, endi Ashoka o‘z vaqtini ma’muriy ishlarga sarf qilmasdan, dxamma (bu konsepsiyaga ta’rif berish juda murakkab va Yo‘l, Adolat, Burch va Ezgu ish tushunchalarini o‘z ichiga oladi) bilan shug‘ullanadi. «Men dxammaga juda halol amal qildim va uni o‘rgandim», — deyilgan «Kalinga yozuvi»da, bir ozdan so‘ng esa yuqorida qayd etilgan «Farmonda»: «Mening bo‘lg‘usi nevaralarim o‘g‘illari yangi istilolarni hatto xayollariga keltirishlarining keragi yo‘q... ularni dxamma keltiradigan quvonch to‘ldirishi kerak, chunki bu u dunyoning ham, bu dunyoning ham qadriyatidir». Kalinganing istilosidan so‘ng Ashokaning eng yirik yutug‘i diniy va siyosiy sohalarda kiritgan o‘zgartirishlar bo‘ldi. U dxamma tamoyillarini qayta tasdiqlash maqsadida buddaviylik yig‘ilishi chaqirig‘ini tashkil qildi; Pataliputra shahrida taxminan mil. avv. 245- yilda o‘tkazilgan Uchinchi Buddaviylik yig‘ilishi Palikanon kitoblaridan birining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Yig‘ilishning
oxirida Ashokaning o‘g‘li Maxendra janubiy sohil yaqinida joylashgan katta hind oroliga (hozirgi Seylon) din targ‘ibotchisi (missioner) sifatida jo‘natilgan. Boshqa targ‘ibotchilar Ashokaning yordami bilan hattoki Yunonistonga ham jo‘natilgan.
Ashoka podsholikni ushlab (birlashtirib) turish uchun kuchdan farq qiluvchi yangi birlashish tamoyilini topishga harakat qildi. Saltanatni barpo etishda Hindistonda qadimgi ko‘chmanchilik davridan beri sarqit sifatida mavjud bo‘lib kelgan klanlar (urug‘-aymoqlar, guruhlar) tizimini buzish mashaqqatli ish edi. Urug‘-aymoqlar, guruhlarga sodiqlik mamlakatni kichik siyosiy birlashmalarga bo‘lib tashlashga harakat qilgan, ularning har biri yaqin qo‘shnilari bilan do‘stlashish haqida kelishgan yoki ularga nafrat tuyg‘usini o‘stirgan. Mauryalar istilolari mamlakatni xunrezlik yordamida vaqtincha birlashtirdi – lekin endi Ashoka zo‘ravonlik tamoyilidan yiroqlashdi.
Lekin uning ushbu rejasi ham barbod bo‘ldi. Mil. avv. 231- yilda Ashoka vafotidan so‘ng Mauryalar saltanati Aleksandr saltanati singari tez orada parchalanib ketdi. Farmonlar harakati to‘xtadi, hech qanday qonunlar ular o‘rnini bosmadi, va keyingi o‘n yilliklarda Hindistonni zulmat qopladi. Ushbu zulmat ostida Ashoka o‘g‘illari va nevaralari saltanatda hukmronligini yo‘qotdi, va bu hol yana kichik hududlar uchun kurashda aks etdi.
O‘n to‘rt “katta qoya” Ashoka farmonlaridan iborat matn mahalliy so‘zlashuv tillariga tarjima qilingan. Mazkur bitik keng saltanat chegaralari bo‘ylab qoyalarga o‘yib yozilgan edi, bu tufayli davlat chegaralari qaerdan o‘tganini aniqlash mumkin. Maurya davlati mil. avv. III asrning o‘rtalarida shimolda Himolay tog‘laridan Hindistonning uzoq janubida hozirgi vaqtda joylashgan Tamilnad shtati chegaralarigacha, sharqda Gang etagidan to g‘arbda hozirgi davr Afg‘onistonning Qandahor shahrigacha yoyilgan edi. Uning tarkibiga Janubiy Osiyoning deyarli butun hududi kirgan edi.
Har besh yilda davlat poytaxti Pataliputradan hamda eng yirik hududiy markazlardan podsho vakillari shaharlar, qal’alar va hatto juda kichik joylarni aylanib chiqishga jo‘nab ketar edilar. Ular nog‘ora chaldirib, xalqni yig‘ardilar va “podsho farmonlarini” e’lon qilishni buyurardi. O‘zini-o‘zi boshqarish mahalliy
organlari podsho farmonlarining toshda aks ettirilishining tashvishini qilishi, kalendar bo‘yicha o‘tkaziladigan bayramlarda esa jamoat oldida qayta-qayta e’lon qilishini ta’minlashi kerak bo‘lgan.
Farmonlarning asosiy mazmunini dxarma – buddaviylik ta’limotiga yaqin bo‘lgan diniy-axloqiy pand-nasihatlar – tashkil qilgan. Podsho o‘z farmonlarida diniy burch (vazifa) nimadan iboratligini tushuntirgan. Bu, avvalo, o‘zini tutishning (xulqning) umuminsoniy me’yorlari: kattalarni hurmat qilish, yaqinlarga do‘stona munosabatda bo‘lish, yetim va faqirlarga, qullar va yollanma ishchilarga marhamatli bo‘lishni anglatgan. Dxarma me’yorlariga rioya qilgan insonga uning kelib chiqishi, tabaqa-kastaga mansubligi va boyligidan qat’iy nazar jannat huzur- halovatiga erishishi va’da qilinar edi.
Buddaviylik rivoyatlariga ko‘ra, Ashoka Maurya Buddaning dindor (e’tiqodli) izdoshi bo‘lgan va faqat Budda ta’limotini tarqatish hamda buddaviylik sangxasiga yordam ko‘rsatish to‘g‘risida o‘ylagan. Ushbu rivoyatlarda haqiqat urug‘i bor. Aynan Ashoka davrida Hindistonda minoralar – ko‘pincha ichida Budda tishi yoki sochi kabi yodgorligi bo‘lgan qo‘rg‘onsimon inshootlar keng qurila boshlangan. Minoralar – buddaviylikning ibodat bilan bog‘liq bo‘lgan inshootlari - koinotda buddaviylik e’tiqodining tarqalishi va unda hukmronlik qilishining ramziy ishorasi bo‘lib xizmat qiladi. Ashoka davrida buddaviylik qit’aga tegishli Hindiston chegaralaridan tashqarisiga chiqadi: Pataliputradan yuborilgan vakillar Lanka hukmdorini buddaviylikka o‘tishining uddasidan chiqadi, va o‘shandan buyon, ya’ni ikki ming yildan ortiq orolda (hozirgi SHri- Lanka) ushbu din hukmronlik qiladi.
Biroz vaqt o‘tgandan so‘ng Lankada buddaviylikning muqaddas kitoblari to‘plami yozib olingan. Ushbu to‘plam Tripitaka (asl ma’nosi – “uch savat”) deb nomlanadi, chunki palma yaproqlariga yozilgan matnlar dastalari bir vaqtlar katta savatlarda saqlangan.
Vedalar-braxmanlar dini o‘zgalar va xabardor bo‘lmaganlar uchun yopiq bo‘lgan, buddaviylik esa, aksincha, ta’limotning imkon qadar keng tarqalishiga intilgan.
Biroq saltanat juda omonat edi: uning tarkibiy qismlari juda xilma-xil edi. Mil. avv. II asrning boshidayoq Maurya sulolasi halokatga uchraydi. Uning vorislari Mauryalardan avval birlashtirilgan Gang vodiysi hududlarini ushlab qoladilar. Janubiy viloyatlar (Dekan deb ataluvchi), shimoldan ijtimoiy-siyosiy va madaniy rivojlanishga qudratli turtki olib, mahalliy sulolalar bilan birgalikda bir nechta davlat tashkil qilib, mustaqil rivojlanishga intilgan.
Shimoli-g‘arbiy Hindistonning (Hind daryosi havzasi) tarixiy taqdiri ayniqsa chalkash edi. Mil. avv. III asrning o‘rtalaridayoq, Salavkiylar saltanatining parchalanib ketishidan so‘ng, Hindiston chegaralari yaqinida Yunon-Baqtriya podsholigi tashkil topadi. Baqtriyaning yunonlik hukmdorlari mil. avv. II asrning boshlaridayoq Mauryalar va vorislarining kuchsizlanishidan foydalanib sharqqa yurishlar uyushtiradilar. Hindistonning shimoli-g‘arbida yunonlik harbiy boshliqlar boshqargan katta bo‘lmagan podsholiklar paydo bo‘ladi.
O‘zida ellinistik, eroniy va hind elementlarni birlashtirgan, aralash madaniyat vujudga keladi. Hind o‘lkasida yunonliklar o‘zlarining xudolari va faylasuflariga bag‘ishlab marmardan yasalgan haykallar o‘rnatgan shaharlar qura boshlaydi. Hindlar esa Buddani Delfalik Appolonga o‘xshagan go‘zal yigit ko‘rinishida tasvirlaydilar (dastlab Budda tasviri o‘rniga biron ramzdan foydalanilgan, masalan, she’r, tagida aqlning ravshanlanishi, yorishishiga erishgan daraxt, taxt yoki quyosh ramzi – svastika tasvirlangan oyoq kaftining izi). Mauryalar davridagi sodda tangalar – noto‘g‘ri shakldagi, metall sifatini tasdiqlovchi tamg‘ali kumush bo‘laklari o‘rniga, yunon ustalarining mahorat bilan qilingan, podsholar, xudolar va ham yunon, ham mahalliy hind tillarida yozuvlar bilan bezalgan buyumlar tasvirlari paydo bo‘ladi.
Mil. avv. 231- yilga kelib Ashoka vafotidan so‘ng Maurya davlati tez orada parchalanib ketadi. Ashokaning o‘g‘illari va nevaralari saltanatda hukmronlikni yo‘qotadi. Ichki urushlar davlatni kuchsizlantirdi oqibatda tashqi dushmanlar bundan foydalanib qoladi. Mil. avv. III asrning o‘rtalaridayoq, Salavkiylar saltanatining parchalanib ketishidan so‘ng, Hindiston chegaralari yaqinida Yunon- Baqtriya podsholigi tashkil topadi. Baqtriyaning yunon hukmdorlari (Demetriy,
Antimax va boshqalar) mil. avv. II asrning boshlaridayoq Hindistonni kuchsizlanishidan foydalanib, harbiy yurishlar uyushtiradilar. Mil. avv. II asrning 40-30 yillarida Yunon-Baqtriya davlati kuchsizlanadi va shimoli-sharqdan ko‘chmanchi “katta yue-chji“ qabilalari kirib keladi. Yunon-Baqtriya yerlari boqichma-bosqich zabt etiladi. Hindistonning shimoli-g‘arbida esa yunon- baqtriyalik lashkarboshilar boshqargan kichik podsholiklar bor edi. Tarixda ularni Yunon-hind davlatlari deb ataydilar. Keyinchalik, milodiy I asrda, Yunon-hind davlatlari yaqinida Hind-sak davlatlari paydo bo‘la boshlaydi. Hind-Parfiya podsholari orasida eng ko‘zga ko‘ringani Gondofar bo‘lib, uning davlati shimoliy Hindistonning katta qismini o‘z ichiga olgan edi. Shunday bo‘lsada bu davlat uzoq yashamadi, tez orada uning o‘rnini yangi imperiya egalladi.