Modulli o‘qitish. Kredit-modul tizimining amaldagi ta'lim
tizimidan farq qiluvchi jihatlaridan yana biri shundaki, bunda fanlar
modulli asosda tashkil qilinadi va o‘qitiladi. Ya'ni har bir modul (fan va
uning bo‘limi) kirish nazorati, nazariy materiallar, amaliy va
laboratoriya ishlari materiallari, mustaqil ish topshiriqlari, keyslar,
nazorat materiallari, testlar, tarqatma materiallar, glossariy, adabiyotlar,
chiqish nazoratlari va h.k. qismlardan tashkil topgan bo‘ladi.
Talabaning shaxsiy traektoriyasi. Kredit-modul tizimida
talabalarni
hayotda
mustaqil
bo‘lishga
ko‘niktirish
amaliyoti
qo‘llaniladi. Ya'ni, talabaga o‘z shaxsiy traektoriyasini tuzish va har
semestrda boshqa akademik guruhda o‘qish imkoni beriladi.
Shuningdek, talabalarni tabaqalab o‘qitishga jiddiy e'tibor qaratiladi,
bunda ilg‘or talabalarni alohida o‘qitish orqali ta'lim samarasi oshirish,
ularning akademik yutuqlariga zamin yaratish mumkin.
Yozgi semestr va ekstern imtihonlar. Sust o‘qiydigan
talabalarning fanlarni qayta-qayta topshirishlariga chek qo‘yiladi. Fanni
birinchi qayta topshirishdan o‘ta olmagan talabaga yozgi semestrda
fanni qayta o‘qishga imkon beriladi.
Ilg‘or talabalarga esa semestr boshida ekstern imtihon topshirish orqali
kreditlarni oldindan olish imkoni ham taqdim etilishi mumkin.
Baholash tizimining shaffofligi. Amaldagi ta'lim tizimida
haligacha “o‘qituvchining o‘zi o‘qitib - o‘zi baholash” amaliyotini
kuzatish mumkin.
Kredit-modul tizimida esa o‘qituvchi asosan o‘qitish bilan
shug‘ullanadi. Baholashni esa komissiya amalga oshiradi. Ya'ni,
pedagoglar “lektor” va “tyutor” larga ajratiladi. Lektor – nazariy bilim
beradi, tyutor – nazariy bilimlar asosida talabalarning amaliy
ko‘nikmalarini shakllantiradi, oddiy qilib aytganda talabalarni
imtihonga tayyorlaydi. Imtihonni esa komissiya qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5-iyundagi PQ-
3775-sonli Qarorida muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy
nazorat jarayonlaridagi ishtiroki istisno etildi va talabaning o‘zlashtirish
darajasi – professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni
etib belgilandi. Ya'ni, endilikda “o‘qituvchining o‘zi o‘qitib - o‘zi
baholash” usuli kun tartibidan olib tashlandi.